"LG G710" — LG'dan jiddiy "kambek"!

LG flagmanlari Samsung ishlab chiqarayotgan ilg‘or smartfonlar bilan jiddiy raqobatga kirishadigan devayslar hisoblanadi. Ko‘pchilik aynan LG G6 bugungi flagmanlarda tatbiq qilingan cho‘zinchoq ekranlarni ilgari surganini eslay olmasa kerak. Aksariyat foydalanuvchilar mazkur texnik o‘ziga xoslikni Samsung'ga tegishli deb o‘ylashadi.

Garchi, LG G6 ekrani atrofi yupqa ramka bilan o‘ralgani, old shisha paneli Gorilla Glass 5 himoya shishasi bilan qoplangani va boshqa jihatlari bilan o‘ziga xos bo‘lsa ham, uning Snapdragon 821, ya’ni 2016 yilning ilg‘or protsessori bilan ta’min qilingani ko‘pchilikning hafsalasini pir qilgan edi. Sababi, 2017 yilda flagman smartfonlar uchun Snapdragon 835 chipi haqiqiy trend bo‘ldi.

LG muhandislari bu aybni yuvish uchun ishga jiddiy kirishdilar va muhim texnologik o‘ziga xosliklarga ega navbatdagi flagmanni ishlab chiqarish bo‘yicha izlanishlar olib borishmoqda. Hozircha internet tarmog‘ida flagmanning turli ko‘rinishdagi renderlari e’lon qilingan.

LG G7 flagmani to‘g‘risida ilk jiddiy xabarlar taniqli tahlilchi Evan Blass tomonidan e’lon qilingan. Unga ko‘ra flagmanga "Judy" deya ishchi nom berilgan.

Bugun esa mazkur devaysning bozorga LG G710 nomi bilan chiqarilishi ma’lum qilindi. 6,1 dyuymli displey yupqa rom bilan o‘rab olinadi hamda smartfon platformasida Snapdragon 845 protsessori o‘rnatiladi. Uning tezkor xotirasi 4 gigabaytli, doimiy xotirasi 64 gigabaytli bo‘ladi.

Shuningdek, smartfonga stereodinamiklar hamda suv o‘tkazmas korpus o‘rnatiladi.

LG G7 bosh kamerasining 2 ta sensorlaridagi yorug‘lik taqsimotiga mas’ul moslamalar hali biror smartfonda joriy qilinmagan — f/1.4 standartida bo‘ladi.

Ta’kidlanishicha, G7 Quick Charge 4.0 tezkor quvvatlantirish texnologiyasiga ham ega bo‘ladi.

LG G7 smartfoni ko‘zning rangdor pardasi va foydalanuvchi qiyofasini skaner qiladi. Bu xavfsizlik tizimi apparat emas, dasturiy ta’minotga, aniqrog‘i murakkab algoritmlarga asosolangan bo‘ladi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.