Mashhur YouTuber 2022 yilgi eng yaxshi smartfonlarni aniqladi

Mashhur YouTuber 2022 yilgi eng yaxshi smartfonlarni aniqladi

Har yili mashhur YouTuber Markes Braunli (MKBHD) turli xil kategoriyalar bo‘yicha yilning eng yaxshi smartfonlarini aniqlaydi. O‘tgan yili iPhone modellari uchta nominatsiyada g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, bu yil negadir Apple smartfonlari biroz diqqat markazidan yo‘qolib qoldi. 

MKBHD g‘olib smartfonlarni quydagi kategoriyalar bo‘yicha aniqladi:

• Eng yaxshi katta smartfon

• Eng yaxshi kichik smartfon

• Eng yaxshi kameraga ega smartfon

• Eng yaxshi quvvat samaradorligiga ega smartfon

• Eng yaxshi dizayndagi smartfon

• Narxiga arziydigan eng yaxshi smartfon

• Yilning eng muvaffaqiyatsiz smartfoni

• Yilning eng yaxshi smartfoni

Kutilganidek, ushbu kategoriyalarda g‘olib bo‘lish uchun ko‘plab Android smartfonlarini topish mumkin. Apple esa hozirda faqat sakkizta iPhone modellaridan sotmoqda. Ularning beshtasi ushbu yilda taqdim etilgan. Garchi MKBHD g‘oliblarni o‘zining mezonlariga asoslangan holda aniqlagan bo‘lsa-da, u smartfonlarning texnik ko‘rsatkichlari va o‘zing foydalanish tajribasiga ham ahamiyat bergan. 

Eng yaxshi katta smartfon

iPhone 14 Pro Max 6.7 dyuymli displeyga egaligini hisobga olib, uni katta smartfon deyish mumkin. Biroq MKBHD 2022 yilning eng yaxshi katta smartfoni nominatsiyasiga Galaxy S22 Ultra'ni tanladi.

Youtuber'ning fikriga ko‘ra, ushbu smartfon 6.8 dyuymli katta displeyga ega. Dasturiy ta’minot bilan optimallashtirilgan stilus esa aynan katta hajmli displey bilan ishlashda ancha qulaylik yaratadi. Shuningdek, u smartfon 5,000 mAs akkumulyator hamda orqa paneldagi to‘rtta kameraga ega ekanligiga ham urg‘u bergan. 

Markes, shuningdek, ASUS ROG Phone 6 modelini ham maqtab o‘tgan. Ushbu qurilma o‘yin uchun mo‘ljallangan bo‘lib, uning old tomonda katta stereo dinamik hamda 3.5 mm audio jek bilan jihozlanganligi alohida e’tiborga molik. 

Xiaomi Mix Fold 2 modeli buklanganda oddiy smartfonlar kabi qalinlikda bo‘lgani uchun ham uni eng yaxshi katta smartfonlar qatorida eslab o‘tildi. 

Eng yaxshi kichik smartfon 

O‘tgan yili iPhone 13 mini ushbu kategoriyada g‘olib bo‘lgan edi. Borgan sari smartfonlar hajmi kattalashib, kichik flagman smartfon kamayib ketmoqda. Apple ham mini modeldan voz kechib, uni katta Plus modelga o‘zgartirdi. Bu yil esa MKBHD eng yaxshi kichik smartfon nominatsiyasida ASUS Zenfone 9 modelini tanladi.

Garchi 5.9 dyuymli displeyga ega ushbu smartfon iPhone 13 mini kabi kichik bo‘lmasa-da, qolgan smartfonlarga qaraganda uning hajmi unchalik katta emas. Markes qurilma flagman darajadagi texnik ko‘rsatkichlar, yuqori sifatdagi kamera, 3.5 mm audio jek va uzoq muddatli akkumulyator avtonomligiga ega ekanligini aytib o‘tdi. 

Oppo Find N2 modeli ham buklanganda kichik hajmda bo‘lganligi sabab Markes ushbu buklamafonni ham g‘oliblar qatorida eslab o‘tdi. 

Eng yaxshi kameraga ega smartfon

Ushbu nominatsiyada biror bir smartfon tanlab olish ko‘proq sub’yektiv fikrlar asosida amalga oshiriladi. Buning sababi surat va videolar uchun turli xil mezonlar bo‘lib, bunda hammaga bitta smartfonda olingan surat yoki videolar yoqavermaydi. 

Bir necha kun oldin MKBHD smartfon kameralarada o‘tkazilgan test natijalarini e’lon qildi. Testda ishtirokchiga surat qaysi smartfonda olingani aytilmaydi. Test natijalariga ko‘ra, Pixel 6a birinchi, Prixel 7 Pro esa ikkinchi o‘rinni egalladi. 

