"Malika"dan Redmi Note 5 Pro yoki iPhone SE olsammi?"

Avvalroq xabar berganimizdek, yurtimizda ham Redmi Note 5 Pro smartfoni sotila boshlandi. Aslida narxi o‘rta darajali bo‘lgan devays ayni paytda noyob bo‘lgani tufayli insonfsizlarcha narxlangan.

Xitoyning o‘zida bu smartfon 218 AQSh dollaridan (4/64 GB) boshlab, 265 AQSh dollarigacha (6/64 GB) sotilayotgan bo‘lsa, «Malika» texnomarkazi do‘konlarida Redmi Note 5 Pro modeli uchun naq 2 725 000 so‘m so‘rashmoqda, bu esa taxminan 330 AQSh dollari, degani!

Yirik va sifatli ekrani, qo‘sh sensorli bosh kamerasi, metall korpusi va funksiyalari bilan Xiaomi Redmi Note 5 Pro barcha raqiblarini ortda qoldiradi. Biroq, bozorda ayni paytda jiddiy va nomdor raqib bor -- iPhone SE (32 Gb), uni hozirda "Malika"da 2 805 000 so‘mdan sotishmoqda.

So‘nggi vaqtlarda ancha arzonlashib ketgan iPhone SE ko‘pchilikning diqqatini tortmoqda. Ushbu model Apple koropratsiyasining 4 dyuymli ekranga ega ilg‘or va ixcham, eng arzon smartfoni. Quyida raqiblarni har jihatdan taqqoslab, munosibini tanlaymiz.

Dizayn va korpusning yig‘ilishi


Redmi Note 5 Pro bugungi kunda Xitoyda va Osiyo bozorlarida talab eng yuqori bo‘lgan smartfonlar sirasiga kiradi. O‘rta narxli diapazonga mansub gadjet ekrani zamonaviy ko‘rinishda -- 18:9 standartli. Uni kaftda tutib boshqarish avvalgi modellardan ancha qulay. Displey esa yupqa romlari bilan o‘ziga maftun qiladi. Orqa panel plastik va metall uyg‘unligida ishlangan.

iPhone SE va Note 5 Pro yonma-yon qo‘yiladigan bo‘lsa, korpus yig‘ilishidagi farqni ko‘rish mumkin. IPhone SE bir vaqtlar hashamdor smartfonlar qatorida turgan edi va oradan ikki yil o‘tib, hozir ham uning korpus yig‘ilishi Apple flagmanlariga xos sifatni saqlab qolgan. 4 dyuymli ekran ixcham smartfon orzusida yurganlar uchun ayni muddao. Smartfon orqasidagi metall panelning yuqorisi va quyisida 2 ta shishador qism mavjud.


Ekran


Bu masalada Redmi Note 5 Pro o‘tgan yillardagi aksariyat flagmanlarni ham mag‘lub qila oladi. Yirik Full HD+ sig‘imli va IPS matritsali ekran 5,9 dyuymli va uning tomonlar nisbati zamonaviy -- 18:9 standartli. Raqibi uning oldida jajji telefonga aylanib qoladi.

4 dyuymli iPhone SE smartfonining piksellar sig‘imi ancha past -- 1136 x 640 pikselga teng. Agar siz smartfonda matn o‘qish, o‘yin o‘ynash hamda film tomosha qilishni ma’qul ko‘rsangiz, unda albatta Redmi Note 5 Pro xarid qiling.

Platforma samaradorligi


Redmi Note 5 Pro yuqori samaradorlikka ega bo‘lgan Qualcomm Snapdragon 636 chipseti boshqaruvida ishlaydi. Uning tezkor xotira sig‘imi 6 gigabaytli va doimiy xotira uchun 64 gigabayt joy ajratilgan. Smartfon Android 7.1 operatsion tizimida ishlaydi. Umuman olganda, Note 5 Pro tezkor smartfon hamda foydalanish chog‘ida "qotib qolish" yoki uzilishlar kuzatilmaydi.

Unda "og‘ir" o‘yinlarni ham maza qilib o‘ynash mumkin. iPhone SE esa hozirda iOS 11.3 operatsion tizimida faoliyat ko‘rsatadi. Uning samarali ishlashi uchun 2 yadroli Apple A9 protsessori va 2 gigabaytli tezkor xotira mas’ul. Bunday parametr hozirgi zamonaviy foydalanuvchi uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin. Shunga qaramasdan, iOS tizimining ayfon modellariga yuqori darajada muvofiqlashtirilganini unutmaslik lozim.

Dalil keltiramiz: iPhone SE AnTuTu benchmarkida 134 358 ball to‘plagan, Redmi Note 5 Pro esa 112 649 ball to‘plagan.


Kamera


Bu gal Xiaomi smartfoni yana lidergaaylanadi. Qo‘sh sensorli bosh kamera 12 va 5 megapikselli sensorlar birikuvidan tashkil topgan. Bu kameraning rangni ifodalashi va yorqin suratlar olishi foydalanuvchini xursand qiladi. Qolaversa, orqafoni g‘ira-shira qilingan portret rejimi ham ko‘pchilik uchun ayni muddao.

20 megapikselli (f/2.2) Sony IMX376 sensori o‘rnatilgan va ilg‘or LED fotochqanog‘i bo‘lgan old kamera esa chinakam bonus!

iPhone SE bosh kamerasi 12 megapikselli hamda unda ham yaxshi suratlar olish mumkin. Biroq sifat borasida Note 5 Pro'dan orqadaligini siz ham suratda ko‘rib turibsiz. Ayfon old panelida esa 1.2 megapikselli kamera datchigi mavjud.

Batareya
Xiaomi odatda Redmi turkumiga mansub smartfonlariga yirik sig‘imli akkumulyatorlarni o‘rnatadi. Note 5 Pro ham tok sig‘imi 4000 mA soat bo‘lgan akkumulyator bilan ta’minlangan. Uni to‘liq quvvatlab, faol ishlatganda Note 5 Pro quvvati bir yarim kunga yetadi. Bu foydalanuvchini xursand qiladigan natija.

iPhone SE batareyasi esa solishtirib ko‘rganda, juda kichik tuyilishi mumkin -- 1624 mA soat. Biroq displeyning kichikligi va quvvatni tejash funksiyalarini hisobga olsak smartfon to‘liq quvvati bilan bir kun xizmat qiladi.


Xulosa


Bugungi "jang"da Redmi Note 5 Pro modeli shubhasizki, sifatli ekrani, uzoqqa yetadigan batareyasi hamda suratkashlikda tengsiz kamerasi bilan yaqqol ustun. Hozircha yurtimizda juda qimmat sotilayotgan smartfon bahosi tez orada tushadi hamda o‘rtacha 2 million so‘mni tashkil qiladi.

Shu bilan birga, korpusining sifatli yig‘ilishi hamda samaradorlikda iPhone SE mutloq g‘olib bo‘ldi. Tanlovni doimgidek sizning ixtiyoringizda qoldiramiz.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!