Microsoft’ning «aqlli» tarjimoni endi internetsiz ham ishlaydi

  •   DiMaX
  •  2395
  •  19.04.2018 14:45

Microsoft’ning «aqlli» tarjimoni endi internetsiz ham ishlaydi

2016 yili Microsoft Translator servisi «sun’iy idrok»ka ulangan, natijada uning tarjimasi sifati sezilarli darajada oshgan edi. Hozirgacha unda mashina ta’limi algoritmlarining ishlashi uchun internetga ulanish talab etilardi. Endi esa uning mobil kliyenti oflayn rejimda, ya’ni internetga ulanmasdan ham o‘gira oladigan bo‘ldi.

O‘QING: Android uchun eng yaxshi tarjimon-ilovalar

Microsoft Translator’ning «aqlli» tarjimasini ilk bora Huawei Mate 10 hamda Honor 10 View flagmanlarida ishlatib ko‘rsatishdi. Ma’lumki, bu qurilmalarda «sun’iy ong» ishini tezlashtiruvchi neyron protsessor mavjud. Keyin esa Microsoft dasturchilari bu tizimni maxsus chipsiz – oddiy smartfonlarda ham ishlashga moslashtirishdi.

Boshlanishiga u rus, nemis, fransuz, ispan, italyan, arab, koreys, portugal, tay va soddalashtirilgan xitoy tillari uchun tatbiq etildi. Vaqti bilan boshqa tillar uchun ham oflayn rejimda tarjima funksiyasi ishga tushirib boriladi.

Ijobiy tomoni shundaki, Microsoft Translator’ning internetsiz ishlashi uchun smartfonga maxsus talablar qo‘yilmaydi – «aqlli» tarjimon ularning hammasida oflayn ishlayveradi. Faqat eski va juda arzon modellarda uning algoritmlari ishlashi uchun joy yetishmasligi ham mumkin.

Kompaniyaning tan olishicha, internetsiz o‘girgandan ko‘ra onlayn-tarjima biroz aniqroq chiqishi mumkin. Ular orasidagi farq uncha katta emas, lekin avvalgi talqiniga nisbatan tarjima sifati juda ilgarilab ketgan.

Microsoft allaqachon mazkur servisning Android-ilovasini yangilay boshlagan, uni mana bu havola orqali o‘rnatib (yoki yangilab) olishingiz mumkin. «Aqlli» tarjimonning yangilangan iOS talqini esa hozircha App Store’da tasdiqlanishini kutmoqda. Ulardagi yana bir qulaylik – oflayn lug‘atlar o‘lchami ikki karragacha kichraytirilgan.

O‘QING: Microsoft Office’da endi gapirib turib matn terdirish mumkin!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!