iPhone 8 va iPhone 8 Plus: Jahonning birinchi raqamli smartfonlari

iPhone 8 va iPhone 8 Plus: Jahonning birinchi raqamli smartfonlari

Yangi iPhone flagmanining taqdim qilinishi Apple ishqibozlari uchun doimo bayram bo‘lib kelgan. Xususan, Apple nimaiki taqdim qilgan bo‘lmasin, uning yangi devayslari doimo diqqat markazida bo‘lib keladi, muhokama qilinadi va biror innovatsion jihati bo‘ladi.

2017 yilning 12 sentyabrida smartfon olamining "tosh-tarozisi" bo‘lmish Apple korporatsiyasi "Stiv Jobs teatri"da yubiley ayfoni bilan birga, iPhone 8 va iPhone 8 Plus flagmanlarini ham taqdim qildi.

Ko‘pchilik iPhone 8 borasida ham bahsli munozarani yaxshi biladi: nega u shu nom bilan ataldi hamda nega uni "7S" deb nomlashmadi. Bundan tashqari ekspert va foydalanuvchilar o‘rtasida bir savol yuzaga keldi: avvalgi yilgi modellardan unchalik farq qilmaydigan iPhone 8 modeli o‘zi nega kerak edi? Ayniqsa, iPhone X – tubdan o‘zgargan dizayndagi flagman taqdim qilingandan keyin kim ham eskicha ko‘rinishdagi iPhone 8 modelini xarid qilar eid.

«Xo‘sh, nima olsam ekan, iPhone 8 olsammikan yoki bir-ikki oydan keyin chiqadigan iPhone X flagmanini kutsammikan?» Bu savolni ko‘p eshitdik. Bu savolga javob berishning o‘zi bir mahorat :)

Ko‘pchilik iPhone X flagmanini kutdi va uni xarid qildi. Biroq «sakkizlar» bilan tanishar ekanmiz, ularni kashf qila boshladik hamda xarid qilish uchun bir qator sabablarni topdik. 

Ehtimol, iPhone SE modelining muvaffaqiyatini yaxshi eslay olarsiz? Garchi uning dizayni avvalgi modellarni eslatgan bo‘lsa ham, yangi kamera hamda yangi protsessorga ega bo‘lgan bu jajji smartfon tez orada tillarga tushgan va yaxshi sotilgan edi. Hozir ham uning savdosi yomon emas.

Bugun siz o‘rganishga kirishgan iPhone 8 modelini ishlab chiqarishdan ko‘zlangan maqsad ham xuddi shunday – smartfon form-faktori o‘zgarmagan va ko‘pchilik bunday shaklga o‘rganib ham qolgan. Kuchli protsessor o‘rnatilgan bo‘lsa ham, narx avvalgiday qolgan. Bu ko‘pchilikni xursand qiladi, albatta.

Umuman olganda, iPhone 8 baribir iPhone X soyasida qoldi. 2017 yilning oxirlarida kuchli flagmanga nisbatan tanqislik yuzaga kelganida esa, iPhone 8 hamda 8 Plus modellari yaxshi sotildi.

Dizayn, ergonomika va dasturiy ta’minot

iPhone 8 modellarida avvalgi dizayn saqlanib qolgan – old panel ko‘rinishidan iPhone 7 modelini eslatib turadi. iPhone 8 hamda iPhone 8 Plus modellaridagi bosh o‘zgarish sifatida orqa panel yuzasining shishadan ishlangani bo‘ldi. So‘nggi marta kompaniya tariida iPhone 4/4S modellarida shunday jihatga ega bo‘lishgan. Beshinchi avlod ayfonlaridan boshlab esa kompaniya smartfonlarida metall korpusdan foydalanilgan. Faqat iPhone 5C bundan mustasno.

