iPhone uchun avgust oyidagi eng yaxshi ilovalar

  •   DiMaX
  •  2088
  •  30.08.2017 18:42

iPhone uchun avgust oyidagi eng yaxshi ilovalar

Deyarli har kuni mobil qurilmalar uchun yangi ilovalar chiqadi, eskilari yangilanadi... Ular shunchalar ko‘pki, orasidan keraklilarini saralab olish ham qiyin bo‘ladi ba’zan. Ayni shu bois ham biz vaqti-vaqti bilan turli operatsion tizimlardagi qurilmalar uchun foydali ilovalar haqida maqolalar berib kelmoqdamiz.

Bugun iOS operatsion tizimidagi qurilmalar uchun avgust oyida eng dolzarb bo‘lgan, o‘quvchilarimizga ko‘proq nafi tegadigan dasturlarni tavsiya etmoqdamiz.

1. Loopsie

Ushbu ilova yordamida siz Live Photos analogi – sinemagraflar yaratishingiz, ular bilan do‘stlaringizni hayron qoldirishingiz mumkin. Ya’ni, bu dastur kadrdagi ayrim joylarga bir nechta teginishlar bilan «jonli», ya’ni sal harakatlanuvchi fotosurat olish imkonini beradi. Ilg‘or barqarorlashtirish tizimi evaziga, Loopsie yordami bilan hatto shtativsiz suratga olingan tasvirlardan ham yakuniy natija ajoyib chiqadi.

Loopsie ilovasini mana bu havola orqali yuklab olishingiz mumkin.

2. Sing Karaoke

Karaoke ishqibozlari uchun bu dastur haqiqiy topilma, desak ham adashmaymiz. Uning yordamida istalgan payt, xohlagan joyingizda sevimli qo‘shiqlaringizni fonogramma orqali kuylashingiz mumkin. Sing Karaoke ilovasi sizga mazkur servisning boshqa foydalanuvchilari bilan birgalikda duet kuylash imkonini ham beradi. O‘zingiz ijro etgan qo‘shiqlaringizni yozib olib, do‘stlaringiz hukmiga havola etishingiz ham mumkin. Shuningdek, ilovadan foydalanuvchi boshqa do‘stlaringizning shunday ijrolarini baholashingiz imkoni bor. Va nihoyat, foydalanuvchilar ko‘plashib, onlayn tarzda quvnoq karaoke oqshomlari tashkil etsalar ham bo‘ladi.

Sing Karaoke dasturini iOS-qurilmangizga ushbu havola yordamida ko‘chirib olish imkoni bor.

3. Lyster

Vazifalar menejeri – minimalistik Lyster ilovasi belgilangan ishlaringizni imkon qadar tez va sodda tarzda hal etishingiz uchun yaratilgan. U bitta harakat bilan topshiriqlarni yakunlash yoki keyinroqqa qoldirish imkonini beradi. Shuningdek, oldingizga qo‘ygan ishlaringizni qay tartibda bitkazishni tezda mo‘ljallashga ko‘maklashadi.

Lyster vazifalar menejerini yuklab olish uchun mana bu havola orqali o‘tishingiz mumkin.

4. Whoopee

Whoopee ilovasi tayyor foto va video tasvirlardan tovushsiz animatsiyalar yasab beradi. Shuningdek, birato‘la uning ishtirokida, kamera yordamida shunday komikslarni suratga olish ham mumkin. Tayyor rolikni ovozli izohlar bilan to‘ldirish, stikerlar va boshqa elementlar bilan bezash kabi imkoniyatlari bor.

Bu dasturni qurilmangizga o‘rnatish uchun mana bu havoladan foydalaning.

5. Dynalist

Fikrlarni qayd etib, murakkab loyihalar ustida ishlash uchun qulay servis izlayotgan bo‘lsangiz, Dynalist qo‘l kelishi aniq. Cheksiz ro‘yxatlari va ichki bo‘linmalari bilan u qulay vosita ko‘rinishiga kelgan. Ilovaning kengaytirilgan imkoniyatlari mavjud, u Markdown va LaTeX’ni, shuningdek teglarni qo‘llab-quvvatlaydi. Xullas, ishlaringizni chiroyli taxlab qo‘yish uchun kerakli hamma narsa qo‘lingiz ostida bo‘ladi.

Dynalist ilovasini mana bu yerdan olib o‘rnatishingiz mumkin.

6. Cornea

Ijtimoiy tarmoqlarga qo‘yayotgan rasmingizni hali e’lon qilmasdan turib, uning qancha layk to‘plashini bilishga tobingiz qalay? Cornea ilovasi bu borada sizga yordamga keladi. U sun’iy ong yordamida suratning filtrlarini hamda boshqa parametrlarini tahlil qilib chiqadi va taxminiy prognozini tuzadi. Shuningdek, bu dastur o‘zidagi tayyor filtrlaridan eng mos keluvchilarini qo‘llagan holda kadrni yaxshilash bo‘yicha maslahatlar ham beradi.


Cornea’ni mana bu havola orqali yuklab olsangiz bo‘ladi.

7. Simple Habit

Bugungi tezkor zamonda kishilarda stress hamda turli fobiyalar uchrab turishidan xabaringiz bor. Simple Habit ishlab chiquvchilari esa ulardan meditatsiya yordamida qutulishni taklif etishmoqda. Mazkur dasturda turmushdagi har xil vaziyatlar uchun ko‘plab meditatsiyalar jamlangan. Ularning har birida sizni professional trenerning ovozi yo‘naltirib turadi. Ushbu mashqlar stressdan aziyat chekayotgan hamda turli axborotlar qurshovida charchab qolayotgan kishilarga o‘z hayot tarzini tartibga solishda yordam beradi.

Simple Habit ilovasini ushbu havola yordamida qurilmangizga o‘rnatib olishingiz mumkin.

8. Calorator

Bu dastur, ayniqsa, parhezni xush ko‘ruvchilar, o‘z vaznini nazoratda tutishga harakat qilayotganlar uchun foydali. Chunki Calorator siz tanovul qilayotgan yegulikning kaloriyasiga qarab, uni yeganingizdan so‘ng ortiqcha vazn to‘plamaslik yo‘llarini tavsiya etadi. Ya’ni, shu kaloriyani sarflash uchun qancha masofaga yurishingiz yoki yugurishingiz lozimligini hisoblab beradi. Shunchaki, yegulikning ozuqaviy qiymatini ilovaga kiritasiz va natijani olasiz. Amal qilish esa, doimgidek, o‘z ixtiyoringiz va irodangizga bog‘liq!

Calorator’ni mana bu havola yordamida devaysingizga yuklab olish imkoni mavjud.

9. Facebook

Garchi Facebook’ning mobil ilovasi anchadan beri keng foydalanuvchilar orasida ommabop bo‘lsa-da, u yaqinda yangi funksiyalarga ega bo‘ldi. Jumladan, profilning «muqova»si («oblojka»si) sifatida 360 darajali fotosuratni ilovaning o‘zidan yuklash mumkin. Sharsimon rasmlarni yaqinlashtirib tomosha qilish, ularda do‘stlarni belgilash imkoniyatlari ham taqdim etilgan. Istasangiz, profilning «muqova»si sifatida nafaqat kameradan olingan fotosuratni, balki boshqa manbalardan olingan rasmlarni ham joylash imkoni mavjud.

Mazkur ilovani ushbu havola orqali gadjetingizga o‘rnatib olsangiz bo‘ladi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.