iPhone 8 Plus’da yana bir muammo chiqdi!

  •   DiMaX
  •  3316
  •  30.09.2017 16:48

iPhone 8 Plus’da yana bir muammo chiqdi!

Yangi iPhone 8 Plus smartfonida yana bitta «ishkal» chiqdi – gadjetning ekrani korpusdan ajralib qoldi. Hozirda Apple korporatsiyasi bu muammoni o‘rganib chiqmoqda, deb yozadi Washington Post.

Mazkur muammo haqida Magokoro0511 nikli foydalanuvchi o‘zining Twitter-akkauntida xabar bergan.

U tarmoqqa joylagan fotosuratlardan ko‘rinib turibdiki, iPhone 8 Plus’ning hali qutisini yangi ochgan paytidayoq uning old qismi asosiy tanasidan sal ajralgan ekan. Magokoro0511’ning ta’kidlashicha, ertasi kunigacha ekran yanada ko‘proq ajralib qolgan.

Xuddi shunday holat yana bir xaridor – Tayvanlik ayolda ham uchragan. U o‘zining iPhone 8 Plus’ini quvvatlashga qo‘yganidan so‘ng ekrani ajralib qolgan.

Dastlabki taxminlarga ko‘ra, bu ikkala holatda ham shikastga batareyaning shishgani sabab bo‘lishi mumkin. Apple vakillari esa, mazkur muammodan xabardor ekanliklarini, uni hal etish ustida ishlayotganlarini aytishgan.

Eslatib o‘tamiz, Apple Watch Series 3 smart-soatlarida yuzaga kelgan nuqson sababli kupertinolik gigant rasman bayonot berib, aybini tan olgan edi. Shuningdek, iPhone 8 hamda 8 Plus egalari ham telefonda gaplashish chog‘ida dinamikdan jonga teguvchi shovqin chiqayotganidan nolishgan va mazkur nuqson dasturiy ta’minot bilan bog‘liqligiga ham Apple iqror bo‘lgan. «Yubiley ayfoni»dagi xatoni – Face ID adashishi mumkinligini ham Apple rasman tan olgan edi. Bulardan tashqari, yana bir foydalanuvchining iPhone 8 Plus qurilmasi quvvat olish paytida portlab ketganidan ham xabaringiz bor.

Darvoqe, iPhone 8 hamda 8 Plus smartfonlari poytaxtimizdagi «Malika» savdo majmuasi do‘konlarida so‘mga sotilmoqda.