iPhone X: buni o‘qimay turib, xarid qilmang!

iPhone X: buni o‘qimay turib, xarid qilmang!

2017 yilning kuzida taqdim qilingan iPhone X flagmani o‘sha yilning 3 noyabrida sotuvga chiqdi. Uni ayrim davlatlarda savdogarlar 20 million so‘mgacha pullashdi. Bu smartfon bir qarashda ko‘pchilikning diqqatini torta oldi. Xo‘sh, Apple tarixidagi eng qimmat ayfonni orzu qilish hamda uning uchun ayamasdan pul sarf qilish qanchalik to‘g‘ri? Quyida shu savol atrofida navbatdagi tavsifimizni bayon qilmoqchimiz.

Dizayn

Apple'ning iPhone brendi 10 yoshga to‘lishi munosabati bilan korporatsiya "iPhone X" nomi bilan yangi flagmanni taqdim qildi. Dizayn va yangicha texnologiyalar masalasida iPhone X ayfonlar safiga yangicha "ob-havo" va narx-navo olib kelgan smartfon bo‘ldi.

Bu model "IPHONE 10" deb o‘qiladi

Model nomidagi "X" belgisi harf emas, rimcha raqamni anglatadi.

Yangi iPhone rasman "iPhone 10" deb aytiladi. "X" belgisi esa bu nomga hasham bag‘ishlab turibdi.

Smartfonlar turgan-bitgani shishaga aylanayotgan davrga kirib keldik. iPhone X ham ekran yonidagi rom va hoshiyadan xoli bo‘lgan.

5.8 dyuymli displey smartfonning old panelini egallab olgan. Displeyning silliq qayrilma yonlari to‘g‘i borib po‘latdan tayyorlangan sinchga joylashgani bois, korpus o‘zidan suv o‘tkazmaydi. Ekran yuqorisida qoldirilgan jajji hududda karnay va sensorlar o‘rnashgan.

Pishiq shisha old va orqa korpusga qoplangan. Apple bu kadar pishiq 7 qavatli himoya shishasi hali biror smartfonda foydalanilmaganini aytdi.

Undagi ekran dunyoda eng yaxshimi?

Apple birinchi marotaba OLED-matritsadan foydalandi va unda Super Retina HD texnologiyasini ham joriy qildi.

Old panelni deyarli egallagan 5.8 dyuymli displey chindan ham yorqin va sifatli.

2436 x 1125 piksel sig‘imli ekranga ega iPhone X'ni Apple "Super Retina" Oled displeyga ega jahondagi ilk gadjet deb atadi. Har dyuymdagi piksellar miqdori 458 tani tashkil qiladi. Natijada, piksellarning donadorligi bilan bog‘liq muammo kuzatilmaydi.

Yubiley ayfonida Apple'ning "3D" zarb va "True Tone" texnologiyalari tatbiq qilingan. iPhone X ekrani tashqi yorug‘lik darajasiga qarab tasvir rang-tusini o‘zgartiradi.

OLED ekran o‘z ishini qilgan: surat va videoning aks etishi g‘oyatda yorqin va betakror.

Qolaversa, iPhone X tasvir uzatishning HDR, HDR10 texnologiyasini va Dolby Vision ovoz texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.

Ekran yuqorisidagi kichik kesiq bo‘lib, bu hududda datchiklar joylashgan. Misol uchun, kamera, infra-qizil rangli kamera,  Face ID funksiyasi uchun zarur boshqa sensorlar mavjud.

Samsung Galaxy Note8 bilan taqqoslaganda, iPhone X ekrani yorqin va sifatli. iPhone X yorqinlik darajasi — 574 nit,  Note8 — 403 nit. Biroq, Galaxy S9 bu borada ancha ilg‘or -- 603 nit!

Displey Apple muxlislarini hayratga solgan. Displeyni himoya qilish kerak. iPhone X ekrani darz ketadigan bo‘lsa, uni almashtirish taxminan $279 dollarga tushadi. Bu narxga esa Xiaomi brendidan yaxshi Android xarid qilish mumkin.

iPad Pro kabi True Tone texnologiyasi tasvirni tashqi ko‘rinish asosida aks ettiradi. Misol uchun, ko‘chada tasvir yorqin tus olsa, ichkarida nisbatan "iliq" ranglarda tasvirlanadi.

Displey kamchiliklari qatorida rom-hoshiyaning borligi, displey mo‘rtligi, displey enining qisqarganini aytish mumkin.

 

Bosh tugma endi yo‘q. iPhone X tugmalardan xoli bo‘lishga harakat qilgan.

TouchID o‘rniga joriy qilingan FaceID texnologiyasi old kamera yordamida yuzni 3 o‘lchamda skaner qiladi. Foydalanuvchi ayfonga qarashi bilan uning tizimi ochiladi.

