Microsoft olimi smartfonning “qotili”ni aytdi

Microsoft olimi smartfonning “qotili”ni aytdi

“Smartfonlar o‘z umrini yashab bo‘ldi”, deydi Microsoft’ning muhandis kashfiyotchilaridan biri Aleks Kipman. Gologramma linzalarini rivojlantirish yo‘nalishida izlanishlar olib boruvchi tadqiqotchining fikricha, odamlar hali bu haqiqatni anglab yetganliklari yo‘q. Uning aytishiga qaraganda, texnologiya kelajagi batamom atrofimizdagi borliqni to‘ldiradigan gibrid virtual voqelik qurilmalari ixtiyorida bo‘ladi.

Bunday qurilmalar esa o‘zlaridan gologramma nurlarini taratib, yon-atrofimizni kerakli virtual buyum hamda ma’lumotlar bilan boyitishadi. Natijada, smartfonlarga zarurat qolmaydi. Moddiy tugma va displey o‘rnini nurli tugma, displeylar egallaydi.

To‘g‘ri, mobil qurilmalar sanoati va bozoridagi moliyaviy aylanma jahon iqtisodiyotining muhim qismiga egalik qiladi. Misol uchun, birgina 2017 yilning o‘zida 1,5 milliard dona turli-tuman mobil qurilmalarning sotilishi kutilmoqda. Microsoft esa HoloLens texnologiyasini rivojlantirishga katta mablag‘ sarflamoqda.

Ekspertlarning fikricha, bugungi virtual voqelik shlemlarining ixchamlashuvi, Google rivojlantirayotgan raqamli ko‘zoynaklarning takomillashuvi uchun 10 yillar kerak bo‘ladi. Shunda ham, bu kabi qurilmalar smartfonga odamlarni yanada tobe qiladi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!