iPhone X rekord o‘rnatdi, biroq narx siyosatida chekinish sodir bo‘ladi

iPhone X rekord o‘rnatdi, biroq narx siyosatida chekinish sodir bo‘ladi

Apple 2017 yilning kuzida taqdim qilgan va sotuvga chiqargan ilg‘or flagman yaxshi sotilish bo‘yicha bozorda rekordni yangiladi. Canalys tadqiqotchilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2017 yilning IV choragi yakunlari bo‘yicha 29 million dona iPhone X sotilgan. Jumladan, birgina Xitoyning o‘zida 7 million dona bunday qimmatbaho devaysning sotilishi -- kutilmagan holat bo‘ldi.

Aytish joizki, iPhone X — tarixdagi "eng qimmat ayfon". AQSh da uning boshlang‘ich bahosi $999 dollar bo‘lgan bo‘lsa, jahon mamlakatlarida 1400 AQSh dollarigacha sotildi. Ayniqsa, Xitoyda smartfon talash bo‘ldi va Apple tomonidan o‘tkazilgan eski smartfondan voz kechishga chorlaydigan dasturlar natijasida Huawei va Xiaomi kabi brend foydalanuvchilari "olma" tomoniga o‘tib oldilar.

Kompaniya boshqa ayfonlardan ham katta foyda ko‘rdi. Jumladan, iPhone SE, iPhone 6s, iPhone 7 hamda iPhone 8 juda yaxshi sotildi.

Shunday bo‘lsa ham, Apple bu natijalardan qoniqmadi. Korporatsiya tahlilchilari 30–35 million dona iPhone X sotishni taxmin qilgan edilar.

KGI Securities tahlilchisi Min Chi Kuoning qayd etishicha, bu yil Apple an’anani buzadi va 3 ta yangi ayfon modelini taqdim qiladi. Ulardan biri nisbatan juda arzon, ya’ni $700–800 AQSh dollari bahosida bo‘ladi.

Bu modelda OLED emas, oddiy -- quyuq kristalli, 6,1 dyuymli ekran o‘rnatiladi. Shu bilan birga, bir linzali kamera, orqa paneli alyuminiy (shisha emas!) paneldan iborat bu arzon ayfonning 3 gigabaytli tezkor xotirasi bo‘ladi. Ahamiyatli jihati esa bu modelda ham yuz-qiyofani skanerlab, smartfonni blokirovkadan chiqaruvchi Face ID texnologiyasi bo‘ladi. Qolaversa, u "ajdodlari"dan barmoq zarbiga ko‘ra vazifa bajarish funksiyasi -- 3D Touch texnologiyasini ham meros qilib oladi.

Shuningdek, boshqa ayfonlardan farqli ravishda, an’anaviy, ya’ni ko‘p quvvat talab qiluvchi ekranga ega smartfon batareyasi to‘g‘ri burchakli bo‘ladi. Bugungi ayfonlarda L-shaklli akkumulyatorlar o‘rnatilgan. Bu degani, bu arzon ayfon Apple bugun ishlab chiqarayotgan so‘nggi ayfonlardan ko‘ra sekinroq quvvat oladi. Shu bilan birga, simsiz quvvat olish texnologiyasini ham qo‘llab-quvvatlamaydi.

Bir muddat avval Min Chi Kuo yaqin orada 2 ta sim-kartali iPhone ham ishlab chiqarilishini ma’lum qilgan edi. Ekspertlarning fikricha, yangi iPhone qurilmalaridan biri, katta ehtimol bilan, aynan quyuq kristalli displeyga ega ayfon shu jihatga ega bo‘ladi.

Boisi, arzon smartfonga o‘ch bo‘lganlar odatda operatorlarni mustaqil tanlash orqali mablag‘larini tejash harakatida bo‘ladilar.

"Hamyonbop" iPhone smartfonidan tashqari, Kuoning so‘zlariga ko‘ra, Apple yana 2 modelni tayyorlamoqda: 5,8 dyuymli iPhone X hamda 6,5 dyuymli iPhone X Plus. Tahlilchining so‘zlariga ko‘ra, kompaniya bu yil foydaning 50 foizini aynan arzon modeldan ola boshlaydi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!