iPhone’lar uchun maxsus jalyuzi ishlab chiqariladi

iPhone’lar uchun maxsus jalyuzi ishlab chiqariladi

Kickstarter kraudfanding platformasida ayfon smartfonlariga mo‘ljallangan Peek Screen 2.0 nomli antiqa chiy pardani ishlab chiqarish uchun mablag‘ to‘planmoqda. Noodatiy aksessuar smartfon ekranidagi ma’lumotlarni begona ko‘zdan himoya qiladi.

Kanada kompaniyasining ishlab chiqaruvchilariga tegishli bo‘lgan g‘oyaga ko‘ra, bu shisha plenka ko‘rinishidagi jalyuzi ekran ustiga yopishtiriladigan bo‘lsa, u yerdagi tasvir va yozuvlar faqatgina smartfonni qo‘lida tutib turgan foydalanuvchiga ko‘rinadi. Ba’zi bir qiziquvchan ko‘zlar vertikal yoki gorizontal holatda ham ekranda nima borligini ko‘ra olishmaydi.

Qolaversa, bu ilg‘or chiy parda ekranni tirnalishlardan, hatto tushib ketganida darz ketishidan ham himoya qiladi.
Ishlab chiqaruvchining ma’lum qilishicha, bu shisha maxsus optik texnologiya asosida ishlab chiqariladi. Natijada, Peek Screen 2.0 plenkasida shaffoflik darajasi oshib, ekran yanada yorqin tusga kiradi. Bu shisha parda o‘ziga suvni yuqtirmaydi va qutblanish xususiyatiga ega. Ya’ni, quyosh nuri ostida ham ekranni aniq-tiniq ko‘rish mumkin.

Kompaniya hozircha himoya «jalyuzi»sini iPhone 6 va iPhone 7 uchun ishlab chiqaradi. Loyiha mualliflari uni amalga oshirish uchun 15 ming AQSh dollari kifoya qilishini aytishmoqda.

Eslatib o‘tamiz, kraudfanding platformasi muayyan g‘oyani yoki loyihani amalga oshirish uchun zarur mablag‘ni to‘plashda jamoatchilikni jalb qilish mexanizmi hisoblanadi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!