Microsoft Surface Laptop’ning MacBook Pro’dan 7 ustunligi

Microsoft Surface Laptop’ning MacBook Pro’dan 7 ustunligi

2017 yilning 2 may kuni Microsoft kompaniyasi o‘zining ilk Surface Laptop noutbukini taqdim qildi. Kompaniya vitse-prezidenti Panos Panayning so‘zlariga ko‘ra, Surface Laptop har qanday MacBook Air yoki MacBook Pro kabi gadjetlardan yengil va yupqa, shuningdek MacBook bilan solishtirganda, uning platformasi ham ulardan kuchli va akkumulyatori uzoqqa yetadi. “Biz siz faxr bilan sumkadan oladigan noutbuk yaratishni maqsad qildik”, degan edi u taqdimotda.

Quyidagi maqolada ham 2017 yilda MacBook emas, aynan Surface Laptop xarid qilishingiz zarurligi to‘g‘risida ma’lumot va buning texnik asoslarini beramiz.

  1. Nisbatan zamonaviy «metall»

Apple’ning eng ashaddiy ishqibozlari ham  MacBook Pro 2016’da yanada yangi Intel 6 protsessor avlodi joriy qilinmaganini eshitgach, xafa bo‘lgan edilar. Nahotki. shunday katta korporatsiya yangi avlod chiplarini bir oz kutib tura olmagan bo‘lsa? Yoki “Olma” o‘ziga shu qadar bino qo‘ydimi?

Microsoft kompaniyasi esa sabrli bo‘lib, Surface Laptop noutbukini Kaby Lake arxitekturasida ishlaydigan i5 hamda yettinchi avlod — i7 protsessorlari bilan ta’minladi. Bu protsessorlar nisbatan kuchli va samarali. Kelib chiqadiki, Surface Laptop’ning ishlashi raqibiga nisbatan yaxshi. Kimdir noutbukning yaxshi ishlashini operatsion tizim bilan bog‘lasa, kimdir ichki parametrlar bilan o‘lchaydi. Biroq, har ikkala holatda ham Maykrosoft ustun: bu noutbuk hali biror gadjet ega bo‘lmagan Windows 10 S tizimida ishlaydi. Hattoki, MacOS ham unga havasda. Bu Surface Laptop’ning yaqqol ustunligi.

  1. Microsoft Surface Laptop arzonga tushadi

Noutbuk tanlayotganda foydalanuvchi uchun narx-navo muhim mezonlardan biri. Bugun yurtimizda ham brendlarning orqasidan chopib, gadjetlar uchun 1000 dollarlab pul to‘layotganlarni topish qiyin. Odamlar imkon qadar arzon va estetik jihatdan yaxshi devays tanlashga urinmoqdalar.

Maykrosoft kompaniyasi yangi Surface Laptop noutbuki taqdimotida uning narxini e’lon qilganida avvaliga ko‘pchilikning hafsalasi pir bo‘ldi. Uning eng arzon talqini, ya’ni Intel Core i5 Kaby Lake protsessori, 4 GB tezkor va 128 GB doimiy xotira, 13,5 dyuymli sig‘imi 2256×1504 piksel bo‘lgan ekranli talqini 999$ dollarga baholangan. Uning eng qimmat talqini 1299$ dollardan sotiladi.

Biroq, bu pulga MacBook beradimi? Bu pulga uzog‘i bilan 13 dyuymli displey va nisbatan eskiroq ichki platformaga ega MacBook Air xarid qilish mumkin.

  1. Nisbatan qulay va ko‘rkam klaviatura

Yangi Surface Laptop noutbuki lazerli ishlov berish jarayonidan o‘tgan qulay klaviaturaga ega. Tachpad sensor panelining atrofiga esa teridan tayyorlangan yumshoq baxmalsimon charm Alcantara xomashyosi yotqizilgan. Odatda undan «lyuks» turkumiga kiruvchi mahsulotlarda foydalanishadi.

Bu qoplama chidamli va yoqimli. Klavishlar orasi yetarlicha  katta — 1,5 mm, Apple’ning yangi leptoplarida bu juda tor —  0,5 mm. Bu kim uchundir ahamiyatsiz, biroq noutbukda uzoq ishlaydigan odam klavishlar orasidagi masofaning kengligi — harf terishda qulaylik yaratishini yaxshi biladi.

  1. Dinamik blokirovka va Windows Hello

Zamonaviy foydalanuvchining muhim talablaridan biri shuki, uning noutbuki tez va oson razblokirovka bo‘lishi kerak. Microsoft kompaniyasi shuni hisobga olgan holda, Windows 10’da  Windows Hello funksiyasini joriy qilgan. Bu texnologiya foydalanuvchining qiyofasini ko‘rishi bilan tizimni blokirovkadan chiqaradi. Windows Hello foydalanuvchini pin-kod va maxfiy so‘zlarni eslab yurishdek tashvishdan xalos qiladi.

