LG Electronics navbatdagi ilg‘or smartfonini taqdim qildi

LG Electronics navbatdagi ilg‘or smartfonini taqdim qildi

LG Electronics kompaniyasi "Q" turkumiga kiruvchi yangi — LG Q8 smartfonini taqdim qildi.

Bir muddat avval namoyish qilingan LG Q6 modeli G6 flagmanining soddalashtirilgan talqini bo‘lsa, LG Q8 ko‘rinishi va jihatlariga ko‘ra LG V20 modelini eslatadi. Jumladan, yangi smartfon displeyining ustki qismida ham yordamchi ekran mavjud.

LG Q8 metall korpusga yig‘ilgan bo‘lib, LG G6 singari, korpus chang va suv ta’siridan himoya qilingan.Aniqrog‘i IP68 guvohnomasi unga 1,5 metr chuqurlikda yarim soatgacha "jon saqlash" imkonini beradi.

LG Q8 devaysi 5,2 dyuymli, Quad HD (2560 x 1440 pikselli) sig‘imli ekranga ega bo‘lgan. Orqa panelda barmoq izlari skaneri moduli, shuningdek 13+8 megapikselli bosh kamera sensorlari mavjud. Smartfondagi old kamera sig‘imi 5 Mp.

13 megapikselli kamera modulining yorug‘lik linza hajmi f/1.8 bo‘lib, bu modul suratni optik barqarorlashtirish funksiyasiga ega. Ikkinchi model esa keng burchakli, ya’ni 135° darajali surat oladi.

"Aqlli telefon"ga xos jihatlar qatorida sifatli ovoz ta’minoti uchun 4 kanalli raqamli-analog o‘girgichi joriy qilinganini e’tirof etish mumkin.

Apparat ta’minoti uchun 2016 yilning eng ilg‘or chipi bo‘lgan Qualcomm Snapdragon 820, shuningdek 4 GB "operativ" va 32 GB doimiy xotira tanlangan. Xotirani 2 terabaytgacha kengaytirish imkoni mavjud. Akkumulyatorning elektr toki sig‘imi 3000 mA soat.

LG Q8 o‘lchamlari: 149 x 71,9 x 8 mm, vazni — 149 gramm. Smartfon faoliyati Android 7.0 Nougat operatsion tizimi boshqaruvida tashkil qilinadi. Smartfon shu oy yakuniga qadar birinchi bo‘lib Yevropada 599 yevro bahosida sotuvga chiqariladi.

Uning raqiblari qatorida 2016 yilning barcha flagman smartfonlarini kiritish mumkin. Jumladan, Xitoyning yetakchi aloqa vositalari va Koreyaning Samsung Galaxy S7 smartfoni. Ayniqsa, deyarli uning yarim bahosiga narxlangan Xiaomi Mi 6 ham dizayn va jihatlariga ko‘ra LG Q8 bilan bemalol raqobatga kirisha oladi. Marketologlarning fikricha, LG narx masalasida biror o‘zgarish qilmasa, smartfon bozoridaga raqobatga dosh bera olmaydi.