Kuzda Full Active ekranga ega ilk smartfon taqdim qilinadi

Kuzda Full Active ekranga ega ilk smartfon taqdim qilinadi

Kuz yangicha dizayn va texnologiyalarga ega smartfonlarga boy fasl bo‘ladi. Jumladan, jahonning 3-raqamli smartfon ishlab chiqaruvchisi Huawei kompaniyasi ham kuzda Mate 10 flagmanini taqdim qiladi. Hozircha mazkur smartfon dizayniga oid yagona taxmin -- uning ramkasiz displeyli bo‘lishi.  

14 avgust kuni Huawei Mate 10'ning bir atomli uglerod kristallidan tarkib topgan yangi avlod akkumulyatorlariga ega bo‘lishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar tarqaldi. Huawei bu turdagi batareyalarni 2016 yil yakunida kashf qilgan. Uning o‘ziga xos jihati shundaki, akkumulyator yuqori haroratli (60 gradus) muhitda ham muammosiz ishlaydi va qizib ketmaydi. Shuningdek, mazkur turdagi akkumulyatorlar litiy-ionli "quvvat toshi"ga qaraganda 2 barobar uzog‘roq xizmat qiladi.

Huawei Mate 10 flagmanining akkumulyator sig‘imi 4500 mA soat bo‘ladi va bu batareya tezkor quvvat oladi.

Devays kamerasining 3D skanerlash va qo‘shimcha voqelik funksiyalarini qo‘llab-quvvatlashi aytilmoqda.

Hozircha quloqqa chalingan axborotlarga ko‘ra,  Mate 10 devaysi Kirin 970 protsessori, 6 Gb "operativka", 6 dyuymli va 2160x1080 piksel sig‘imiga ega displey (tomonlar nisbati -- 18:9), Leica'ning qo‘sh sensorlari bosh kamerasi bilan ta’minlanadi.

Ekran yaponiyaning taniqli JDI kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilmoqda hamda Full Active texnologiyasiga ega bo‘ladi. Bu turdagi ekran 4 tomonidagi o‘ta yupqa romlari bilan o‘ziga xos. Bu romlar old panel to‘liq ekrandan iborat bo‘lgan gadjetlar ishlab chiqarishda qo‘l keladi.

Shuningdek, Full Active ekranda Pixel Eyes innovatsiyasi joriy qilinib, bunda  displey barmoq zarbi darajasiga ko‘ra amallarni bajaradi. Ya’ni, endi qo‘lqop yoki nam barmoq bilan ham ekrandan foydalanish mumkin.

Ma’lum bo‘lishicha, 16 oktyabrda namoyish qilinishi kutilayotgan Mate 10 quyidagicha ko‘rinishda bo‘ladi va  $1100 AQSh dollaridan sotuvga chiqariladi. Mate 10 Lite esa $550 dollardan sotiladi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.