LG Q7: jihatlar flagmanga xos, narx esa ommabop

LG Q7: jihatlar flagmanga xos, narx esa ommabop

2017 yilda taqdim qilingan LG G6 flagmanining muvaffaqiyatidan ilhom olgan LG bir fursat o‘tib, FullVision-displeyli LG Q6 flagmani turkumini bozorga tushirgan edi. Turkumning o‘ziga xosligi shundaki, smartfonlar o‘rta darajali bo‘lsa ham, flagman smartfonlarning ayrim jihatlarini o‘zlashtiradilar.

Bu tajriba ham ish bergan chog‘i, harqalay kompaniya bu yil ham mazkur turkumda yangi smartfonlarni ketma-ket taqdim qilmoqda. Bugun LG Q7 modeli namoyish qilindi. Yangi smartfon uchta modelda taqdim qilindi: LG Q7, LG Q7+ hamda LG Q7a.

LG Q7 smartfoni LG G7 ThinQ flagmanining ixcham hamda texnik jihatdan soddalashtirilgan talqini hisoblanadi. Uning yupqa romlari hamda bir qator jihatlari flagmanlarga xos. Old paneldan qaraganda bu model LG Q6 smartfoniga o‘xshab ketadi.

Undagi 5,5 dyuymli displeyning ekrani FullVision trendi bo‘yicha ishlangan. Ekrandagi piksellar sig‘imi 2160x1080 ta belgiga teng.

Smartfon samaradorligi 8 yadroli, chastota tezligi 1,5 GGs yoki 1,8 GGs bo‘lgan protsessor, 3 Gb sig‘imli tezkor hamda 32 Gb doimiy xotirali platformaga bog‘liq.

Akkumulyator sig‘imi 3000 mA soat. Smartfondagi bosh kamera 13 megapikselli. Old kamera esa 8 Mp yoki hududidan kelib chiqib 5 Mp sig‘imli. LG Q7 korpusi suv hamda changdan IP68 (harbiy standart hisoblangan MIL-STD 810G'ga javob beradi) standarti bo‘yicha himoya qilingan. Gadjetda barmoq izi skaneri, Face Unlock tizimi, NFC modeli, tezkor quvvat olish funksiyasi, 2 terabaytgacha bo‘lgan xotira kartasi uchun microSD bo‘lmachasi, USB Type-C porti bor. Smartfon Android 8.0 Oreo operatsion tizimida ishlaydi.

LG Q7+ modeli esa nisbatan kuchliroq: 4/64 Gb tezkor xotira, ovoz sifatiga mas’ul Hi-Fi Quad DAC audiochipi, 16 megapikselli bosh kamera.

LG Q7a esa yuqoridagi smartfonlardan 5 megapikselli selfi kamerasi bilan farqlanib turadi. Smartfonlar yozning ilk oyida sotuvga chiqariladi. Ularning taxminiy bahosi 300 AQSh dollaridan boshlanadi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!