Ikkala flagmanlarning ham old va orqa korpusi maxsus -- 7 qavatli o‘ta pishiq shishadan tayyorlangani e’lon qilindi. Orqa panelning shisha xomashyosidan tayyorlanganini kompaniya ayfonlarda simsiz quvvatlash texnologiyasini tatbiq qilayotganini anglatadi – metall panelda buning iloji yo‘q. Yoki Apple buni uddalay olmagan.

Korpus atrofi bo‘ylab tortilgan rom-sinch alyuminiydan tayyorlangan. Darvoqe, smartfon uch rangli korpusda ishlab chiqarilmoqda – tilla, kumush hamda «samoviy kulrang». Oxirgi talqinni qora rangli deyish mumkin. Ko‘pchilikning fikricha, aynan ana shu talqin yaxshi sotilmoqda. Biroq oq yoki tilla rang korpusning orqasidagi shisha panellar barmoq iziga u qadar o‘ch emasligi ham diqqatga sazovor. Smartfon dog‘larga qarshi oleofob plyonka bilan qoplangan bo‘lsa ham, qoramtir korpusda barmoq izi yaqqol seziladi.

Korpusdagi boshqaruv elementlarining o‘rnashuvi ham o‘zgarishsiz qolgan. Yuqori qism bo‘m-bo‘sh va quyi qismda Lightning porti, uning yonida dinamik hamda mikrofon mavjud. Oxirgi marta iPhone 6 va 6S modellarining quyisidan joy olgan mini-jek aydio quloqchin tuynugi yangi modellarda yana yo‘q. Aftidan, Apple o‘z qaroridan qaytmaydi.

O‘qing: Quvvati uzoqqa yetadigan smartfonlar (19 may), ularning yurtimizdagi narxlari

Korpusning chap qismida ikkita boshqaruv tugmasi bor, ular yordamida ovozni boshqarish hamda smartfonni tezkor ovozsiz tizimga o‘tkazish mumkin.

Korpus o‘ng tomonida esa o‘chirib-yoqish tugmasi hamda SIM-karta uchun bo‘lmacha bor. Bu yerda bitta bo‘lmacha bor va qo‘shimcha xotira uchun bo‘lmacha ko‘zda tutilmagan. Bu borada ham Apple avvalgi tamoyillarida sodiq qolgan.

Barmoq izi skaneri ham avvalgi kabi ekran ostidagi markaziy tugmada joylashtirilgan. Uning ishlashi iPhone 7 modelidagi skaner bilan bir xil. Ularning tezkorligi hamda aniqligi ham bir xil.

Chang hamda suv tomchilaridan himoya iPhone 7/7 Plus modellaridagi kabi – IP67 standarti. Ya’ni, smartfon bir metrgacha bo‘lgan chuqurlikdagi suv ostida yarim soat bemalol "jon saqlaydi".

Korpus pishiqligini tekshirish o‘tkazilgan krash-testlar natijasiga ko‘ra, shisha panel metallga qaraganda ancha mo‘rt va tez sinuvchan bo‘ladi. Shu bois, albatta bamper yoki g‘ilof olishni maslahat beramiz. Aytmoqchi, iPhone 7 hamda iPhone 7 Plus modellari uchun mo‘ljallangan g‘iloflar ham bu modellarga mos keladi.

O‘lchamlari

Apple iPhone 8: 138.43x67.31x7.37 mm;

Apple iPhone 8 Plus: 158.50x77.98x7.62 mm.

Vazni
Apple iPhone 8: 148 gramm;
Apple iPhone 8 Plus: 202 gramm.

Platforma

Yangi ayfon samaradorlikda barcha smartfonlarni ortda qoldiradi. Boisi, iPhone 8'dagi "yurakcha" – yangi A11 Bionic protsessoridir. Aynan shu protsessor Apple iPhone X modeliga ham o‘rnatilgan. iPhone 8 2 Gb, iPhone 8 Plus 3 Gb tezkor xotiraga ega.

64 bit va 6 yadroli protsessor avvalgi -- iPhone 7 va iPhone 7 Plus ega bo‘lgan Apple A10 Fusion chipidan 25 % samarali ishlaydi. Talqinidan kelib chiqib, smartfonlar 64 yoki 256 gigabaytli doimiy xotiralarga ega bo‘lgan. 

