Meizu smartfonlar bozoriga qaytmoqda!

Meizu smartfonlar bozoriga qaytmoqda!

Agar unutib yubormagan bo'lsangiz, smartfonlar bozorida Meizu degan brend ham bor edi. Kompaniyaning oxirgi smartfonlari Meizu 18 seriyasi bo'lib, ular 2021-yilda chiqarilgan. Orada bir yillik tanaffusdan so'ng Meizu yana o'yinga qaytadigan ko'rinadi – Internetda bo'lajak Meizu smartfonining renderi tarqaldi.

Ma'lum bo'lishicha, Meizu 18 seriyasidan keyin Meizu 19 smartfonlari chiqarilmaydi, ularning o'rniga kompaniya birato'la Meizu 20 seriyasini chiqaradi. Taniqli insayder, Ice Universe, Meizu 20 smartfoni uchun himoya keysi suratini va unga asoslangan smartfon renderini ulashdi.

Meizu'ga tegishli bo'lgan Pandaer brendi tomonidan taklif qilinadigan teri himoya keysi Meizu 20 kameralari vertikal ravishda joylashtirilshiga ishora qiladi. Ice Universe shuningdek, smartfonning unga asoslangan renderini ham ulashdi. Unda uchtasi aniq kamera bo'lgan to'rtta yumaloq halqalar smartfondan bo'rtib chiqib turganligini ko'rishingiz mumkin. Ta'kidlash joizki, Meizu o'tgan yili xuddi shunday dizaynni patentlagan edi.

Agar Meizu 20 smartfoniga qarab beixtiyor Galaxy S23 modellarini eslagan bo'lsangiz siz yolg'iz emassiz. Meizu'ning yangi flagmani kameralari joylashuvi dizayni yaqinda taqdim qilingan Galaxy S23 seriyasidagi boshlang'ich modellarni eslatib yuboradi.

Yana bir renderda esa, smartfon old-orqa tomoni tekis bo'lishi va uning selfi kamerasi ekran yuqori markazida joylashganligini ko'rishimiz mumkin.

Texnik xususiyatlarga keladigan bo'lsak, smartfon Qualcomm'ning Snapdragon 8 Gen 2 chipsetiga bog'langan 12/256 xotira variantida Android 13 ga asoslangan Flyme UI 10 operatsion tizimida ishlaydi. Uning uchlik kamera tizimi 50+16+5 MP bo'ladi. Mish-mishlarga ko'ra smartfonning 4600 mA/soat batareyasi 80 Vt tezlikda quvvatlanadi. Shuningdek, smartfon sun'iy yo'ldoshga ulanish xususiyatiga ega bo'lishi aytilmoqda.

Meizu 20 seriyasi oddiy va Pro modellarni o'z ichiga oladi. Smartfonlar bahorda chiqarilishi kutilmoqda.

O'QING: Huawei ham o‘zining yangi smartfonini "dinamik orol" bilan chiqaradi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!