Microsoft kompaniyasi Toshkent shahridagi Inha universiteti bilan hamkorlikni kengaytiradi

Microsoft kompaniyasi Toshkent shahridagi Inha universiteti bilan hamkorlikni kengaytiradi

Jahonga mashhur Microsoft korporatsiyasi delegatsiyasi 2016 yilning 10 fevral kuni Toshkent shahridagi Inha universitetiga o‘zaro hamkorlik istiqbollarini muhokama etish uchun tashrif buyurdi. Bu haqda universitet rasmiy saytida xabar qilindi.

Delegatsiya tarkibidan Microsoft`ning Markaziy va Sharqiy Yevropa mintaqasida litsenziya qoidalariga amal qilinishini nazorat qiluvchi menejerlari Dias Shukanov va Anna Samolyotova, O‘zbekistondagi biznesini rivojlantirish bo‘yicha menejer Ravshan Karimov hamda Markaziy Osiyo va Mo‘g‘ulistondagi hamkorlar bilan ishlash menejeri Aliyor Bahronov o‘rin oldi.

Delegatsiya a’zolari tashrif doirasida Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Sherzod Shermatov bilan uchrashishdi. Uchrashuv davomida korporatsiya bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilganligi hamda universitet talabalari DreamSpark loyihasi doirasida turli kompyuter dasturlaridan bepul foydalanishayotgani uchun minnatdorchilik bildirildi.

Dias Shukanov Microsoft delegatsiyasining Toshkent shahridagi Inha universitetiga tashrifidan asosiy maqsad ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash hamda korporatsiya tomonidan universitetga qanday yordam ko‘rsata olishlari mumkinligini aniqlashdan iborat ekanligini aytdi.

Ta’kidlab o‘tish lozimki, Microsoft korporatsiyasi ikki yildan buyon universitet talabalariga DreamSpark vaucherlarini taqdim etmoqda. Mazkur vaucherlar yordamida talabalar Visual Studio, Xamarin, GitHub Student Developer pack, VS Express 2013 for Web/Windows, VS Team Foundation, Team Explorer Everywhere, MS Expression Studio, XNA Game Studio 4, Kinect for Windows SDK, Kodu Game Lab, MS Mathematics, Windows Phone SDK, Silverlight 4 SDK, MS Robotics Developer Studio, VS LightSwitch, Microsoft Azure va boshqa dasturlardan bepul foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishmoqda. Bundan tashqari, Microsoft mutaxassislari universitetda o‘tkazilayotgan turli ta’lim seminarlari va tadbirlarida ishtirok etmoqdalar.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!