Buning uchun 7 megapikselli old kamera va infra-qizil kamera, yuzdagi belgi va dog‘larga qarab uning xaritasini tuzadigan maxsus proyektor, shuningdek skaner qorong‘uda yuzni aniqroq chizishi uchun yoritgich o‘zaro hamkorlik qiladi. Ekspertlarning fikricha. bu -- hozircha tatbiq qilingan eng xavfsiz yuz skaneri bo‘lishi mumkin.

Bu texnologiya qanday ishlaydi?

iPhone X'da Apple kompaniyasi kuchli bir innovatsiyani joriy qilgan — TrueDepth texnologiyasi. TrueDepth — 7 megapikselli old kamera, infra-qizil kamera, belgilarni qayd etuvchi proyektor hamda infra-qizil nur tarqatuvchi qurilmalar birikmasidan iborat innovatsion kamera va skanerlash tizimidir.

Misol uchun, belgilarni qayd etuvchi proyektor foydalanuvchi yuzdagi 30 mingdan ziyod belgi, nuqta yoki dog‘ni aniqlaydi va shunga ko‘ra qiyofaning xaritasini chizadi. iPhone X foydalanuvchisi tizimga kirishi chog‘ida ayfondagi TrueDepth tizimi qiyofani aynan shu xarita bilan solishtirib ko‘radi.

Infra-qizil nurli kamera esa yuzning nuqtali tarkibini shakllantiradi va olingan ma’lumotlar asosida yuzning nuqtali ko‘rinishini infra-qizil spektrda, ya’ni "virtual to‘r" shaklida tayyorlaydi. Bu surat esa A11 Bionic protsessoriga o‘rnatilgan Secure Enclave nomli maxsus modulga yuboriladi. Secure Enclave modulida esa foydalanuvchining qiyofasi avval saqlab qo‘yilgan xarita bilan solishtiriladi.

Aytish kerakki, bu yerda taqqoslash o‘ta murakkab jarayondan iborat. A11 Bionic mikroprotsessorining neyron yadrosidagi bir qismi yuzning infra-qizil surati va yuz xaritasining matematik gavdalantirilgan shaklini qaytadan chizadi. Shundan so‘ng bu suratlarda olingan natija yuzning avval ro‘yxatdan o‘tkazilgan talqini bilan solishtirib ko‘riladi.

Infra-qizil nur tarqatuvchi qurilma esa kameraga iPhone X foydalanuvchisining yuzini har qanday sharoitda, jumladan tungi sharoitda ham tanish imkoniyatini yaratadi. Bu qurilma yuzga yo‘naltirgan infra-qizil nur oqimi yuzga urilib, kameraga uni his qilishga yordam beradi.

Ma’lum qilinishicha, Touch ID'ni buzib kirish imkoniyati 50 mingtadan 1 urinishga teng. Face ID orqali razblokirovka qilish imkoniyati 1 milliontadan bitta holatni tashkil qiladi. Bunda ham smartfon juda o‘xshash egizaklarda adashishi mumkin. 

A11 Bionic protsessori hamda flagman samaradorligi

Smartfonlarda ilk marotaba tatbiq qilingan va sekundiga 600 milliard operatsiyani bajaradigan neyronli tarmoq o‘tkazgichlariga ega eng kuchli va aqlli chip.

Apple'ning A11 Bionic chipseti foydalanish uchun sotila boshlaganidan buyon har qanday Android smartfon samaradorlik borasida uning oldida ip esha olmaydi.

Antutu benchmarkida iPhone X natijasi 226,000 balldan oshgan. Ya’ni, Androidlardan ancha oldinda.

Devaysdagi tezkor xotira 3 gigabaytli, doimiy xotira esa  64 va 256 gigabaytli.

Kamera imkoniyatlari

iPhone X'ning bosh kamerasidagi 12 megapikselli 2 ta sensorlar iPhone 8 Plus'nikiga o‘xshab ketadi. Faqat ularning joylashuvi vertikal.

Bosh sensor f/1.8 diafragmali yorug‘lik linzasiga ega bo‘lgan. Telefoto uchun esa f/2.4 aperturali linza tanlangan. Bu esa yorug‘lik past sharoitda yorqin surat olish uchun xizmat qiladi. Kamera qisman iPhone 8 Plus modeliniki bilan bir xil. Faqat kuchli ayfondagi teleskop ob’yektivi takomillashgan.

Bosh kameradagi har ikkala sensor optik barqarorlashtirish funksiyasiga ega bo‘lgan.

Tasvirni qayta ishlash jarayonida Apple tezkor avtofokus, HDR-fotolar, rang-tusga to‘yingan piksellarni va’da qilmoqda.

"Portrait Lighting" rejimi

Apple'ning "Portret" rejimiga xos orqa va yon fonni g‘ira-shira qilib suratga olish imkoni bilan 2016 yilda tanishganmiz. iPhone X esa "Portrait Lightning" rejimi bilan o‘ziga xos.

