iPhone X uchun Telegram’ning beta-versiyasini o‘rnatamiz

  •   DiMaX
  •  1842
  •  04.11.2017 15:34

iPhone X uchun Telegram’ning beta-versiyasini o‘rnatamiz

Kupertinolik gigantning iPhone X qurilmasi savdoga chiqishi arafasida ko‘plab ilovalarning ishlab chiquvchilari o‘z mahsulotlarini unga moslab yangilay boshlaganlar. Telegram messenjeri jamoasi ham bunga jiddiy kirishgan, ammo hozircha ilovaning beta-talqinini o‘rnatib ishlatish mumkin, deya xabar beradi Telegram News kanali.

Gap shundaki, Apple’ning «yubiley ayfoni» ekranining tomonlari o‘zaro 18: 9 nisbatda, yana tepa qismida kamera va boshqa datchiklar uchun «o‘yiq» joyi bor. Bu esa ilovalarning interfeysi displeyda to‘liq aks etishida ayrim noqulayliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu bois ham ilovalarni displeyning mazkur formatiga moslab yangilashyapti.

O‘QING: Endi istalgan Android-smartfonni iPhone X’ga aylantirish mumkin!

Ommabop Telegram messenjerining barqaror ilovasi iPhone X displeyiga moslashtirib taqdim etilishi uchun hali ma’lum bir vaqt kerak bo‘ladi. Shu bois, mazkur qurilmani xarid qilgan iOS ixlosmandlariga mazkur ilovaning beta-talqinini o‘rnatib foydalanish tavsiya etilayotir.

Xo‘sh, Telegram’ning beta-talqini qanday o‘rnatamiz?

  1. Buning uchun mana bu havola bo‘yicha o‘tib, «Ko‘chirish» (Dowload) tugmachasi orqali yuklab olasiz.
  2. Uni ayfonga o‘rnatgach, rasmiy Telegram ilovasini o‘chirib tashlaysiz.
  3. Qurilmangiz sizni, Telegram’ning ushbu beta-talqini ishonib bo‘lmaydigan ilova ekanligidan ogohlantiradi. Biroq bundan xavotir olmasangiz ham bo‘ladi, chunki mazkur versiya App Store’dan yuklab olinmagani uchungina bu ogohlantiruv yozuvi chiqadi. Shu bois bu ilovaga ruxsat berishingiz mumkin. Buning uchun esa quyidagi: Sozlamalar (Nastroyki) → Umumiylari (Obщiye) → Profil yo‘li orqali kirasiz va Telegram’ga ishonch bildirishingizni tasdiqlaysiz.

Bo‘ldi, shu bilan siz to to‘laqonli talqini chiqquniga qadar, Telegram’ning beta-versiyasidan bemalol bahra olishingiz mumkin.

Xo‘sh, ushbu beta-talqinning barqaror messenjer ilovasidan farqlari nimalarda ekan?

  1. Ilova interfeysi to‘laligicha yangilangan. Endi sizda, xuddi Android’dagi kabi, turli interfeys mavzulari (temalari) mavjud bo‘ladi.
  2. Beta-talqin iPhone X ekraniga moslashtirilgan.
  3. Avvalroq ham yozganimizdek, endi menyuning har bir bandidagi belgichalar iOS uslubida, alohida ranglar bilan belgilangan.

Marhamat, ko‘chirib oling, o‘rnating va foydalaning. Faqat yodda tuting: bu – Telegram’ning sinov uchun chiqarilgan versiyasidir. Ayni damda sinov jarayonlari ketmoqda va tez orada Telegram’ning barqaror talqini ham yangilanadi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!