Kompyuter shovqin chiqaradimi? Bartaraf etamiz!

  •   DiMaX
  •  2894
  •  23.08.2017 16:37

Kompyuter shovqin chiqaradimi? Bartaraf etamiz!

Kompyuter chiqaradigan tovushlar uning odatiy ish jarayonining natijasi yoki biror muammo darakchisi bo‘lishi mumkin. Xo‘sh, u shovqin solmasligi uchun nimalar qilish kerak?

1. Kompyuterni to‘ldirib tashlamang

Odatda siz protsessorning hisoblash quvvatini ko‘p miqdorda talab etadigan o‘yin yoki boshqa dasturlarni ishga tushirganingizda kompyuter g‘o‘ng‘illay boshlaydi. Buning boisi – uning qismlariga tushgan yuk haroratning ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi. Natijada esa ventilyator avtomatik tarzda o‘z tezligini oshiradi va uning ovozi ham kuchayadi.

Mazkur holatdagi shovqin me’yoriy jarayon hisoblanadi. To‘g‘ri, siz tizim sozlamalari orqali ventilyatorning aylanish tezligini kamaytirishingiz mumkin, ammo buni tavsiya etmaymiz. Chunki bu yo‘l bilan shovqinni kamaytirish evaziga siz qurilmalarning qizib ketishiga, oqibatda esa tezroq to‘zib ishdan chiqishiga sababchi bo‘lasiz. Shu bois, agarda kompyuter changdan tozalangan bo‘lsa va uning ovozi faqat ko‘p resurs talab etuvchi dasturlarni ishga tushirgandagina kuchayadigan bo‘lsa, unga tegmaganingiz ma’qul. Faqat kompyuterni zo‘riqtiruvchi shunday dasturlardan foydalanishda, o‘yinlarni o‘ynashda vaqtni ko‘p cho‘zib yubormang. Orada tanaffuslar qilib, uni sovitib oling.

2. Changdan tozalab turing!

Agarda kompyuteringiz yaqinda shovqinlay boshlagan, avvallari hatto o‘yin o‘ynagandayam bunday holat kuzatilmagan bo‘lsa, unda gap changda bo‘lishi ehtimoli yuqori. Ventilyatorning parraklariga o‘rnashib qolgan chang qo‘shimcha ishqalanishni keltirib chiqaradi va uning me’yoriy ishlashiga xalaqit beradi. Oqibatda esa g‘o‘ng‘illagan tovushlar chiqadi.

Bundan tashqari, kompyuterning isib ketuvchi qismlarini qoplagan chang qoplami ularning sovitilishiga to‘sqinlik qiladi. Bu esa korpus ichidagi umumiy haroratning ko‘tarilishiga olib keladi. Ventilyator tezroq aylanadi va, tabiiyki, ortiqcha tovush ham chiqaradi.

Tushunganingizdek, shovqinni pasaytirish uchun kompyuteringiz ichini changdan xalos etishingiz lozim. Buning uchun uni elektr tarmog‘idan butkul uzib turasiz-da, korpus qopqog‘ini ochasiz. Keyin esa changyutgich bilan kompyuterning ichki detallarini, ayniqsa ventilyatorini tozalaysiz. Bunda ehtiyotkorlikni unutmang. Har ehtimolga qarshi, changyutgichning quvuri (trubasi) ulangan biror joyida doka parchasi o‘rnatib qo‘ysangiz yanada yaxshi – biror mayda detali sug‘urilib chiqsa, shu yerda ushlanib qoladi.

Yodda tuting: korpus qopqog‘ini ochish tufayli kompyuterga sotuvchi tomonidan berilgan kafolat bekor bo‘ladi.

Kompyuterlarni ochish va changdan tozalash uchun universal yo‘riqnoma mavjud emas, chunki ularning korpuslari turlicha tuzilgan bo‘lishi mumkin. Noutbuklarga kelsak, ularni ochish birmuncha murakkab ham, shu bois agar o‘zingizga ishonmasangiz, uni ochmasdan turib, klavishlar oralarini hamda boshqa tirqishlarinigina changdan tozalab qo‘ysangiz ham yetarli. Yaxshiroq tozalashni istab qolsangiz, YouTube’dan aynan o‘zingizdagi qurilma modelini qanday ochish va tozalash bo‘yicha videoyo‘riqnomalarni ko‘chirib olib, o‘rganib chiqing. Eng yaxshi yo‘li esa – ozgina xarajatidan qochmasdan, maxsus kompyuter ustalariga olib borib tozalatishdir.

3. Kompyuter qismlari yaxshi terilganligini tekshiring

Ba’zida shovqinning sababi boshqa yoqda – korpusning detallari yoki kompyuterning ichki qismlari bir-biriga yaxshi mahkamlanmaganligida bo‘ladi. Bunda ventilyatorlar va disklarning aylanishi natijasida titrash yuzaga keladi. Oqibatda yoqimsiz, vibratsiyali tovush chiqadi.

Agarda sizda ham shunday holat kuzatilsa, mazkur muammoni bartaraf etish uchun korpusni ochishga to‘g‘ri keladi. Uning ichidagi mayda boltlariyu shuruplarining mavjudligi hamda oxirigacha qotirilganligiga ishonch hosil qiling. Yetishmayotgan – tushib qolgan boltlarni topib joylashtiring va hammasini oxirigacha burab mahkamlab chiqing.

4. Qattiq diskni ta’mirlating yoki almashtiring

Kompyuterdagi shovqin qattiq diskdan chiqayotgan bo‘lishi ham mumkin. Ba’zida undan chatnashga, chertishga o‘xshash ovozlar chiqib turadi. Bular esa vinchesterning ishlashida muammo mavjudligidan dalolat beradi. Shuningdek, bu ovozlar ko‘payaversa, tez-tez takrorlanaversa, vinchesteringiz yaqin orada ishdan chiqishi ehtimoli ham yo‘q emas.

 Buning oldini olish va birato‘la shovqindan ham qutulishning ikkita yo‘li bor: qattiq diskni ustaga olib borib ta’mirlatasiz yoki yangisiga almashtirasiz. Tabiiyki, bunda uning ichidagi kerakli ma’lumotlaringizni boshqa biror (masalan, tashqi) diskka ko‘chirib saqlab turasiz.