Sarlavhada bekorga mazkur gadjetlarni jahonning eng kuchli smartfonlari deb aytmadik. Quyida bu devayslarning turli benchmarklarda to‘plagan ballari bilan tanishing.

AnTuTu:

Apple iPhone 8 - 202920 ball;

Apple iPhone 8 Plus - 193297 ball.

GeekBench:

Apple iPhone 8 - 10250;

Apple iPhone 8 Plus - 10391.

 Hozircha hali biror smartfon amalda bundan yuqori ball to‘plagan emas.

 

Operatsion tizim

Apple yangi ayfonlarda tatbiq qilgan iOS 11 ko‘pchilik uchun muhim o‘ziga xoslik. Continuity, ya’ni o‘zaro bog‘liqlik funksiyasi ham Apple'ga xos. Misol uchun, iCloud xizmati allaqachon Apple ID qurilmalari uchun yagona ro‘yxatdan o‘tish bazasiga aylangan. Qolaversa, Apple foydalanuvchilari ma’lumotlarini bulutli saqlash omborxonalarida saqlab, ularni xohlagan vaqtlarida brendning boshqa qurilmalarida ham ochib foydalanishlari mumkin.

iOS'ga xos betakror jihatlardan biri — sms-xatlarni iMessage protokoli orqali yuborish imkoniyati. Bu foydalanuvchi uchun oddiy sms-xabar yuborishga o‘xshab ko‘rinishi mumkin, biroq gap shundaki, bu sms-xabarlar aloqa operatorlari emas, internet-kanallar orqali manziliga yetib boradi.

Ayfon operatsion tizimining yangilanishidan so‘ng gadjetda qo‘ng‘iroqlarni avtomatik ravishda qabul qilish funksiyasi paydo bo‘ladi.

Umuman olganda, iOS 11 turli-tuman funksiyalari bilan xursand qiladi.

Displey hamda ovoz

3Gs modelidan boshlab, barcha iPhone sifatli va yorqin displey bilan ta’minlangan. Uzoq kutilgan AMOLED matritsadan faqatgina iPhone X modelida foydalanilgan. «Sakkizlar» esa IPS-displey bilan ta’minlangan.

iPhone 8 – 4,7 dyuymli quyuq kristalli, 1334 × 750 pikselli displey (har dyuymda 326 ta belgi), iPhone 8 Plus – 5,5 dyuymli, Full HD (1920 × 1080, har dyuymda 401 ta belgi) quyuq kristalli displeyga ega bo‘lgan. 

Displey ham tanishdek: yangi iPad Pro kabi True Tone texnologiyasi tasvirni tashqi ko‘rinish asosida aks ettiradi. Misol uchun, ko‘chada tasvir yorqin tus olsa, ichkarida nisbatan "iliq" ranglarda tasvirlanadi.

Yangi iPhone 8 va iPhone 8 Plus displeyi boshqa hech nimasi bilan avvalgilaridan farq qilmaydi.

iPhone 8 Plus modelida maksimal yorqinlik hamda ekran kontrasti iPhone 8 modelinikidan yuqori. Bir qarashda bu farqni sezish qiyin. Har ikkala smartfon quyosh nuri ostida ham aniq tasvir namoyish qilishi bilan o‘ziga xos. Rang va tasvir borasida bu ayfonlarda biror kamchilik yo‘q: rangning uzatilishi tabiiy va ko‘ngildagidek.

Ovoz sifati masalasida dinamiklarning ishlashi har ikkala iPhone 8 modellarida "ajdodlari"ga nisbatan bir oz baland. Ovoz imkoniyatlari borasida yagona shikoyat sifatida an’anaviy audio quloqchin tuynugining yo‘qligini aytish mumkin. Biroq, qadoqdagi perexodnik orqali Lightning porti mini-jek vazifasini bajaradi.

