Mac tezkor xotirasini tozalash uchun Dashboard’ni uzib qo‘yamiz
Agarda siz o‘zingizning Mac kompyuteringizda Dashboard’dan foydalanmaydigan bo‘lsangiz, uni butkul uzib qo‘yganingiz ham ma’qul. Kompyuterning xotirasida qimmatli megabaytlarni egallab turgan bu funksional ilovani to‘xtatib qo‘yish uncha qiyin emas.
Kerakmi o‘zi sizga shu?
Faqat bundan oldin o‘zingizga savol berib ko‘ring: siz qo‘shimcha ish makonidan qanchalik tez-tez va nima maqsadlarda foydalanasiz; undagi qaysi vidjetlar sizga chindan ham zarur?
Agarda siz Dashboard’dagi barcha vidjetlar orasida faqatgina ob-havo yoki kalkulyatorni ishlatadigan bo‘lsangiz, ularning o‘rniga ilova topib o‘rnatish qiyin emas. Masalan, havo harorati va iqlim sharoitlarini bilish uchun Degrees utilitasini olib o‘rnatish mumkin. U o‘z vazifalarini ajoyib tarzda uddalaydi hamda ishlash uchun «jihozlar paneli»ni talab etmaydi.
Shu kabi boshqa vidjetlarning ham analoglarini topish mumkin. Bir-ikkitagina vidjet uchun butun boshli Dashboard’ni yoqib o‘tirishning nima keragi bor?
OS X’da vidjetlar panelini o‘chirib qo‘yish judayam oson. Buning uchun Terminaldagi bittagina buyruqdan foydalanish kifoya.
OS X’da Dashboard’ni o‘chirib qo‘yish va joyiga qaytarish
Buning uchun quyidagi qadamlarni amalga oshiramiz:
1-qadam: Utilitalar («Utiliti») jildidagi Terminal standart ilovasini ochamiz.
2-qadam: Dashboard’ni o‘chirib qo‘yish uchun quyidagi buyruqni bajaramiz:
defaults write com.apple.dashboard mcx-disabled -boolean YES
3-qadam: O‘zgarishlar joriy etilishi uchun Dock’ni o‘chirib-yoqamiz:
killall Dock
Bo‘ldi! Endi Dashboard sizning Mac’ingiz xotirasidan o‘chirib qo‘yildi va u yerda megabaytlarni band qilib turmaydi.
Agarda keyinchalik fikringizni o‘zgartirib qolsangiz va mazkur funksiyani OS X’ga qaytarmoqchi bo‘lsangiz, u holda yana shu buyruqdan foydalanasiz. Faqat endi buyruqdagi YES o‘rniga NO qo‘yasiz:
defaults write com.apple.dashboard mcx-disabled -boolean NO
Oxirida yana Dock’ni o‘chirib-yoqishni unutmang.