Meizu smartfonlari: ular orasida qanday farq bor?

Meizu smartfonlari: ular orasida qanday farq bor?

Tobora ommalashib, daromadi va investitsiya miqdorining oshib borayotgani evaziga Meizu kompaniyasi o‘z mahsulotlari turini ko‘paytirishga muvaffaq bo‘lmoqda. Xitoylik kompaniya asosiy e’tiborini smartfonlar savdosiga qaratgan.

Vikipediyada keltirilishicha, Xitoycha “Meizu” so‘zi “Mei” – yangi texnologiyalarga qiziqadigan odam va “zu” – odamlar to‘dasi degan ma’noni anglatadi. 2003 yilda Jek Vong tomonidan asos solingan Meizu Technology Co., Ltd bugunga kelib naushnik, Bluetooth-garnituralar hamda portativ akkumulyatorlar ishlab chiqarmoqda.

Kompaniya Xitoy smartfon savdosida Xiaomi va Huawei kabi yetakchi ishlab chiqaruvchilardan keyingi o‘rinlarni egallab kelmoqda. Kompaniya 2015 yilda jahon miqyosida 8.9 million dona smartfon sotishga erishgan. Uning Meizu PRO 5 va 6, Meizu MX3, Meizu MX5, Meizu MX6, Meizu M3, Meizu Blue Charm Metal, Meizu m2, Meizu m1 note kabi smartfonlari ko‘p sotilmoqda.

MR3/MR4 multimedia pleyerlari kompaniya ishlab chiqargan ilk texnologik mahsulotlar bo‘lgan. Bu pleyerlar shu qadar ommalashib ketishganki, kompaniya birinchi yilning o‘zidayoq Xitoy bozorida bu yo‘nalishda peshqadamlik qilgan. Vaqt o‘tishi bilan kompaniya ekspertlari pleyerlar o‘rnini tez orada smartfonlar egallashini anglab, Meizu 2009 yildan boshlab smartfonlar ishlab chiqara boshlaydi. Pleyerlari kabi, Meizu’ning smartfonlari ham foydalanuvchilarni sifatli ovoz yetkazish texnologiyasi bilan xursand qilmoqda.

Meizu M8

Ilk “Meizu M” turkumi

Meizu ilk marotaba 2009 yilda jamoatchilik e’tiboriga havola qilgan smartfon iPhone’ga o‘xshash bo‘lgan. Aytish kerakki, u ayfondan istara olgan ilk yoki yagona xitoylik smartfon emas. Uning nomi Meizu M8 bo‘lgan va Windows CE 6.0 operatsion tizimi boshqaruvida faoliyat ko‘rsatgan. Uning ko‘pchilik foydalanuvchilarga yoqmagan jihati foydalanishga noqulay interfeysi bo‘lgan. Xuddi shu muammoga tayvanlik ishlab chiqaruvchi HTC ham ro‘baro‘ kelgan va buning ustida tinimsiz izlanishlar olib borgan.

Shunga qaramasdan, Meizu M8 smartfoni iPhone telefon apparatiga o‘xshash, shuningdek amerikalik “aqlli telefon”dan ancha arzon bo‘lgani uchun Xitoy smartfon bozorida ommalashib ketadi. Hattoki u tufayli bozori kasod bo‘layotgan Apple korporatsiyasi Meizu’ni sudga beradi va 2010 yilda Meizu M8 smartfonini ishlab chiqarish ta’qiqlanadi.

Oradan ikki yil o‘tib, 2011 yilda Meizu o‘zining navbatdagi M9 smartfonini savdoga chiqaradi. Bu galgi mobil aloqa vositasi  Android operatsion tizimining kompaniya tomonidan moslashtirilgan talqinida ishlar edi. Xitoylik ishlab chiqaruvchi Samsung bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, smartfonlari uchun “yurak”, ya’ni protsessorlarni koreyalik ishlab chiqaruvchidan xarid qila boshladi.

