iPhone X'dagi eng innovatsion jihat Galaxy S9'da ham bo‘ladi

iPhone X'dagi eng innovatsion jihat Galaxy S9'da ham bo‘ladi

Yaqinda taqdim qilingan va Samsung Galaxy S9 smartfonida o‘rnatish nazarda tutilgan Exynos protsessori Apple so‘nggi flagmanida tatbiq qilgan texnologiyalarni ham qo‘llab-quvvatlaydi. Jumladan, Galaxy S9 smartfonida ham Face ID funksiyasida mavjud Animoji, ya’ni foydalanuvchi qiyofasidagi holatga qarab, uning kayfiyatini animatsiyalarda ifodalaydigan texnologiyasi joriy qilinadi. Bu to‘g‘rida Koreya Respublikasining Korea Herald nashri xabar tarqatmoqda.

Samsung kompaniyasi vakillariga ko‘ra, yangi chipset salohiyati qiyofani tanishning samarali filtrlarini taklif qiladi. Bu esa qurilma xavfsizligi, uning begona shaxslar tomonidan razblokirovka qilinmasligi uchun ayni muddao.

Exynos 9 Series 9810 protsessori — ma’lumotni 10 nanometrli texnik jarayonda ishlaydigan chipset bo‘lib, elektr quvvatini tejashi bilan yetakchilik qilishi aytilmoqda. Foydalanuvchining biometrik ma’lumotlarini qayta ishlash uchun bu chipda alohida qism o‘rnatiladi. Protsessor, shuningdek, sekundiga 120 kadrdan iborat bo‘lgan hamda tasvir barqarorligi yuqori 4K videolar yoza oladi.

Bir muddat avval Samsung uning yangi flagmanidagi texnologiyalar Apple ishlanmalarini dog‘da qoldirishini ma’lum qilgan edi. Misol uchun, Janubiy koreyalik kompaniya jahonda birinchi bo‘lib foydalanuvchi qiyofasini taniydigan smartfon yaratish innovatsiyasini ilgari surdi.

To‘g‘ri, bu smartfonlarni surat orqali yoki uxlab yotgan odam yordamida ham ochish mumkinligi ko‘p tanqid ostiga olindi. Biroq, Samsung kompaniyasining fikricha, bunday identifikatsiya tizimiga xavfsizlikni ta’minlaydigan jihat emas, marketingga xos innovatsiya sifatida qabul qilish kerak. Animoji texnologiyasi ko‘pchilik uchun iPhone X'ga xos eng ilg‘or jihat deb qabul qilingan edi. Samsung ham raqibining bu innovatsiyasini o‘zlashtirishga va muxlislariga vaqtlarini maroqli o‘tkazishlariga yordam berishga qaror qilgan ko‘rinadi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.