Microsoft barmoq izi skanerli klaviatura namoyish qildi (+video)

  •   DiMaX
  •  1153
  •  16.06.2017 11:42

Microsoft barmoq izi skanerli klaviatura namoyish qildi (+video)

Yaqinda Microsoft korporatsiyasi «zamonaviy» Microsoft Modern Keyboard with Fingerprint ID klaviaturasini taqdim etdi. Uning asosiy xususiyati – barmoq izi skaneriga ega ekanligidir.

Xususiyatlari

Yangi qurilmaning dizayni o‘tgan yilning oktyabrida chiqarilgan Surface Keyboard’ni eslatadi. Klaviatura simli va simsiz (Bluetooth orqali) rejimda ishlay oladi. Uning korpusi yupqa bo‘lib, yuzalari silliq.

Klaviatura tarkibida alyuminiydan foydalanilganligi sababli u yuqori darajada mustahkamlikka ega. Yana ayni shu bois u yetarlicha og‘ir ham – shunchaki qo‘lingiz tegib ketganida stolda surilib ketavermaydi.

Microsoft Modern Keyboard with Fingerprint ID klaviaturasining batareyasi qurilmaning ikki oygacha quvvatlashsiz ishlashini ta’minlay oladi. Simsiz rejimda Bluetooth orqali ulanish diapazoni esa 15 metrni tashkil etadi.

Biroq mazkur klaviaturaning asosiy o‘ziga xosligi – Windows Hello’dagi akkaunti orqali ishlashi uchun foydalanuvchining barmoq izini tanishidir. Skaner chap tomondagi Alt tugmachasi yonida joylashgan.

Ushbu klaviaturaning videotavsifini quyidagi lavhada tomosha qiling:

Mosligi va narxi

Microsoft Modern Keyboard with Fingerprint ID klaviaturasi quyidagi operatsion tizimlardagi qurilmalar bilan o‘zaro moslikda ishlay oladi:

  • Windows: 10/10 phone/8.1/8
  • Android 4.4.2-5.0
  • Mac OS 10.10.5/10.11.1, i 10.11.4
  • IOS8.1-9.2.1

Mazkur klaviatura ulanadigan qurilma yuqoridagi operatsion tizimlardan birida ishlashidan tashqari, albatta BlueTooth 4.0 yoki undan yuqori versiyasini qo‘llab-quvvatlashi ham lozim.

Barmoq izi skaneriga ega klaviaturaning narxi 129,99 AQSh dollarini tashkil etadi.