Meizu MX

“Meizu MX” turkumi

Meizu’ning “MX” turkumi uzoq vaqt mobaynida ishlab chiqarilgan yagona smartfon seriyasi bo‘lgan. Ilk Meizu MX 2012 yilda ishlab chiqarilgan bo‘lib, unda o‘sha davrning ilg‘or Samsung (smartfon uch talqinda turli protsessorlarda ishlab chiqarilgan) protsessori ham o‘rnatilgan. Ushbu aloqa vositalari bilan birga Android’ning o‘zlashtirilgan Flyme operatsion tizimining ham ilk talqini jamoatchilik e’tiboriga havola qilingan. Shundan so‘ng, smartfon bozorida Meizu “aqlli telefon”lariga talab va ehtiyoj oshib borgan va kompaniya har yili yangi  smartfon modelini namoyish qilgan. Ularning barchasida Samsung’ning kuchli protsessori, Sony’ning ilg‘or kamerasi hamda o‘ziga xos multimedia imkoniyatlari joriy qilingan. MX 2014 yilga qadar kompaniyaning bosh flagman turkumi bo‘lib kelgan.

MX4

MX zamonaviy turkumi “MX4” nomi bilan taqdim etilgan. Ularni ilg‘orlikdan bir oz chekingan subflagmanlar deyish mumkin. Garchi, bu turkum telefonlariga avvalgi meyzular kabi samarali protsessorlar tatbiq etilmagan bo‘lsa ham, MX4 smartfonlari sifatli ekran (hatto 5.5 dyuymgacha bo‘lgan), metall korpus bilan ta’minlandi. Va, albatta ular nisbatan arzon edi.

MX4’da MediaTek’ning ilg‘or protsessorlari o‘rnatilgan bo‘lsa, avvalgi Samsung Exynos kuchli protsessorlaridan Pro turkumi flagmanlarida foydalanila boshlandi.

Meizu-MX6

Meizu MX6 smartfoni kompaniyaning «MX» turkumiga kiruvchi smartfonlar orasida eng kuchlisi. Gadjet ko‘rinishidan  kompaniyaga tegishli Pro 6 «aqlli telefon»iga o‘xshab ketsa ham, yirik ekrani bilan undan ajralib turadi.  Apparat 5,5 dyuymli Full HD sig‘imli (1920 x 1080 piksel), Super AMOLED platformasiga ekranga ega. Meizu MX6’ning tezkor xotirasi 4 GB, doimiy ichki xotirasi talqinidan kelib chiqib 32 yoki 64 GB bo‘ladi. Xotirani microSD qo‘shimcha xotira bo‘lmachasi yordamida kengaytirish mumkin.

MX4 Pro

“PRO” turkumi

2014 yilda Meizu o‘z an’analarini buzib, taqdimotda yagona Meizu MX4 smartfonini emas, u bilan birga MX4 Pro’ni ham taqdim qildi. Yuqorida qayd etilganidek, MX4 sakkiz yadroli MediaTek MT6595 protsessori, 5.36 dyuymli sig‘imi 1920x1152 piksel ekranga ega bo‘ldi. MX4 Pro esa 5.5 dyuymli sig‘imi 2560x1536 piksel, 8 yadroli kuchli Exynos 5 Octa 5430 protsessori, 3 GB operativ xotira bilan ta’minlandi. Meizu o‘z tarixida aynan shu smartfoniga ilk marotaba barmoq izlari skanerini joriy qildi.

Ekran ostida “Home” bosh tugma vazifasini bajarish uchun tatbiq etilgan svetodiodli sensor halqa o‘rnini bu gal sensor tugma egalladi va u barmoq izlari skaneri vazifasini ham bajaradi. Mazkur muvaffaqiyatli dizayn konsepsiyasi Meizu smartfonlarida bugun ham tatbiq etiladi.

PRO 6

Kompaniya keyingi flagmanlarida “MX” qo‘shimchasidan voz kechib, faqat “PRO” va raqamli indeksda (PRO 5) nomlay boshladi. Meizu’ning navbatdagi PRO 6 flagmani metall korpus va sifatli multimedia ko‘nikmasiga, ilg‘or Exynos hamda MediaTek protsessoriga ega bo‘ldi. Ya’ni, unda  avvalgi gadjetlar kabi biror o‘ziga xoslik topish mushkul.

