Ko‘zga zarar yetmasligi uchun ekranni qanday sozlash kerak?

  •   DiMaX
  •  7735
  •  25.12.2017 16:52

Ko‘zga zarar yetmasligi uchun ekranni qanday sozlash kerak?

Bugungi zamonda turli korxona-tashkilotlar ofislarida ko‘p ishlar kompyuterda bajariladi. Tabiiyki, ekran oldida o‘tirgan kishiga uning nurlari ta’sir etadi. Biz esa shu ta’sirni kamaytirish, ko‘zlarni toliqtirib qo‘ymaslik uchun ekranni qanday sozlashni ko‘rib chiqamiz.

Sozlashga kirishishdan oldin, qulay yorug‘lik sharoitlarini yaratib oling. Derazadan yoki xona chirog‘idan kelayotgan nur ekranga yoki ko‘zingizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushib turmasligi lozim.

Ekranni ikki usulda sozlash mumkin: monitor tugmachalari orqali hamda qo‘shimcha dasturlar yordamida. Quyida ulardan har birini ko‘rib o‘tamiz.

Qani, ketdikmi?

Monitor tugmachalari orqali sozlash

Agarda kompyuteringiz monitorida tasvir parametrlarini o‘zgartiruvchi tugmachalar mavjud bo‘lsa, demak, uning operatsion tizimga bog‘liq bo‘lmagan o‘z sozlamalari bor ekan. Eng maqbul tasvir sifatiga erishish uchun ulardan foydalanishingiz mumkin.

Buning uchun sizga vizual mo‘ljal ham kerak bo‘ladi, ya’ni bunda ko‘maklashuvchi maxsus servislar xizmatidan foydalanishingiz mumkin. Masalan, tushunishga qulay – rus tilidagi Monteon sayti monitorni sozlash testlarini o‘z ichiga oladi. Mazkur resursga kirsangiz, maxsus tasvirlar mavjud, to‘g‘ri mozlangan displeyda ular qanday ko‘rinishi kerakligi esa saytdagi maxsus tavsifda berilgan.

Shunchaki, ekraningizni shunday sozlangki, testdagi tasvirlar tavsifdagiga imkon qadar ko‘proq yaqin kelsin.

Darvoqe, bundan oldin monitorda eng yuqori tasvir aniqligi qo‘yilganligini tekshirib oling. Windows tizimida bu sozlama mana bu manzilda joylashgan: «Pusk» → «Parametri» → «Sistema» → «Ekran». MacOS tizimida esa, Apple menyusi orqali «Sistemnie nastroyki» → «Monitori» → «Monitor» manziliga kirasiz.

Tasvir aniqligi qanchalik yuqori bo‘lsa, ekrandagi ko‘rinish ham shunchalik chiroyli, ko‘zga qulay bo‘ladi.

Qo‘shimcha dasturlar yordamida ekranni sozlash

Agarda monitoringizda ekranni sozlash tugmachalari yo‘q bo‘lsa, yoki noutbuk ekranini sozlamoqchi bo‘lsangiz, bunda tasvirni maxsus dasturlar vositasida sozlashingizga to‘g‘ri keladi. Agarda displeyingizni monitor tugmachalari orqali sozlagan bo‘lsangiz ham, baribir uni yana tizim vositalari orqali kalibrovka qilishingiz mumkin – balki natija yanada yaxshilanar.

Bunday ilovalar Windows hamda macOS operatsion tizimlari uchun ham ishlab chiqilgan. Ular sodda bo‘lib, foydalanuvchiga eng maqbul sozlamalarini o‘rnatib olishda yaxshi yordam beradi.

Windows tizimida

Tizim bo‘yicha qidiruvni oching, unda «kalibrovka» so‘zini terib, izlang va topilgan dasturni ishga tushiring. Ekranda displeyni sozlash uchun testlar ketma-ketligi paydo bo‘ladi. Tizim ko‘rsatmalariga amal qilgan holda, ularni bajarib chiqing.

Shuningdek, Windows 10 talqinida «Sredstvo nastroyki teksta ClearType» vositasi ham bor. U ekranda aks etadigan matnni o‘qish uchun qulayroq qilish imkonini beradi. Uni sozlash uchun, tizim bo‘yicha «ClearType»ni izlab toping va belgilab yoqib qo‘ying.

MacOS tizimida

Ekranning yuqori qismidagi Apple menyusini oching va quyidagi bo‘limga kiring: «Sistemnie nastroyki» → «Monitori». Keyin esa undagi «Svet» varaqasini ochib, «Kalibrovat» tugmachasini bosing. Monitorni eng yaxshi tarzda sozlash uchun yordamchining ko‘rsatmalariga rioya eting.

O‘ylaymizki, monitoringiz ekranini shu tariqa sozlab olgach, kompyuterda ishlash ancha yengillashadi.

O‘QING: Kompyuterda ishlash uchun ko‘zoynak qanday tanlanadi?

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.