iPhone 8 va iPhone 8 Plus uchun oldindan buyurtma berish boshlandi

  •   DiMaX
  •  2108
  •  15.09.2017 16:16

iPhone 8 va iPhone 8 Plus uchun oldindan buyurtma berish boshlandi

Apple kompaniyasi o‘zining yangi avlod smartfonlari uchun ayrim mamlakatlarda avvaldan buyurtmalarni qabul qila boshladi, deb yozadi Ferra.ru.

Joriy yilning 12 sentyabrida taqdim etilgan iPhone 8 hamda 8 Plus modellari, bundan oldingi iPhone 7 va 7 Plus bilan solishtirganda, aytarli farq qilmaydi. Har holda, «yubiley ayfoni» – iPhone X ham taqqoslanganda, sakkizinchi avlod smartfonlarining o‘z «ajdod»idan ajralib turuvchi jihatlari kam ekani yaqqol ravshan bo‘ladi. iPhone X flagmani uchun oldindan buyurtmalar esa keyinroq – 27 oktyabrdan qabul qilina boshlaydi, uni yetkazib berishga esa 3 noyabrdan kirishiladi.

iPhone 8 va iPhone 8 Plus korpus rangiga ko‘ra kumush, samoviy-kul rang, tilla rangli talqinlarda taqdim etiladi. Xotirasi hajmiga kelsak, uning ichki xotirasi 64 va 256 gigabaytlik versiyalarda ishlab chiqariladi.

Ayni bugungi kundan – 15 sentyabrdan sakkizinchi avlod iPhone’lar uchun Avstraliya, Avstriya, Belgiya, Kanada, Xitoy, Daniya, Finlyandiya, Fransiya, Germaniya, Gonkong, Irlandiya, Italiya, Yaponiya, Lyuksemburg, Meksika, Niderlandiya, Yangi Zelandiya, Norvegiya, Portugaliya, Puerto-Riko, Singapur, Ispaniya, Shvetsiya, Shveysariya, Tayvan, BAA, Buyuk Britaniya, AQSh va Virgin orollarida oldindan buyurtma berish mumkin. Sotuvlar esa 23 sentyabr – keyingi juma kuni boshlanadi.

Eng muhimi – narxlar masalasiga kelsak, 64 gigabayt xotiraga ega bo‘lgan iPhone 8 va iPhone 8 Plus bahosi tegishlicha $699 hamda $799 dan boshlanadi. Doimiy xotirasi 256 gigabaytga teng bo‘lgan sakkizinchi avlod ayfonlar uchun esa tegishlicha $849 va $949 dan boshlanuvchi to‘lovlar talab etiladi.

Rossiyada bu ikki model smartfonlari savdolari 29 sentyabrda start oladi. 64 gigabaytlik iPhone 8 narxi 56 990 rubl, 256 gigabaytligi esa – 68 990 rubldan boshlanadi. iPhone 8 Plus’ning ichki xotirasi 64 hamda 256 GB bo‘lgan talqinlari tegishlicha 64 990 va 76 990 rubldan boshlangan narxlarda sotiladi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.