Meizu Pro 7: yangi "xitoylik"ning narxi o‘zini oqlaydimi?

Meizu Pro 7: yangi

Ko‘pchilik kecha taqdim qilingan Meizu Pro 7 va Pro 7 Plus flagmanlari narx-navosi bilan brend muxlislarini xursand qilishini kutgan edi. Yangi gadjetning eng arzoni $426 dollardan boshlab sotilishi e’lon qilingach, ishqibozlarning hafsalasi pir bo‘ldi. Axir, bu pulga bir qator ilg‘or xitoylik "bayroqdor" smartfonlarni xarid qilish mumkin.

Kompaniya prezidenti esa taqdimotdan so‘ng mazkur holatga mantiqiy izoh berishga harakat qilib ko‘rdi. Ommaviy axborot vositalari bilan suhbatda Meizu rahbari Bai Yongshiang kompaniya 2016 yilda smartfon bozoriga 400 dollarlik Pro 6s devaysini chiqargani va bu smartfon yaxshi sotilganini ma’lum qildi.

Meizu Pro 7 esa $426 dollarga qo‘sh ob’yektivli bosh kamera, 4/64 Gb xotirani taklif qilmoqda. Shuningdek, qo‘sh ekranli korpus yaratish kabi innovatsion g‘oya uchun sarf qilingan xarajatlar ham kam emas. Jumladan, smartfonning ham old, ham orqa korpusi 2 ta AMOLED displeyga ega bo‘lganini ham unutmaslik lozim. Meizu Pro 7 Plus esa 530 AQSh dollaridan boshlab sotuvga chiqariladi.

Meizu Pro 7 smartfonidagi 8 yadroli, 64 bitli Mediatek Helio P25 chipsetining chastota tezligi 2.6 GGs.gacha yetadi. Meizu Pro 7 Plus esa 64 bit va 10 yadroli, chastota tezligi 2.5 GGs.gacha bo‘lgan Mediatek Helio X30 protsessoriga ega bo‘lgan.

Smartfon taqdimotidan so‘ng ekspertlar tomonidan eng kuchli model platformasiga baho berildi. AnTuTu benchmarkida Meizu Pro 7 Plus telefoni 141,982 ball to‘plab, smartfon bozoridagi eng samarador smartfonlar ro‘yxatida 13-o‘rinni egallagan. Ya’ni, samaradorlikda bu protsessor 2016 yilning "peshqadamlari" -- Snapdragon 821 va Kirin 960'ga bas kelgan.

Xulosa qilish mumkinki, Meizu Pro 7 modellari uchun siz undagi ham old, ham orqa korpusdagi 2 ta displey uchun pul to‘laysiz. Bu displeyning muhim o‘ziga xosligi -- uning yordamida bosh kamerada yorqin selfilar olish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yilning iyul oyi holatida, boshqa bir xitoylik -- OnePlus 5 smartfoni 181,879 ball bilan AnTuTu tomonidan jahonning eng samarali smartfoni deb e’lon qilingan edi. 8 yadroli ilg‘or Qualcomm Snapdragon 835 protsessoriga ega bu flagman $480 dollardan sotilmoqda.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!