Kamera

iPhone 8 flagmani orqa panelida yap-yangi 12 megapikselli va bitta sensorli kamera o‘rnatilgan. Bu kamera yuqori sifatli tasvir olishni va’da bermoqda.

Kameralar tasvirni optik barqarorlashtiradi. Uning piksel sig‘imi iPhone 8 Plus'niki bilan bir xil – 12 Mp. Har ikkala kameralarda yangi yorug‘lik linzalari o‘rnatilgan bo‘lib, uning diafragmasi f/1.8 va f/2.8.

Qo‘sh kamerali iPhone 8 Plus'da yangi funksiya mavjud – Portrait Light. Bunda kamera yorug‘lik darajasini aniqlashtirib, kerakli yorug‘likni mustaqil ravishda qo‘shadi. "Portretli ostki-yoritish" rejimi suratlarni "studiya-sifati"da muhrlash imkonini beradi. 

Shuningdek, kamera sekundiga 60 kadrli 4K sig‘imli yoki sekundiga 240 kadrli 1080p (Full HD) video yozadi.

Kameraga alohida "qo‘shimcha voqelik" rejimi o‘rnatilgan. Uning yordamida dasturchilar tomonidan yaratilgan ilovalar orqali real voqelik texnologiyasiga asoslangan o‘yinlarni o‘ynash yoki ilovalardan foydalanish mumkin. Misol uchun, 3 o‘lchamli interaktiv ilovalardan.

Old kamera uchun Apple iPhone 8 ham, Apple iPhone 8 Plus ham 7 megapikselli sensor bilan ta’minlangan.

Batareya

Apple iPhone 8 modelining “quvvat toshi” 2150 mA soat tok sig‘imiga ega. Bu quvvat bilan  14 soat suhbat qurish yoki 40 soat audio tinglash yoki 12 soat davomida internetdan foydalanish yoki 13 soat video ko‘rish mumkin bo‘ladi.

Apple iPhone 8 Plus esa 2700 mA soat tok sig‘imli “quvvat toshi”ga ega bo‘lgan. Bu quvvat 21 soatlik suhbat, 60 soatlik audio tinglash, 13 soat internetdan foydalanish va 14 soat video ko‘rish uchun yetarli.

Boshqa o‘ziga xosliklar

iPhone 8 va iPhone 8 Plus video-kartasi real voqelik grafiklarini qayta ishlaydi va atrofimizdagi virtual buyumlarni ko‘rishga xizmat qiladi. Uning yordamida virtual sayohatlar qilish va bevosita virtual ob’yektlar bilan aloqaga kirishish mumkin. 

iPhone 8 smartfonlarida Bluetooth 5.0 simsiz aloqa standarti va simsiz quvvat olish texnologiyasi tatbiq qilingan. Apple smartfonlari ilk marotaba maxsus dok-stansiyada simsiz quvvat olish standartiga ega bo‘ldi. Smartfonlar aloqaning LTE Advanced va LTE 5.0 tarmoqlarida ishlaydi.

Narx-navo

Smartfon 2 talqinda sotuvga chiqariladi -- 64 Gb va 256 Gb doimiy xotira bilan. Ularning tezkor xotira sig‘imi 2/3 Gb. Smartfonlar kumush, tilla rang va "samoviy kul rang"li korpuslarda ishlab chiqariladi.

AQShda iPhone 8 $700, Plus modelining eng arzoni $799 dollardan sotuvga chiqariladi.

O‘zbekistonda Apple iPhone 8 (64GB kul rang)  5,769,000 so‘mdan, shuningdek iPhone 8+ (64 GB, grey, silver, gold) modeli esa 6,889,000 so‘mdan sotilmoqda.

O‘qing: Toshkentda iPhone narxlari (2018 yil 19 may)

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

Terashop.uz UZS 5 850 000.00 Sotib olish
Terashop.uz UZS 5 015 000.00 Sotib olish
Terashop.uz UZS 6 586 000.00 Sotib olish
Terashop.uz UZS 6 586 000.00 Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!