Endi suratga tushganda kameralar ob’yektlarning o‘lchamli xaritasini tuzadi. Buni "sun’iy idrok" tizimi amalga oshiradi. Bunda kamera yuzdagi a’zolarni yaqindan taniydi va suratda ham ularga zarur yorug‘likni beradi.

Ayniqsa, 4 tusli LED fotochaqnog‘i surat sifatli chiqishi uchun jonbozlik ko‘rsatadi.

"X" modeli old kamerasi portret rejimida suratga olishga mo‘ljallangan ilk iPhone.

Quyidagi suratlarga baho bering: 

Akkumulyator imkoniyatlari

iPhone X “quvvat toshi”ning tok sig‘imi 2,716 mA soat. Metall korpusdan shishaga o‘tishning bosh sababi, shubhasizki smartfonda simsiz quvat olish texnologiyasini joriy qilish bo‘lgan.

Apple iPhone X'dagi Qi quvvatlash texnologiyasi uni xohlagan rususmdagi quvvatlash stansiyasida zaryadlash imkonini beradi. Ayni paytda bu standartda smartfonlar 30 daqiqada 50 foiz quvvatni to‘ldirishlari mumkin.

Flagmanni shunchaki qo‘ying va u o‘zi quvvat oladi. iPhone X simsiz texnologiya olami uchun yaratilgan. Biroq simsiz quvvatlash 7 soatgacha cho‘zilishi mumkin.

iPhone X quvvati faol foydalanganda 11-12 soatga yetadi.

Boshqa jihatlar

ARkit virtual voqyelik texnologiyasi

Romdan xoli OLED-displey, harakatni qayda etadigan yangicha akselerometr va giroskop, sekundiga 60 ta kadr o‘tadigan ekran, ilg‘or kamera kabi imkoniyatlar aslida virtual voqelik texnologiyasi uchun ayni muddao.

Ularning yordamida ilovalar va o‘yinlarga kirib virtual buyumlarni ushlash va ularni joylashtirish, ular bilan aloqa qilish mumkin. 

Animojis -- kayfiyatning aksi

Shu nomdagi ishlanma sizning kayfiyatingizni animatsiya ko‘rinishida chatga ko‘chiradi. Qiyofaning xaritasini chizadigan proyektordan unumli foydalanilgan.

Animojis qiyofa tuzilishiga qarab -- tabassum, jahl, jilmayish, hayrat yoki g‘azab kabi kerakli emojini suhbatdoshga yuboradi.

Shaxsiy qarashlar

Flagmanga xos 5 ta muhim jihat ...
Nisbatan hoshiyasiz sanalgan ekranning jozibadorligiga gap bo‘lishi mumkin emas. Old kamera ham yanada kuchli. Foydalanuvchining virtual qiyofasini tayyorlaydigan ANIMOJI texnologiyasi smartfon sanoati uchun yangilik, ko‘pchilik uchun qiziqarli. Ekranning romsizli evaziga kattalashishi 5.8 dyuymli smartfonning ixcham bo‘lishiga xizmat qiladi. FACE ID hozircha shubhali bo‘lsa ham, biroq kelajak texnologiyasi.

iPhone X kamchiliklari ...

Jahon mamlakatlarida smartfonning 256GB talqini uchun $1,600 AQSh dollarigacha so‘ralmoqda. Ya’ni, bu ayfon qimmat, hatto juda qimmat.

TOUCH ID texnologiyasini saqlab qolish kerak edi. Boisi, FACE ID ayrim hollarda "qovun tushirmoqda".

Smartfonni bitta qo‘lda boshqarish qiyin. Ustiga-ustak uning korpusi silliq va suyri.

Xulosa

iPhone X original va yorqin dizayni, murakkab xavfsizlik tizimi bilan o‘ziga xos. Ayniqsa, uning ekranining bir oz qayrilma yonlari hashamdorlikni oshiradi.

iPhone X – keyingi 4 yil davomida Apple taqdirida muhim ahamiyatga ega bo‘ladigan chinakam iPhone. iPhone 6 modelidan boshlab bir xillikdan zerikib qolgan muxlislarning orzusini ushaltirgan bu flagman Apple muvaffaqiyatini ta’minlab berdi.

Telefonning ko‘rinishi hashamdor, ishlashi esa tezkor, kameralar imkoniyatlari yuqori. iOS 12 operatsion tizimi esa imkoniyatlarni yanada oshirmoqda.

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

Terashop.uz UZS 8 060 000.00 Sotib olish
Terashop.uz UZS 8 232 000.00 Sotib olish
Terashop.uz UZS 7 857 000.00 Sotib olish
Terashop.uz UZS 7 857 000.00 Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi