Microsoft'ning Edge brauzeri siz har bir tashrif buyurgan saytni uchinchi tomonga jo'natyapti

Microsoft'ning Edge brauzeri siz har bir tashrif buyurgan saytni uchinchi tomonga jo'natyapti

Microsoft Edge brauzerida "ijodkorga obuna bo'lish" degan funksiya bor bo'lib, u sizga YouTube va umuman, butun internet bo'ylab sevimli kontent yaratuvchilaringizga obuna bo'lish imkonini beradi. Biroq ushbu funksiya to'g'ri ishlamayotganga o'xshaydi – Edge siz tashrif buyurgan barcha saytlar havolasini o'zining Bing API veb-saytiga yuborayotgani xabar qilinmoqda.

Maxfiylik bilan bog'liq muammo birinchi bo'lib o'tgan hafta Reddit foydalanuvchilari tomonidan payqab qolingan. Ma'lum bo'lishicha, Microsoft Edge'ning eng so'nggi versiyasi bingapis.com saytiga siz tashrif buyurgan deyarli barcha sahifalarning to'liq havolasini yuboradi.

Microsoft Edge'ning ijodkorga obuna bo'lish funksiyasi. Rasm: Reddit (The Verge orqali)

Edge qanday qilib va nima uchun siz kirgan saytlar havolasini Bing API saytiga yuborayotgani noma'lum, biroq EarTrumpet dasturi ishlab chiquvchilaridan biri, Rafael Riveraning aytishicha, bunga Edge'ga yaqinda qo'shilgan "ijodkorga obuna bo'lish" funksiyasining to'g'ri ishlamayotganligida sabab bo'lmoqda.

Garchi Microsoft foydalanuvchilar tashrif buyurgan sahifalar havolalari nima uchun bingapis.com saytiga yuborilayotganini haqida tushuntirish bermagan bo'lsa ham, u bu masaladan xabardor ekanligini ma'lum qilgan. 

"Biz bundan xabardormiz, tekshiryapmiz va har qanday muammolarni hal qilish uchun tegishli choralarni ko'ramiz", deydi Microsoft kompaniyasining aloqa bo'yicha direktori Keytlin Roulston o'zining The Verge nashriga bergan bayonotida.

Agar siz Edge brauzeri foydalanuvchisi bo'lsangiz va internetda kirgan har bir veb-saytingiz havolasi uchinchi tomonga yuborilishini xohlamasangiz sizga Microsoft muammoni tekshirib, uni hal qilguniga qadar "ijodkorga obuna bo'lish" funksiyasini o'chirib qo'yish tavsiya qilinadi. Buning uchun brauzerning Settings (Sozlamalar) menyusidan Privacy (Maxfiylik), Search and Services (Qidiruv va Xizmatlar) bo'limiga o'ting va u yerdan pastga tushib, Show suggestions to follow creators in Microsoft Edge funksiyasini o'chirib qo'ying.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!