Mate 10 Pro – Huawei’ning ilk stilusli flagmani suratlari chiqdi

  •   DiMaX
  •  1028
  •  13.10.2017 10:21

Mate 10 Pro – Huawei’ning ilk stilusli flagmani suratlari chiqdi

Shu yilning 16 oktyabrida Huawei o‘zining ikkita yangi flagmani – Mate 10 va Mate 10 Pro modellarini taqdim etadi. Mate tizimidagi navbatdagi qurilmalar qanday bo‘lishi hozircha to‘liq ma’lum emas, ammo uning render-suratlari chiqdi, deb yozadi AndroidInsider nashri.

Aytish kerakki, ayni damgacha ushbu turkumda Mate 9, Mate 9 Pro, Mate 9 Porsche Design Edition, shuningdek Mate 9 Lite smartfonlari ishlab chiqarilgan. Endi chiqadigan Mate 10 modelining kodli nomi – Marcel, uning Pro-talqini esa – Blanc kodli nomi ostida tayyorlanmoqda. Garchi Mate 10 haqida ma’lumotlar birmuncha kam bo‘lsa-da, Mate 10 Pro versiyasining xususiyatlari hamda rasmlari internetda tarqalmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Mate 10 Pro flagmanini Huawei o‘zining eng ilg‘or Kirin 970 protsessori bilan jihozlaydi. Devaysning diagonali 5,99 dyuymga, aniqligi 1440x2880 pikselga teng IPS-displeyining tomonlari o‘zaro 18:9 nisbatda. Smartfonning tezkor xotirasi 6 gigabayt, doimiy xotirasi esa 64 yoki 128 gigabayt hajmga ega.

Korpus qalinligi 7,5 millimetrlik gadjetga xitoyliklar naq 4000 mA/soat sig‘imli akkumulyator joylashni uddalashgan. Mate 10 Pro’ning optik barqarorlashtirish tizimiga ega bo‘lgan asosiy kamerasi ikkita (12 Mp + 20 Mp) moduldan iborat. Ta’kidlash kerakki, Huawei o‘z an’analariga sodiq qolgan holda, kamerani Leica bilan hamkorlikda ishlab chiqqan. Umuman olganda, romsiz Mate 10 Pro modelining kamerasi ham iPhone X va LG V30’dan qolishmaydi. Uning old kamerasi ham chakkimas – 8 megapiksel aniqlikda selfi ola biladi.

Mazkur ilg‘or xususiyatlarga qo‘shimcha tarzda, taqdim etilajak bu smartfon IP68 standartiga ko‘ra chang va namdan himoyalangan, LTE Cat. 16 texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. U EMUI 6.0 qobig‘i ostidagi Android Oreo operatsion tizim talqini boshqaruvi ostida ishlaydi.

Ikkinchi suratdagi stilus ham e’tiborga sazovor – aftidan, Huawei bu model bilan birga o‘z stilusini ham taqdim etsa kerak. Mate 10 Pro savdoga shu yilning dekabrida chiqarilishi aytilayotir. Bu ikki modelning konfiguratsiyasiga ko‘ra narxlari va ayrim xususiyatlariga oid ma’lumotlarni mana bu maqolamizdan ko‘rib olishingiz mumkin.

Huawei ushbu ikkita gadjetini «Bu sizga smartfon emas», deya maqtanganida nazarda tutganidek, devayslardagi protsessorning ishlar prinsipi inson miyasining ishlash tamoyillariga o‘xshashdir.