Biroq Markes eng yaxshi kamerali smartfon nominatsiyasiga iPhone 14 Pro modelini tanladi. Youtuber'ning aytishicha, iPhone 14 Pro kamera ilovasi juda yaxshi ishlaydi hamda ajoyib suratlarni oladi. Smartfonning barcha kamerlari sifat bo‘yicha bir-biridan o‘ta darajada ortda qolmaydi. Eng muhimi, Markes iPhone video sifati bo‘yicha Android smartfonlaridan bir bosh ustun ekanligini aytib o‘tdi. 

Eng yaxshi quvvat samaradorligiga ega smartfon

Ushbu nominatsiya bo‘yicha ASUS ROG Phone 6 6 g‘olib bo‘ldi. Ushbu model 6,000 mAs sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan. Shuningdek, u 65 vattda quvvat oladi. To‘liq quvvatlanish uchun qurilma bir soatdan kam vaqt sarflaydi. 

O‘tgan yili ushbu kategoriyada iPhone 13 Pro Max g‘olib bo‘lgan edi. Bu yilgi iPhone 14 Pro Max quvvat samaradorligi bo‘yicha oldingi modelchalik bo‘la olmadi. 

Qizig‘i, Markes iPhone 14 Plus modeli akkumulyator samaradorligi bo‘yicha Pro Max modeldan yaxshiroq ekanini aytib o‘tdi. iPhone 14 Plus modeli Pro Max kabi 120 gertsli ekran hamda Always On Display funksiyasiga ega emas. Shu sababli u quvvatni kamroq sarflaydi. 

Eng yaxshi dizayndagi smartfon

Eng yaxshi dizayndagi smartfonni tanlash ham sub’yektiv fikr. MKBHD bu borada Nothing Phone'ni tanladi. Ushbu smartfon boshqalardan ajralib turadi. Negaki, uning orqa paneli shaffof shisha bilan qoplangan bo‘lib, uning ichiga bildirishnoma kelganini, smartfon quvvatlanayotganini va boshqa narsalarni bildirib turadigan LED chiroqlar o‘rnatilgan. 

Xiaomi Mix Fold 2 modeli buklanganda odatiy smartfon dizaynida bo‘lib qolishi sababli Markes ushbu smartfonga yana bir bor to‘xtalib o‘tdi. 

Narxiga arziydigan eng yaxshi smartfon

O‘tgan yili ushbu nominatsiyada g‘oliblik Pixel 6 modeliga nasib qilgan edi. Bir yil o‘tib endi Pixel 7 g‘olib bo‘lmoqda. Markesning aytishicha, 599 dollar narx atrofida Pixel 7'dan yaxshiroq smartfonni topish mushkul. Shuningdek, u o‘zidan qimmatroq modellardan ham yaxshiroq ekanligi aytilmoqda. 

Zenfone 9 ham o‘z narxiga arziydigan eng yaxshi smartfonlardan biri ekanligi ham aytib o‘tildi. 699 dollarlik ushbu smartfon narxiga nisbatan yaxshiroq ko‘rsatkichlarni taqdim etadi. 

Yilning eng muvaffaqiyatsiz smartfoni

2021 yilda Surface Duo 2 eng muvaffaqiyatsiz smartfon deb hisoblangan edi. Ushbu ikkita ekranga ajralgan qurilmaning narxi 1500 dollar edi. Ammo dizayn hamda dasturiy ta’minotdagi muammolar va qimmat narx gadjetning muvaffaqiyatsiz chiqqanini bildirar edi. Bu yil esa bu nomga OnePlus 10T sazovor bo‘ldi.

MKBHD ushbu modeldan ko‘p narsa kutgani, natija esa umuman u kutmagnidek bo‘lib chiqqanini aytib o‘tdi. 

Yilning yaxshi smartfoni

Samsung Galaxy S21 Ultra o‘tgan yili yilning eng yaxshi smartfoni deb e’lon qilingan edi. Bu safar ushbu e’tirof Google Pixel 7 modeliga nasib etdi. Yuqorida aytilganidek, MKBHD ushbu smartfon o‘z narxi evaziga sifatli displey va kameralar, bundan tashqari, dasturiy ta’minot tajribasi ham a’lo darajada. 

Shuningdek, Markes tomonidan Zenfone 9 hamda Galaxy S22 Ultra ham yilning eng yaxshi smartfonlari deb e’tirof etildi. 

O‘QING: Galaxy S23 modellarining akkumulyator sig‘imi qancha bo‘ladi? 

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.