Jahonning ilk “8K” sig‘imli monitori sotuvga chiqarildi

Jahonning ilk “8K” sig‘imli monitori sotuvga chiqarildi

Dell kompaniyasi 8K, ya’ni yotig‘iga 8000 piksel sig‘imli jahondagi ilk — Dell UltraSharp UP3218 modelidagi monitorni sotuvga chiqardi. Monitor bir tekis ishlaganda soatiga 87 Vatt miqdoridagi elektr tokini iste’mol qiladi. Bugungi odatiy monitorlarda bu ko‘rsatkich soatiga 23 Vt.ni tashkil qiladi.

8K-monitor uchun amerikalik kompyuter ishlab chiqaruvchi $5000 dollar so‘rayapti. Hozircha Dell buyurtmalarni qabul qilmoqda va monitor aprel o‘rtalaridan boshlab xaridorlarga yetkazib berila boshlaydi. Buyurtma egalariga 3 hafta ichida yetkazib beriladi.

Monitor 31,5 dyuymli ekran bilan ta’minlangan. Uning piksellar sig‘imi 7680 x 4320 belgiga teng. Monitordagi yorqinlik darajasi 400 kd/kv. m, yorug‘lik va ranglarning keskin o‘zgarish darajasi 1300:1, piksellar o‘z yorug‘ligi va rangini 6 millisekund ichida o‘zgartiradi, ekrandagi tasvirlar almashinuvi chastotasi sekundiga 60 Gs.ni tashkil qiladi, monitorda tasvir 178 gradus burchagi ostida uzatiladi.

Korpus o‘ta yupqa, ya’ni 9,7 mm bo‘lib, displey hoshiyasidagi rom ulushi ham juda kam. UltraSharp UP3218K monitorida 2 ta DisplayPort va 4 ta USB 3.0 portlari, shuningdek boshqariluvchi poyasi (podstavka) mavjud. Monitorning poyasi bilan qo‘shib hisoblaganda o‘lchamlari: 72,1 x 21,6 x 61,7 sm.

Ma’lum qilinishicha, Adobe RGB, sRGB va Rec.709 rang bo‘shlig‘ida ranglarning sifatli uzatilishi 100 foiz qamrab olinadi. DCI-P3 va Rec.2020 rang bo‘shlig‘ida esa rang qamrovi 98% hamda 80%ni tashkil qiladi. Dell kompaniyasining aytishicha, monitorda xona sharoitidan kelib chiqib, monitorning rang-tasvir uzatish sifatini sozlash texnologiyasi joriy qilingan.

Ma’lumot uchun: Amerikaning Dell korporatsiyasiga 1984 yilda Texas shtatida asos solingan. Korporatsiya kompyuter texnikalari, jumladan personal kompyuterlar, noutbuk, server, ma’lumotlar saqlash qurilmalari ishlab chiqarishda jahondagi yetakchilardan biri.