iPhone X va Galaxy S8'ni "sindiradigan" super-arzon smartfon taqdim qilindi

iPhone X va Galaxy S8'ni

Apple iPhone X, Google Pixel 2 XL hamda Samsung Galaxy S8 flagman smartfonlari ayni paytda bozordagi innovatsion qurilmalar hisoblanadi. Shu bilan birga, ularning narxi har qanday odamni "chaqib oladi". To‘g‘ri, yaxshi mol qimmat turadi, biroq qimmatligi bois bu modellar ko‘pchilik uchun misoli tush. Shu bilan birga, Xitoy atalmish mo‘’jizalar zaminida insofli smartfon ishlab chiqaruvchilari ham bor.

Kuni kecha bu o‘lkada AllCall Mix2 nomli smartfon taqdim qilindi. Ekspertlarga ko‘ra, bu gadjet narxiga eng munosib xitoylik smartfon modeli bo‘lishi mumkin.

AllCall Mix2 telefoni bozorda iPhone X va Google Pixel 2 XL flagmanlariga qarshi kurashadi va texnik jihatdan ham uning bo‘lgan ishonchi yuqori. Jumladan, bu smartfonga 5,99 dyuymli, 2160 ga 1080 pikselli (Full HD+) hamda tomonlar nisbati 18:9 bo‘lgan yorqin ekran o‘rnatilgan.

Shu bilan birga, 8 yadroli MediaTek Helio P23 protsessori, 6 GB operativ hamda 64/128 GB doimiy xotira, doimiy xotirani kengaytirish imkoniyati bilan ham smartfon diqqatga sazovor. Qolaversa, akkumulyator batareyasining sig‘imi 3500 mA soat va uni tezkor quvvatlash mumkin.

Ishlab chiqaruvchi AllCall Mix2 smartfonini qo‘sh sensorli bosh kamera bilan siylagan. Ulardan biri 13 Mp, boshqasi 8 Mp aniqligida suratga oladi. Shu bilan birga, bosh kamera orqa fonni g‘ira-shira qilish va tasvirni 2 karralik yaqinlashtirish imkoniga ega. Old kamera sig‘imi 8 Mp va bu sensor yuzni skanerlash tizimiga ham ega bo‘lgan. Buning uchun yetarli yorug‘lik sharoiti kerak bo‘ladi.

Telefon korpusi shishadan tayyorlangan. Bu yerda barmoq izi skaneri uchun ham joy ajratilgan. Yangi gadjetda NFC moduli ham mavjud. Uning yordamida Android Pay (Google Pay) tizimi orqali kontaktsiz to‘lovlar qilish mumkin.

AllCall Mix2 smartfoni USB Type-C porti, Mali-G71 video-kartasi, 10 Vt kuchlanishidagi simsiz tezkor quvvatlash tizimi, qadoqdayoq o‘rnatilgan Android 8.1 Oreo operatsion tizimi bilan maqtana oladi.

Va, eng muhimi -- ishlab chiqaruvchi bu smartfon uchun $169 dollar so‘ramoqda. AllCall Mix2 2018 yilning 31 yanvaridan sotuvga chiqariladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!