Windows 10’ning yangi Creators Update talqinida yana bir –dinamik  blokirovka nomi funksiya ishga tushdi.

U Bluetooth orqali smartfoningizga, planshet yoki soatingizga ulanadi va siz qo‘lingizdagi devays yordamida ham noutbukni blokirovkadan chiqarishingiz mumkin. Shuningdek, masofadan turib noutbukni blokirovka qilish mumkin. Shu orqali gadjetning xavfsizligi ta’minlanadi.

Bu kabi qulayliklar Windows 10’da ishlaydigan boshqa gadjetlarda ham bor. Biroq, nima sababdandir Apple kompaniyasi shunga o‘xshash biror innovatsiya ishlab chiqmayapti. To‘g‘ri, MacBook’ni Apple Watch yordamida blokirovkadan chiqarish mumkin. Ammo, buni yanada ilg‘orlashtirish kerak.

 

  1. Portlarning mavjudligi

Apple MacBook Pro’ni taqdim qilgach, yangi leptopda aksariyat portlar yo‘qligi uchun kompaniyaga nisbatan noroziliklar avj oldi. Kupertinolik ishlab chiqaruvchi foydalanuvchi uchun  birgina USB Type-C porti yetarli, deb katta xato qildi. To‘g‘ri, perexodnik orqali buni hal qilish mumkin.

Microsoft esa aksincha — Surface Laptop’da ham USB Type-C, ham eski — Type-A va Mini DisplayPort kabi portlarni qoldirdi. Ehtimol, bu to‘g‘ri qarordir. Hozircha USB Type-C portiga tushadigan xotira kartalari u qadar ommalashgani yo‘q. To‘g‘ri, bu port ma’lumotni tezkor almashish va tezkor quvvat olish texnologiyasini qo‘llab-quvvatlashi bilan o‘ziga xos. Ammo, aksariyat foydalanuvchi hanuz an’anaviy fleshkadan foydalanadi.

  1. Sensor ekran

Windows 10’da ishlaydigan sensor ekranli gadjetlar hozir hayratlanarli yangilik emas. Apple ishqibozlari esa bu ularga nimaga kerakligi va bundan nima nafligini aytishadi. Ammo, Windows 10’da ishlaydigan sensor ekranli noutbukdan foydalanib ko‘rsangiz, ilk daqiqadanoq uning qulayligini his qilasiz. Jumladan, kompyuter sichqonchasiga hadeb qo‘l cho‘zishdek “mashaqqatli” ishdan xalos bo‘lasiz 🙂  To‘g‘ri, MacBook tachpadi ham qulay, biroq sensor ekranning imkoniyati — boshqacha.

Surface Pen-pero ham sensor ekran imkonini oshiradi. Uning yordamida Windows Ink’da eslatmalar qoldirish, Microsoft Edge’da matnlarni tahrir qilish yanada oson. MacBook esa bu imkoniyatdan mahrum bo‘lgan. To‘g‘ri, uning klaviaturasi ustida ham sensor panel bor, lekin noqulay.

  1. Aralash voqelik texnologiyasini qo‘llab-quvvatlashi

Virtual va qo‘shimcha voqelik texnologiyalari foydalanuvchilarni tobora o‘ziga tortmoqda. Ko‘plab kompaniyalar ko‘zoynak va shlemlarni kashf qilish bilan ovora. Microsoft Hololens kabi tibbiyotda faol foydalanilayotgan virtual va qo‘shimcha, aralash voqelik texnologiyalari kelajak innovatsiyasidir. Bundan keyin gadjet tanlaganda shu jihatga ham e’tiborni qaratish kerak.

Maykrosoft kompaniyasi ham bu texnologiyaning bosh loyihachilaridan biri bo‘lgani bois, virtual voqelik texnologiyasi shlemi va ko‘zoynagi uchun maxsus ilovani ishga tushirdi. Yangi Surface Laptop noutbuki ham aralash voqelikni qo‘llab-quvvatlaydi. Yaqin yillarda kompaniya virtual voqelikdan foydalanishda ko‘zoynak va shlem kabi aksessuarlardan to‘liq voz kechmoqchi.

MacBook foydalanuvchilari esa faqatgina havas bilan qarab qoladilar va Apple’dan biror ilg‘orlik kutishmoqda. Siz esa fikr-mulohazalaringizni quyida yoki Facebook tarmog‘idagi sahifamizda o‘rtoqlashing!

 

 

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!