Jek Ma muvaffaqiyatga oid yangi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi

Jek Ma muvaffaqiyatga oid yangi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi

1999 yilda asos solingan xitoylik Alibaba Group elektron tijorat kompaniyasining faoliyat ko‘lamini birgina dalil bilan ifodalash mumkin: bir kunda bu yerda 200 million dona mahsulot sotiladi va so‘nggi moliyaviy yilda bu platformada $550 mlrd dollarga teng mahsulot sotilgan.

Bu ishlarning boshida turgan kompaniya asoschisi Ma Yun yoki Jek Ma nomi bilan tanilgan 53 yoshli tadbirkor bundan 18 yil muqaddam 17 ta ishchisi hamda $50,000 dollar mablag‘ bilan ish boshlagan edi. Jek Maning hayot yo‘li va so‘zlari, tavsiyalari jamoatchilik uchun doimo qiziq. Quyida tadbirkorning South China Morning Post nashrida e’lon qilingan fikrlarini e’lon qilamiz.

Hayot, bu -- sayohat!
Umrni sayohatga o‘xshatish mumkin. Biz bu dunyoga hayotdan huzurlanish va baxtli yashash uchun kelamiz. Salomatlikni qadrlang. Boisi, baxtiyorlik sog‘lom bo‘lish bilan qadrli.
Bu hayotda senga ishonmaydiganlar har doim topiladi. Yana shunday odamlar borki, ularga gapirish -- foydasiz.
Senga ishonadiganlar doimo sen bilan yonma-yon turib kurashishga hozir bo‘ladilar, senga shubha bilan qaraganlar esa doimo nimadir topib berishadi. Bu -- inson tabiati. To‘g‘ri yo‘ldaligingda senga birov e’tibor qilmasa ham, kichik xato tufayli barcha seni tanqid ostiga olishga shay turadi.

Yuqoridan qarasa, hammasi go‘zal.
Muvaffaqiyatli biznes misoli cho‘qqi sari ko‘tarilishga o‘xshaydi va men ham ishimni tog‘ning tovonidan boshlaganman. Ming chaqirim yuqoriga ko‘tarilganingda sen atrofni aniq-tiniq ko‘ra boshlaysan. Biroq, muammo shundaki, hanuz yerda turganlar sening so‘zlaringga shubha bilan qarashadi.
Muvaffaqiyat uchun vaqt ham kerak. Men 40 yoshimdagina nima xohlayotganimni tushunib yetganman. Biznesmen yoki o‘qituvchi bo‘lish hech qachon xayolimga kelmagan. Politsiyachi, hatto KFC kompaniyasiga ofitsiant bo‘lishni xohlaganimda -- rad etilganman.

O‘tmishdagi muvaffaqiyatlar bilan yashama.
Odamni orqaga tortadigan omil bor -- erishgan yutuqlari. O‘tmishdagi natijalarga bog‘lanib qolish -- bugungi imkoniyatlarni nolga tenglashtiradi, bunday kayfiyat -- taraqqiyotning to‘sig‘i.
Hayot imkoniyatlarga to‘la. Bundan 2 ming yil ilgari ham hayot imkoniyatlarga to‘la bo‘lgan va shuncha yillardan so‘ng ham shunday bo‘ladi. Bu seni hayotga qanday qarashingga bog‘liq. Ayniqsa, nolish yoshlikka xos. Men ham yoshligimda Bill Geyts yoki Stiv Jobs barcha imkoniyatlarni ishg‘ol qilib, uloqni olib ketib bo‘lgan, degan fikrda bo‘lganman.

Avvalo, eng yaxshi emas, tashabbuskor bo‘lishga intil.
Tashabbus -- imkoniyatlarning mag‘zi. Muammoning hal qilinishi -- imkoniyatning boshlanishidir. Biror yangilikni aynan sen boshlab berishga harakat qil va tashabbus aynan sendan chiqsin. Uddalash mumkin bo‘lgan yangilik oldidagi to‘siqlarni aynan sen olib tashla. Yangilik qilishga o‘ch bo‘l.
Shuningdek, atrofingga eng yaxshi emas, eng kerakli odamlarni to‘plashga odatlan.

Har narsaga burningni tiqma.
Katta biznes -- yaxshi biznes, degani emas. Biznes kattalashgani sayin uning yuki oshib boradi. Kichik tadbirkorlar har narsani o‘z faoliyatlariga qalashtirib tashlashadi. Ularning qanchalar muvaffaqiyatli ekanliklari o‘rganilganida esa bu tadbirkorlar aslida o‘zlariga to‘siq qurganliklariga guvoh bo‘lish mumkin.
Buning o‘rniga xodimlarni, mijozlarni hamda o‘zingni baxtli qilish ustida bosh qotir. Aslida haqiqiy biznes mana shu.

Ishingni sev. Buni sendan boshqa hech kim qilmaydi.
Biznesda ishni yangidan boshlash qiyin. Bu -- misoli yangi tug‘ilgan chaqaloqni parvarishlash kabi. Agar unga shu taxlit munosabatda bo‘lsang, u o‘sib-ulg‘ayadi va ko‘zni quvontira boshlaydi.
Bu hayotda har kim o‘ziga xos. Va, o‘ziga xoslik har kimning muvaffayaiti uchun kalit.
Qarashlaring mahalliy emas, global bo‘lsin. Xalqaro miqyosda fikrlamas ekansan, sening sa’y-harakating uzoqqa bormaydi. Globallashuvni rad etish -- bugun imkonsiz.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!