Islom hamkorlik tashkilotining fan va texnologiyalar bo‘yicha ikkinchi sammiti O‘zbekistonda o‘tkaziladi

Islom hamkorlik tashkilotining fan va texnologiyalar bo‘yicha ikkinchi sammiti O‘zbekistonda o‘tkaziladi

7-11 sentyabr kunlari Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida Islom hamkorlik tashkilotining fan va texnologiyalar bo‘yicha birinchi sammiti bo‘lib o‘tgan edi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mazkur anjumanda ishtirok etib, nutq so‘zlagani to‘g‘risida avval xabar bergan edik.

O‘zbekiston prezidenti o‘z nutqida musulmon dunyosining ilm-fan va texnologiyalar borasida jahoning rivojlangan mamlakatlaridan ortda qolayotganini qayd etgan va islom olamining ilmiy-texnologik salohiyatini oshirish uchun o‘z takliflarini bayon etgan.

“IHTga a’zo davlatlarning barqaror iqtisodiy rivojlanishi, aholining munosib hayot darajasini ta’minlash maqsadida Fan va texnologiyalar bo‘yicha sammitni har uch yilda bir marta o‘tkazishni va ushbu taklif qo‘llab-quvvatlangan taqdirda, keyingi sammitni 2020 yilda O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyor ekanimizni bildirmoqchiman”, ¬– deb aytgan edi Shavkat Mirziyoyev.

Qayd etish joizki, O‘zbekiston rahbarining ushbu taklifi sammit ishtirokchilari va tashkilot tomonidan iliq kutib olindi. Anjuman so‘ngida qabul qilingan «Ostona deklaratsiyasi»da Islom hamkorlik tashkilotining fan va texnologiyalar bo‘yicha ikkinchi sammiti O‘zbekistonda o‘tkazilishi qayd qilindi.

“Islom hamkorlik tashkilotining fan va texnologiyalar bo‘yicha ikkinchi sammitiga mezbonlik qilish bo‘yicha O‘zbekiston hukumatining taklifi qabul qilinsin. IHT Bosh Kotibiyati va Fan va texnologiyalar sohasida hamkorlik bo‘yicha Doimiy qo‘mitasiga Fan va texnologiyalar bo‘yicha ikkinchi sammitni O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish borasida O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikda ishlash vazifasi topshirilsin”, deyiladi deklaratsiyada.

Hozircha bu sammit qachon o‘tkazilishi aniq emas. 2020 yilgi sammit Buxoro shahrida o‘tkazilishi mumkin. Ma’lumot uchun, Islom hamkorlik tashkilotining fan, ta’lim va madaniyat masalalari bo‘yicha tuzilmasi (ISESCO) Buxoroni 2020 yilda «Islom madaniyati poytaxti» deb e’lon qilgan.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!