iPhone’da keraksiz qo‘ng‘iroq va SMS’larni qanday boshqarish mumkin?

iPhone’da keraksiz qo‘ng‘iroq va SMS’larni qanday boshqarish mumkin?

Ehtimol, vaziyat taqozosi bilan siz hech bo‘lmaganda bir marotaba u yoki bu abonent nomerini blokirovka qilib qo‘yishga majbur bo‘lgandirsiz. Bu hadeb adashib qo‘ng‘iroq qiladigan biror foydalanuvchi, chegirmalaridan xabardor qilishni istagan do‘kon, tinmay xabar yuboradigan biror tanishingiz yoki sizga “gap otish” istagida bo‘lgan kimdir bo‘lishi mumkin. Bunday holatlar deyarli har kuni uchrashi mumkin va bu vaziyatda eng yaxshi yechim – shu raqamni blokirovka qilish. Buni qanday amalga oshirish mumkin? Bu juda oddiy.

Kompaniya keraksiz qo‘ng‘iroq yoki xabarlarning oldini olishda 3 ta muhim yechimni taklif qiladi – telefon orqali, FaceTime dasturi hamda SMS-xabar orqali.

Telefon orqali

iPhone’ingizdagi kontaktlar ro‘yxatini oching. Asabingizni egovlayotgan abonentni belgilang va sahifani yuqoriga surib, eng quyida turgan “Abonentni blokirovka qilish” buyrug‘ini tanlang.

Agar sizni bezovta qilayotgan raqam kontaklar ro‘yxatiga kiritilmagan bo‘lsa, yaqindagi qo‘ng‘iroqlar orasidan o‘sha abonent raqamini toping va raqamning o‘ng tomonidag “i” belgisini tanlang. Keyin sizga bir nechta buyruqlarni tanlash menyusi taqdim etiladi va siz “Abonentni blokirovka qilish” buyrug‘ini tanlang.

Blokirovka qilingan abonentlarni alohida ro‘yxat sifatida ham ko‘rish mumkin. Bu ro‘yxatni esa “Sozlamalar-> Telefon –> Blokirovka qilinganlar” algoritmi orqali topasiz. Xuddi shu yerdan o‘zini yaxshi tutayotgan muayyan abonentni blokirovkadan chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lasiz. Buning uchun barmoqni abonent raqamidan o‘ngdan chapga tomonga surasiz va “Blokirovkadan chiqarish” amalini tanlaysiz.

Blokirovka ro‘yxatiga tushgan abonentlar endi qo‘ng‘iroq va xabarlari bilan sizni bezovta qilmaydilar. Ular endi qo‘ng‘iroq chog‘ida avvaliga uzun so‘ng qisqa gudok eshitishadi va bu qo‘ng‘iroq sizga sezilmaydi ham.

FaceTime orqali

FaceTime dasturiga kirib keraksiz telefon raqami yoki abonent raqami yonidagi “i” ma’lumot belgisini tanlang va sahifa quyisidagi “blokirovka qilish”ni tanlang.

SMS-xabar orqali

«SMS-xabar»ga kirib, sizga yuborilgan xabarni tanlang va “Batafsil” bo‘limiga kirib “i” ma’lumot belgisini tanlang va ekranni yuqoriga surib, “Abonentni blokirovka qilish” buyrug‘ini tanlang.

Blokirovka qilingan telefon nomer va kontaktlarni boshqarish algoritmlari:  

Telefon: “Sozlamalar” (Nastroyki) menyusi > “Telefon” > “Blokirovka qilinganlar” (Zablokirovannie).

FaceTime: “Sozlamalar” (Nastroyki) menyusi > FaceTime > “Blokirovka qilinganlar” (Zablokirovannie).

SMS-xabar: “Sozlamalar” > “SMS-xabar” > “Blokirovka qilinganlar”.

iMessage orqali xabarlarni filtrlash:  “Sozlamalar” menyusi > “SMS-xabar” > “Yuboruvchilar bo‘yicha xabarlarni filtrlash” parametrini yoqish.

Shunda “Xabar” dasturida “Notanish sms-jo‘natuvchilar” sahifasi paydo bo‘ladi. Biroq, siz bu ro‘yxatdagi abonentlardan iMessage xabarlarini olganlik haqidagi ogohlantirishlarni olmaysiz.

“Xabar” dasturidagi nokerak xabarlar yuzasidan shikoyat yo‘llash

iOS 8.3 operatsion tizimi va undan keyingi talqinlardagi “Xabar” dasturida keraksiz deb topilgan iMessage xabarlarni belgilash mumkin. Sizning kontakt ro‘yxatingizda bo‘lmagan abonentdan sizga malol kelgan xabar kelganida mazkur menyudagi “Spam haqida ogohlantirish” buyrug‘ini tanlab, jo‘natuvchi haqidagi shikoyatni Apple’ga yuborish mumkin.

Keraksiz xabarlar bo‘yicha Apple kompaniyasini ogohlantirish

Agar sizdagi ayfonda iOS 8.3’gacha bo‘lgan operatsion tizim bo‘lsa, keraksiz xabarni ochib, ekranni suratga oling. Suratda xabar kelgan elektron pochta yoki iMessage yuborilgan telefon raqam, xabar yuborilgan va qabul qilingan vaqt ko‘rinsin. So‘ng mazkur suratni [email protected] elektron pochtasiga yuboring.

Shuningdek, keraksiz SMS yoki MMS xabarlardan charchagan bo‘lsangiz, sizga xizmat ko‘rsatayotgan operatorga murojaat qiling.

Qo‘shimcha foydali ma’lumot

Biror yig‘ilish yoki sharoit bois qo‘ng‘iroqlarni vaqtincha blokirovka qilish kerak bo‘lib qolsa, “Bezovta qilmaslik” (Ne bespokoit) rejimini tanlab qo‘ying. Shundan so‘ng ayfon qurilmangizda ovozli qo‘ng‘iroq va ogohlantirishlar o‘chirib qo‘yiladi.

Agar siz o‘zingizni ham kimdir qo‘ng‘iroq qila olmaydigan qilgan yoki “qora ro‘yxat”ga tushirgan yo tushirmaganligini bilmoqchi bo‘lsangiz, unga biror messenjerdan xabar yuboring yoki xabar holatini kuzatib boring. Agar o‘sha abonent siz yuborgan xabarni o‘qiganligi tasdiqlansa, lekin unga o‘sha vaqtda qo‘ng‘iroq qila olmasangiz, unda tabrigimizni qabul qiling – siz “blokirovkadagilar” qatoridasiz.