Meizu Pro 7 taqdim qilindi: 2 ta rangli ekranga ega ilk smartfon

Meizu Pro 7 taqdim qilindi: 2 ta rangli ekranga ega ilk smartfon

MEIZU kompaniyasi navbatdagi -- Meizu Pro 7 flagman smartfonini rasman taqdim qildi. 

Kutilganidek, brendning yangi peshqadam "aqlli telefoni" orqa panelidagi kichik, ikkinchi rangli ekrani bilan smartfon bozoridagi raqiblaridan ajralib turadi. Yo‘q, bu ekran YotaPhone'dagi kabi oq-qora emas va orqa panelni egallab olmagan. Qo‘shimcha ekran 1,9 dyuymli. 

Garchi, bayroqdor bo‘lsa ham, Meizu Pro 7'ga o‘rta narxli MediaTek Helio P25 protsessori o‘rnatilgani taassufli. Biroq, smartfonda audiofayllarni qayta ishlaydigan alohida audio-chipning borligi -- yaxshi texnologik yechim.

Jihatlari

Meizu Pro 7 devaysi diagonali 5.2" dyuymli, sig‘imi Full HD bo‘lgan Super AMOLED ekran bilan ta’minlangan. Uning ilg‘or varianti bo‘lgan Meizu Pro 7 Plus esa 5.7" dyuymli, QHD (2560x1440 pikselli) ekranga ega bo‘lgan. 

Ekran dizayniga ko‘ra qalin romlar bilan o‘ralgan va bugungi flagmanlarga qaraganda qo‘pol dizaynda. Shuning hisobiga, Meizu Pro 7 old panelidan Meizu yoki Xiaomi'ning arzon gadjetlarini eslatib yuboradi.

Meizu Pro 7 orqa panelida qo‘sh ob’yektivli bosh kamera modullari va qo‘shimcha ekran mavjud.

Flagmanda SONY'ning 6 linzali, 12 Mp + 12 Mp sig‘imli IMX386 bosh kamera datchigi (f/2.0), 6 linza va 16 megapikselli (f/2.0) old kamera datchigidan foydalanilgan.

Gadjetda olingan fotosuratlarni qayta ishlash uchun suratlarni qayta ishlash bo‘yicha jahonning nufuzli sun’iy tizimlarini ishlab chiquvchi ArcSoft kompaniyasining algoritmi joriy qilingan. Quyidagi surat Meizu Pro 7 gadjetida olingan.

Shu bilan birga, Meizu Pro 7'da Master HIFI brendining ovozni studiya sifatida  qayta ishlaydigan "raqamli-analog" tizimi joriy qilingan.

Shuningdek, smartfon old panelda mTouch skaneri o‘rnatilgan sensorli-mexanik tugmaga ega bo‘lgan.

Korpusda 3.5 mm.li audio-tuynuk saqlab qolingan, smartfon korpusi suv ta’siridan himoya qilinmagan.

Meizu Pro 7'ning akkumulyator sig‘imi 3000, Plus talqinida 3500 mA soat, akkumulyator tezkor quvvat olish imkoniga ega.

Devays Android 7.0 operatsion tizimining firma tomonidan o‘zlashtirilgan Flyme OS 6 talqini boshqaruvida ishlaydi. Bu tizim barmoq izlari skaneriga smartfon va undagi ilovalarni bloklab qo‘yish imkonini beradi.

Qo‘shimcha ekran yoki "5-oyoq" ?

Orqa paneldagi qo‘sh ob’yektivli bosh kamera va ikkinchi sensor va rangli 1.9 dyuym (240x536 piksel)li AMOLED ekran diqqatni tortadi. 

Bu ekranda qo‘ng‘iroqlar haqidagi eslatma va ogohlantirishlar, SMS va boshqa ma’lumotlar aks etadi. Mazkur ekran yordamida bosh kamerada sifatli selfilar olish mumkin. Shu bilan birga, ishlab chiqaruvchi yaqin kunlar bu ekranning qo‘shimcha funksiyalarini e’lon qilishni reja qilgan.

Ichki platforma

To‘g‘risini aytganda, Meizu Pro 7 flagmanining ichki platformasi juda ham taassurotli emas. Undagi 8 yadroli Mediatek Helio P25 chipseti Xitoyning 200 dollar turadigan hamyonbop smartfonlarida ham o‘rnatilgan. 64 bitli bu protsessorning chastota tezligi 2.6 GGs.gacha yetadi.  

Meizu Pro 7 Plus esa 64 bit va 10 yadroli, chastota tezligi 2.5 GGs.gacha bo‘lgan Mediatek Helio X30 protsessori, IMG PowerVR 7XTP-MT4 (800 MGs) video-kartasi bilan ta’minlangan.  

Meizu Pro 7 smartfoni 4/64, Meizu Pro 7 Plus 6/128 gigabaytli tezkor hamda doimiy ichki xotiraga ega bo‘lgan.

Meizu Flow audio-quloqchinlari

Yangi smartfonlar bilan birga Meizu kompaniyasi "Flow" nomli quloqchinlarni ham taqdim qildi. Ularda Bass Venting System ovoz texnologiyasi joriy qilingan. Bu aksessuar 2 modifikatsiyada 73 va 88 dollardan sotuvga chiqariladi.

Meizu Pro 7'ning sotuvga chiqishi va narx-navosi

Meizu Pro 7 va Pro 7 Plus kuz oyidan kumush, qizil, qora hamda tilla rangli korpusli talqinlarda sotiladi. Meizu Pro 7 modeli 426, Pro 7 Plus esa 530 AQSh dollaridan boshlab sotuvga chiqariladi.

Raqiblari

Smartfon narx-navosi bilan iPhone SE, Huawei P10 yoki Xiaomi Mi 6 bilan raqobat qiladi.