Misol uchun, PRO 5 telefoni smartfon bozorining eng yetakchi mobil qurilmalaridan biriga aylandi. Mazkur “aqlli telefon” gadjetlar salohiyatini baholaydigan Antutu benchmarkida 2016 yilning eng samarador smartfonlari beshligidan o‘rin olgan. Undan oldinda Xiaomi 5, Samsung Galaxy S7 Edge, Huawei Mate 8 kabi qurilmalar bor. PRO 6 esa bu darajadagi zamonaviy  flagman darajasiga yetmagan.

Ma’lumotlarga qaraganda navbatdagi “PRO” imkoniyat va ko‘rinishidan Samsung flagmanlarini eslatar ekan.

Meizu M

Tobora foydalanuvchilar ishonchini qozongan Meizu o‘z mahsulotlari navini yanada hamyonbop smartfonlar bilan boyitishga qaror qildi va bozorbop, arzon “M” turkumi gadjetlari taqdim qilindi (Xitoyda bu smartfonni “Blue Charm” – “moviy go‘zallik” deb atashadi). Bu turkumdagi ilk gadjet Meizu M1 Note bo‘ldi.

Ayni paytda ushbu turkumni quyidagi ikkita alohida quyi kategoriyaga bo‘lish mumkin:

Meizu M Note

Meizu M Note

Note qo‘shimchali modellar nomidan bilinadiki, yanada yirik ekranga ega bo‘lishadi. Kompaniya ishlab chiqargan har uchala modellar FullHD sig‘imli 5.5 dyuymli ekrana,  o‘rta narxli smartfonlarga xos MediaTek protsessori bilan ta’minlangan. Dastlabki ikki model dizaynida biror o‘ziga xoslik uchratish qiyin. Biroq, so‘nggi M3 Note fableti metall korpus va barmoq izlari skaneriga ega bo‘ldi. Ilgari qimmat gadjetlarda bo‘ladigan bu jihatlar Xitoy smartfon ishlab chiqaruvchilari sa’y-harakatlari evaziga hamyonbop gadjetlarda ham joriy qilinmoqda.

 Meizu M

Meizu M

O‘tgan yilda Meizu xalqaro bozorni “egallash” maqsadiga yanada jiddiy e’tibor qaratdi. U yirik ekranli smartfon yoki iPhone’ni ma’qul ko‘ruvchi xitoyliklar didi bilan hisoblashib o‘tirmadi va jahon bozori uchun 5 dyuymli, HD-ekranli M2 mini taqdim etildi. Mazkur sinfdagi har ikkala smartfon 5 dyuymli va ular MediaTek protsessori bilan ta’minlangan. Avvalgi M3s kabi, ushbu smartfon metall korpus va barmoq izlari skaneriga ega bo‘ldi.

 Meizu M E

Meizu M E (Blue Charm E) turkumi

Roppa-rosa bir hafta ilgari Meizu kompaniyasi Meizu M3E nomli navbatdagi smartfonni taqdim etdi. Uning xitoycha nomi Blue Charm E. Jihatlariga ko‘ra mazkur gadjet M3 Note’ga o‘xshash. Ajralib turadigan ustunliklari sirasiga yuqori sifatli kamera, qisman dizaynni aytish mumkin. Ammo, akkumulyator sig‘imi 4100 mA soatdan 3100 mA soatga tushib ketgani ajablanarli. Hozircha uning alohida turkumga aylanishi yoki M-lineykasidagi gadjetlar qatoridan o‘rin egallashi haqida biror gap yo‘q.

Meizu telefonlarining “Malika” savdo majmuasidagi narxi (14 avgust holatida):

Meizu mx5 (16 Gb)  – 1 999 000 so‘m.

Meizu mx5 (32 Gb) – 2 193 000 so‘m.

Meizu m2 note   – 1 161 000 so‘m.

Batafsil tanishish.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!