iPhone SE’ning ikkinchi avlodi 2018 yil boshida sotuvga chiqarilishi mumkin

iPhone SE’ning ikkinchi avlodi 2018 yil boshida sotuvga chiqarilishi mumkin

American Customer Satisfaction Index (ACSI) tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, smartfonlarning ekran diagonallari kattalashishi tendensiyasi kuchayib borayotganiga qaramay, aynan iPhone SE sohiblari o‘z xaridlaridan eng ko‘p qoniqish hosil qilgan.

Bundan tashqari, iPhone SE smartfoni Apple xaridorlarga taklif qilayotgan telefon qurilmalari orasida eng xamyonbopi bo‘lgani sababli ham, ko‘plab mamlakatlarda yaxshi sotilmoqda.

Qurilma qanchalik yaxshi sotilayotgani haqida aniq ma’lumotlar yo‘q, chunki Apple savdolar hajmini hech qachon qurilmalar kesimida ko‘rsatib bermagan. Shunga qaramay, sotuv yaxshi ekaniga shubha qilib bo‘lmaydi va shu sababli ham iPhone SE’ning yangilanishini kutish mumkin. Savol – bu yangilanish aynan qachon bo‘ladi?

O‘tgan oyning boshida Fransiyaning iGeneration nashri iPhone SE 2 taqdimoti avgust oyida bo‘lib o‘tishi mumkinligi haqida xabar bergan edi, biroq hozir bunga ishonish qiyin. Agar Apple avgustga biror tadbir rejalashtirgan bo‘lsa, bu haqda ma’lum bo‘lib ulgurgan bo‘lardi.

Yangi ma’lumotlar esa iPhone SE’ning keyingi avlodi kelasi yil boshida namoyish etilishiga ishora qilmoqda. Bir necha manbalar axborotiga ko‘ra, Apple’ning ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlaridan biri sanalgan Tayvanning Wistron kompaniyasi o‘zining Hindistondagi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirishga tayyorlanmoqda va bu aynan yangi iPhone SE’ning ishlab chiqarilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Bangalordagi yangi zavod yordamida Wistron keyingi besh yil davomida ishlab chiqarish hajmini uch barobar oshirishni ko‘zlamoqda. Xabar berishlaricha, yangi iPhone SE 2018 yilning birinchi choragidayoq Hindistonda sotuvga chiqishi lozim.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ikkinchi avlod iPhone SE smartfoni SoC Apple A10, 2 gigabayt operativ xotira, 12 megapikselli asosiy kamera va 5 megamikselli frontal kamera bilan ta’minlanadi. iPhone SE 2 ning ekran diagonali 4-4,2 dyuym atrofida bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Bundan tashqari, yangi iPhone SE’da dastlab iPhone 6S’da tatbiq etilgan ikkinchi avlod Touch ID barmoq izi skaneri, hozirgisidan nisbatan sig‘imliroq akkumulyator (1700 mAs), flesh-xotirasi esa 16 va 32 gigabaytli bo‘lishi aytilmoqda.

iPhone SE’ning amaldagi versiyasining 16 gigabaytlisi Amazon India’da 389 dollardan, 32 gigabaytlisi bo‘lsa 400 dollardan sotilmoqda. Yangi iPhone SE’ning bazaviy modeli esa 469 dollardan sotuvga chiqarilishi kutilmoqda.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!