Mark Zukerbergning Harvard bitiruvchilariga murojaati

Mark Zukerbergning Harvard bitiruvchilariga murojaati

Facebook asoschisining 25 may kuni Harvard universitetida universitet darajasini olish chog‘ida qilgan chiqishidagi fikrlaridan namunalar.

“Ulkan muvaffaqiyatlar insonda muvaffaqiyatsizlikka uchrash erkinligining borligi bois sodir bo‘ladi. Facebook mening birinchi urinishim emas. Ungacha o‘yinlar, chat tizimlari, ta’lim resurslari va musiqiy pleyerlar yaratib ko‘rdim. Agar oilam menga ilk muvaffaqiyatsizliklarga uchrashim uchun erkin sharoit yaratib bermaganida, men bu yerda hozir bo‘lmagan bo‘lar edim.

Hayotda hamma ham rad etiladi. J.K. Roulingning “Harri Potter”i chop qilinguniga qadar 12 marta rad qilingan. Hatto, Beyoncé ham taniqli ‘Halo’ hitiga qadar yuzlab omadsiz qo‘shiqlarni yaratgan.

Bugun tadbirkorlik imkoniyatlari oshib borayotgan bir paytda, ko‘plab g‘oyalarni sinab ko‘rish mumkin. Ammo, modomiki, o‘zingizda mavjud g‘oyani amalga oshirish uchun erkin emas ekansiz, imkon mavjud emas ekan — oxir-oqibat yutqazasiz.

Men aynan shuning uchun Harvardni tashlab ketib, 10 yilda milliardlab dollar topgan bo‘lsam, millionlab talabalar o‘z bizneslarini tashkil qilish u yoqda tursin, hatto kundalik ehtiyojlar uchun qarzlarini to‘lay olmaydilar. Ya’ni, bu — jamiyatimizdagi bugungi adolatsizlik.

Bizdan avvalgi ajdodlar saylov huquqi, fuqarolik huquqlari uchun kurashishgan. Bugungi avlod esa g‘oyalarini hayotda tatbiq etish tengligi uchun kurashishmoqda. Bugun har kimga g‘oyasini tatbiq etish erkinligi berilishi kerak. Ya’ni, har bir odamga o‘zidagi g‘oyani amalga oshirishi uchun zarur mablag‘ ajratilishi kerak. Bu — hozirgi avlod uchun zarur yangi ijtimoiy shartnoma. Ayniqsa, avtomatlashtirish oqibatida ish o‘rinlari yo‘q bo‘lib ketayotgan bir paytda, biz ko‘proq yangi ish o‘rinlari yaratishga harakat qilishimiz kerak.

Barchaga maqsadi ortidan borish erkinligini berish — tekinga bitadigan ish emas. Jahonda odamlar o‘rtasidagi iqtisodiy tafovut va notenglikni bartaraf qilish uchun o‘ziga to‘q saxiy odamlar mas’uldirlar.

Hayotda o‘z yo‘lini topishning o‘zi kifoya qilmaydi. Bugungi avlod oldida turgan muhim vazifa — har kimga maqsadini anglash va uning ortidan borish hissini, jur’atini beradigan jamiyatni yaratishdir”.

Eslatma: Zukerberg va uning turmush o‘rtog‘i Prissilla Chan iqtisodiy notenglikka qarshi kurashuvchi “Chan Zuckerberg Initiative” xayr-saxovat loyihasini amalga oshirib kelishmoqda.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!