Mashhur ayfon tahlilchisi iPhone 8 haqida “bashorat”larini aytdi

Mashhur ayfon tahlilchisi iPhone 8 haqida “bashorat”larini aytdi

KGI Securities tadqiqot markazining tahlilchisi, Apple mahsulotlari bo‘yicha taniqli “bashoratchi” Min-Chi Kuo bu gal iPhone 8 smartfonining quvvat olish tizimi va akkumulyator sig‘imi xususida fikr bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi ayfon yanada keng sig‘imli akkumulyator bilan ta’minlanadi. Bu to‘g‘rida taniqli axborot texnologiyalari nashri 9to5mac yozmoqda.

Navbatdagi iPhone taqdimotiga hali yarim yilcha fursat bo‘lsa ham, u to‘g‘rida turli ma’lumotlar har kuni tarqalmoqda. Tahlilchi Kuoning so‘zlariga ko‘ra, iPhone 8 gadjetining quvvat toshi ikki bo‘limdan iborat bo‘ladi. Bu akkumulyatorlarning elektr toki sig‘imi iPhone 7 Plus batareykasiniki kabi bo‘ladi. Ya’ni, iPhone 8 devaysi 2700 mA soat tokni o‘zida jam qila oladi. iPhone 7 smartfonidagi akkumulyator sig‘imi esa 1960 mA soat.

iPhone 8’ni ba’zi bir insayderlar iPhone X deb ham nomlashmoqda. iPhone X shu vaqtga qadar ishlab chiqarilgan ayfonlar ichida eng qimmati bo‘ladi. U bilan birga iPhone 7s va iPhone 7s Plus ham taqdim qilinadi.
iPhone 8 gadjetining o‘lchamlari iPhone 7’niki bilan bir xil bo‘lsa ham, uning ekrani 5,5 dyuymli bo‘ladi. Ya’ni, korpusdagi ekran uchun joy kengayadi va old panel deyarli displeydan iborat bo‘ladi. Apple yangi smarftonlar uchun OLED-matritsalardan foydalanadi. Bunday ekranlar kam quvvat yeyishi bilan ajralib turadi.

Janob Kuoning aytishicha, Apple smartfon uchun yangi dizayndagi ixcham “ona plata”ni ishlab chiqqan. Natijada, korpusga ikki qismdan iborat akkumulyatorni joylashtirish imkoniyati yaratildi. Bu yangicha plata iPhone 7s va iPhone 7s Plus gadjetlarida ham o‘rnatiladi. Ekspertning aytishicha, yangi iPhone orqa paneli shisha xomashyosidan tayyorlanadi. Har uchala smartfon simsiz quvvat olish funksiyasiga ega bo‘ladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!