iPhone X muhokama markazida: ishlab chiqarishdagi braklar

  •   DiMaX
  •  1956
  •  09.10.2017 12:14

iPhone X muhokama markazida: ishlab chiqarishdagi braklar

Apple hozircha iPhone 8 / 8 Plus modellarini savdoga chiqardi, iPhone X esa keyinroq yetkazib berila boshlaydi. Shunga qaramay, «yubiley ayfoni» qismlarini ishlab chiqarishda ham ko‘plab nuqsonlar mavjudligi haqida gap-so‘zlar ko‘paymoqda, deb yozadi «Yablik» sayti.

Smartfonlarning brak modullari haqida birinchilardan bo‘lib mashhur rossiyalik texno-sharhlovchi Eldar Murtazin yoza boshlagan. Uning nufuzli manbalarga tayangan holda o‘z Twitter-akkauntida yozishicha, Apple Yevropadagi reklama kampaniyasiga o‘zgartirish kiritmoqchi, yana resellerlar uchun yetkazib berish buyurtmalarini qayta ko‘rib chiqish niyatida.

Xabarga ko‘ra, buning birinchi sababi iPhone X butlovchi qismlarida katta miqdorda braklar mavjudligi va hamkorlarning ishlab chiqarish quvvati yetishmovchiligi bilan bog‘liq. Jumladan, yangi flagman uchun akkumulyatorlar hamda Face ID texnologiyasi uchun apparat ta’minotida yetishmovchiliklar mavjud.

Kompaniyaning iPhone 8 hamda 8 Plus smartfonlarida batareyalarning shishib ketishi va natijada ekranning korpusdan ajralib qolishi bilan bog‘liq muammolar haqida avval ham yozganmiz.

Bulardan tashqari, Murtazinning yozishicha, yangi iPhone’larning batareyalari hali ishlab chiqarish bosqichidayoq portlab ketishi holatlari qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, kupertinolik gigant bu yilgi yangi gadjetlaridagi kamchiliklar bilan bog‘liq ko‘plab hodisalar tufayli noqulay ahvolga tushib qolayotir. Apple Watch Series 3 smart-soatlarida yuzaga kelgan nuqson sababli kupertinolik gigant rasman bayonot berib, aybini tan olgan edi. Shuningdek, iPhone 8 hamda 8 Plus egalari ham telefonda gaplashish chog‘ida dinamikdan jonga teguvchi shovqin chiqayotganidan nolishgan va mazkur nuqson dasturiy ta’minot bilan bog‘liqligiga ham Apple iqror bo‘lgan. «Yubiley ayfoni»dagi xatoni – Face ID adashishi mumkinligini ham Apple rasman tan olgan edi. Bulardan tashqari, yana bir foydalanuvchining iPhone 8 Plus qurilmasi quvvat olish paytida portlab ketganidan ham xabaringiz bor.

Darvoqe, iPhone 8 hamda 8 Plus smartfonlari poytaxtimizdagi «Malika» savdo majmuasi do‘konlarida so‘mga sotilmoqda.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.