Keraksiz SMS va qo‘ng‘iroqlarni ISY Block bilan cheklaymiz

  •   DiMaX
  •  3257
  •  06.07.2017 18:21

Keraksiz SMS va qo‘ng‘iroqlarni ISY Block bilan cheklaymiz

Ba’zida biror muayyan kishi yoki tashkilot qo‘ng‘iroq qilib bezovta etmasligini istaysiz. Yoki ishlaringiz tig‘iz payti telefon orqali muloqotlarga qimmatbaho vaqtingizni sarflashni xohlamaysiz. Shu kabi holatlarda sizga Android tizimli smartfonlar uchun ishlab chiqilgan ISY Block ilovasi ko‘makka keladi.

Bu dasturni o‘rnatib olgach, uning asosiy parametrlarini o‘zingiz belgilab olasiz: parol belgilaysiz va interfeysning rangini tanlaysiz. Uning ko‘rinishi juda tushunarli bo‘lib, ortiqcha ma’lumotlar bilan to‘ldirib tashlanmagan.


Mana shu yerda siz «tinch rejim»ni sozlab qo‘yishingiz mumkin. Unda belgilangan vaqt mobaynida sizga hech kim qo‘ng‘iroq qilib tusha olmaydi. Masalan, ish paytingiz chalg‘itmasliklarini istaysiz. Yoki tungi vaqtda bezovta etishlarini xohlamaysiz. Shunday vaqtlarda telefoningizga kiruvchi qo‘ng‘iroqlar cheklanadi.


ISY Block’ning bosh menyusi xuddi smartfondagi oddiy kontaktlar ro‘yxatiga o‘xshash qilib ishlangan. Birorta kontaktni tanlaganingizda, qalqib chiquvchi oynachani ko‘rasiz. O‘sha yerda shu kishidan keluvchi qo‘ng‘iroq va SMS-xabarlarni bloklashni sozlaysiz.

Yaxshi imkoniyat – agarda bitta kontaktda bir nechta raqam mavjud bo‘lsa, ular orasidan tanlab ayrimlarini alohida cheklash ham mumkin. Shundan keyin, bloklangan kontakt umumiy ro‘yxatda qizil nuqta bilan belgilanib qoladi. Bundan tashqari, barcha bloklangan kontaktlar ro‘yxatini alohida varaqada ham ko‘rishingiz mumkin.


Qizig‘i shundaki, ISY Block ilovasida yana bir imkoniyat bor: kiruvchi qo‘ng‘iroqlarni «Terilgan raqam mavjud emas» deya javob berib ham rad eta oladi.

Qo‘ng‘iroqlarni cheklashdan tashqari, bu dasturning ISY Messenger deb ataluvchi – SMS-xabarlarni cheklovchi funksiyasi ham mavjud. Uning interfeysiyam Android’ning standart messenjeriga juda o‘xshash. Biror kishidan xabar kelmasligini istasangiz, u bilan bo‘lgan yozishmaga kirasiz va qulf belgichasini bosasiz – olam guliston!


Xullasi kalom, ISY Block ilovasida hammasi sodda va qulay – telefon kontaktlarining «qora ro‘yxat»ini o‘zingiz boshqaring va sizni ortiqcha bezovta qilishmaydi. Tag‘in, bularning barchasi bepul va reklamasiz ishlashini aytmaysizmi!

Mazkur ilovani Google Play’dan mana bu havola orqali yuklab olishingiz mumkin.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!