Microsoft iPad Pro’dan 1,7 marta tezkor Surface Pro’ni taqdim qildi

Microsoft iPad Pro’dan 1,7 marta tezkor Surface Pro’ni taqdim qildi

23 may kuni jahon miqyosida ilg‘or elektronika mahsulotlariga oid yangiliklarga boy bo‘ldi. Ular qatorida Microsoft kompaniyasi Shanhayda taqdim qilgan ilg‘or Surface Pro planshet kompyuterini alohida qayd etish mumkin. Ketma-ketligiga ko‘ra, bu galgi planshet «Surface Pro 5» nomidan voz kechgan. Taqdimot chog‘ida ishlab chiqaruvchi 12,3 dyuymli Surface Pro’ni uning raqibi bo‘lishi kutilayotgan 12,9 dyuymli iPad Pro bilan taqqosladi.

Bu gal Skylake arxitekturasiga ega Intel Core chiplari o‘rniga Surface Pro plansheti Kaby Lake avlodiga mansub chiplar bilan ta’minlangan. Shuningdek, Surface Pro’ning Intel Core m3, i5 yoki eng kuchli Core i7 chipsetlariga ega talqinlari ham ishlab chiqariladi. Microsoft’ning ma’lum qilishicha, eng ilg‘or protsessorga, ya’ni Core i7’ga ega Surface Pro plansheti avvalgi Surface Pro 3’dan 2,5 barobar, Apple A9X protsessoriga ega iPad Pro’dan 1,7 barobar tezkor ishlaydi.

Intel Core m3 va i5 talqinidagi planshet platformasida sovutishga ventilyator, Core i7 o‘rnatilgan talqinga esa 18 dB.dan yuqori shovqin chiqarmaydigan kuler o‘rnatiladi.

Surface Pro “ajdodi”niki kabi, 12,3 dyuymli displeyga ega. Uning piksellar sig‘imi 2736 × 1824 belgiga teng, har dyuymdagi piksellar miqdori — 267 ta belgini tashkil qiladi. Korpusda USB Type-A va Mini DisplayPort portlari, 3,5-mm audio-tuynuk, quvvatlash uchun Surface Connect porti mavjud.

Surface Pro’ning eng kichik talqinida 4 gigabaytli tezkor xotira va 128 gigabaytli doimiy ichki xotira o‘rnatilgan. Core i5 protsessor talqinida esa 4 va 8 GB tezkor va 128 yoki 256 GB doimiy xotira o‘rnatilgan. Core i7 chipiga ega talqin esa 8 GB tezkor 128 GB doimiy, shuningdek 16 GB tezkor va 512 GB doimiy xotira, uning eng yuqori talqini 16 GB tezkor va 1 TB doimiy xotira bilan ta’minlangan.

Surface Pro bilan birga, kompaniya Surface Pen stilusini ham yangiladi. Ma’lum qilinishcha, endi u bosish zarbasining darajasi va sezuvchanligi yanada oshgan.

Narx-navo
Surface Pro’ning eng arzon versiyasi “aqlli ruchka”, klaviatura va chexol bilan birga $930, bu aksessuarlarsiz $799 dollarga baholangan.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!