iPhone X raqibi – Huawei’ning «to‘rt ko‘zli» smartfoni chiqadi! (+foto)

  •   DiMaX
  •  1395
  •  14.09.2017 18:06

iPhone X raqibi – Huawei’ning «to‘rt ko‘zli» smartfoni chiqadi! (+foto)

Huawei shu yilning 22 sentyabrida Pekinda o‘zining yangi smartfonini taqdim etadi. Bu haqda kompaniya o‘zining Weibo ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy akkauntida xabar bergan.

Yangi romsiz smartfon Maimang 6 deb ataladi. Ammo Xitoydan tashqarida bu model Huawei G10 Plus nomi ostida taqdim etilishi taxmin qilinayotir. Bu qurilma kuni kecha taqdimoti bo‘lib o‘tgan iPhone X hamda boshqa romsiz smartfonlarga raqobatchi sifatida maydonga tushadi.

Aftidan, bu – kompaniya sir tutgan, ammo Xitoy Telekommunikatsion jihozlarni sertifikatlash markazining saytida aniqlangan Huawei RNE-AL00 markirovkali model bo‘lsa kerak.

Xabarlarga ko‘ra, Maimang 6 modeli 5,9 dyuymli EntireView displeyi bilan jihozlangan. Full HD sifatli ekran tomonlarining o‘zaro nisbati 2:1 bo‘ladi. U korpus old panelini deyarli butunlay qoplab oladi.

Yangi devaysning har ikkala kamerasi qo‘sh ob’yektivli ekanligi ham alohida e’tiborga loyiq. Asosiy kamera 16+2 megapikselli, selfi-kamera esa 13+2 megapikselli modullardan iborat bo‘ladi.

Maimang 6’ga Huawei’ning o‘z mahsuloti bo‘lgan, 2,6 GGs takt chastotasida ishlovchi, sakkiz yadroli Kirin 659 protsessori o‘rnatilgan. Gadjetning tezkor va ichki xotirasi esa tegishlicha 4 hamda 64 gigabayt hajmga ega.

Ushbu qurilmaning quvvat manbai 3240 mA/soat sig‘imli akkumulyator bo‘ladi. Ammo Maimang 6 tezkor yoki simsiz quvvatlash texnologiyasi bilan ta’minlanishi haqida hozircha biror ma’lumot yo‘q. Metall korpusning orqa panelida barmoq izini aniqlash datchigi joylashgan.

Mazkur flagman uch xil – tillarang, qora va ko‘k ranglarda savdoga chiqarilishi aytilayotir. Biroq uning narxi haqida axborot berilmagan. Romsiz ekani va boshqa xususiyatlaridan kelib chiqadigan bo‘lsak, unga kamida 500 AQSh dollari miqdorida narx belgilanishi ehtimoli yuqori.

Huawei’ning ayrim smartfonlariga poytaxtimizdagi Malika» savdo majmuasida so‘mda belgilanayotgan narxlar bilan esa mana bu maqolamizda tanishishingiz mumkin.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!