Mobile World Congress: mo‘’jizakor mobil qurilmalarni kutib oling!

Mobile World Congress: mo‘’jizakor mobil qurilmalarni kutib oling!

Mobile World Congress – mobil vositalar sanoati yangiliklariga bag‘ishlangan jahonning nufuzli anjumaniga sanoqli kunlar qolmoqda. 22-25 fevral kunlari Barselonada bo‘lib o‘tadigan kongress davomida mobil vositalar ishlab chiqaruvchilarning yangi mahsulotlari o‘rin oladigan ko‘rgazma ham bo‘lib o‘tadi. Ungacha esa kompaniyalar 21 fevraldan boshlab matubot tadbirlarini o‘tkazishni ham reja qilganlar. Quyida sizga ko‘rgazmada namoyish etilishi ko‘zda tutilgan va ehtimoli mavjud yangi mobil texnologiyalarining ayrimlari haqida ma’lumot beramiz.

Samsung

Samsung Galaxy S6 Edge ва S6 Edge Plus

Samsung Galaxy S6 Edge va S6 Edge Plus

Samsung’ning eng yorqin taqdimoti shubhasizki, Galaxy mobil qurilmalari oilasining yangi smartfonlari – S7 hamda S7 Edge’ (qayrilma-sohil ekranli talqin)ning namoyishidir. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu gadjet Apple’niki singari 3D Touch o‘ta sezgir ekranga, USB Type-C porti orqali tezkor quvvat olish funksiyasiga, sifatli surat va tezkor faoliyat imkoniyatlariga ega bo‘ladi.

Mazkur mobil aloqa vositalarida 5.1 hamda 5.5 dyuymli QHD turidagi yuqori sifatli displey, Snapdragon 820 yoki Exynos 8890 mikroprsessori, 4GB tezkor xotira, 12MP bosh va 5MP old kamera, 64GB qo‘shimcha xotira mavjud bo‘ladi. Hozircha uning narxi taxminan 720 AQSh dollari bo‘lishi kutilmoqda.

Ekspertlar ham, Android foydalanuvchilari ham ushbu flagman oldingi yilgi mobil qurilmalar singari microSD qo‘shimcha xotirasidan mosuvo bo‘lmasligi kerakligini ta’kidlashmoqda. Qo‘shimcha xotirani kengaytira olmaslik muammosi kompaniyaning smartfonlar savdosiga jiddiy zarar yetkazdi.

Shuningdek, Samsung tomonidan ushbu smartfonlar platformasida ishlashga mo‘ljallangan virtual voqelik – Gear VR shlemlari haqida ham yangilikni e’lon qilishi mumkin. 15 fevralda internet nashrlarida avval ushbu qurilmalarning ilk egalari bu turdagi shlemlarga buyurtma berish imkoniga ega bo‘lishlari to‘g‘risida ma’lum qilingan edi.

Oculus kompaniyasi taklif qilayotgan Rift virtual ko‘zoynaklarining cho‘ntak uchun “og‘irlik” qilishini inobatga olib, Samsung Gear VR’ni unchalik ham qimmat bo‘lmagan narxda sotuvga chiqarishi mumkin.

LG

Janubiy Koreyaning yana bir “gigant” ishlab chiqaruvchisi bu yilgi ko‘rgazmada navbatdagi mobil qurilma apparati bilan Samsung’ni “sindirish”ni maqsad qilgan. 21 fevral kuni, kunning 2 yarmida, ya’ni Samsung’ning namoyishidan bir necha soat oldin  kompaniya tomonidan navbatdagi LG G5 flagmani taqdim etiladi. Demak, kompaniya LG G5 orqali bir necha soat mobaynida ishtirokchilar e’tiborining diqqat-markazida bo‘lish imkoniga ega.

Fikr-mulohazalarga ko‘ra, raqobat masalasida Galaxy S7 o‘zining 2,560 x 1,440 piksel sig‘imiga ega 5.1 dyuymli displeyi bilan 5.5 yoki 5.6 dyuymli, 4K texnologiyasiga asoslangan, 3,840 x 2,160 piksel sig‘imiga ega displeyli LG G5’ga yutqazib qo‘yishi ham mumkin.

Galaxy S7 3.000 mAs tok quvvatini sig‘dirish layoqatiga ega quvvat toshini olsa, LG G5’ning akkmulyatori 4.000 mAs bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, kompaniya ikkita X-seriyasidagi yangi qurilmalarni ham taqdim etishni rejalashtirgan ko‘rinadi. Bular haqida LG’ning saytida ham ma’lumot mavjud.

Birinchisi – X cam qurilmasi. U haqidagi eng katta yangilik – uning 13.5 megapikselli ikkita bosh kameraga ega bo‘lishidir. Ma’lumotlarga ko‘ra, smartfon 5MP old kameraga ega bo‘ladi. 5.2 dyuymli displeydagi piksellar sig‘imi 1920x1080 belgiga teng bo‘ladi.

U 1.14 GGs chastotada ishlaydigan 8 yadroli protsessor, 2 Gb tezkor va 16 GB qo‘shimcha xotira bilan ta’minlanadi. Uning quvvat toshi – akkumulyatorining elektr toki sig‘imi 2520 mAs.

Ikkinchi smartfon – X screen. Nomi aytib turibdiki, uning eng katta yangiligi – ekrani. LG X screen smartfoni LG V10 kabi yordamchi, 1.76 dyuymli va 520x80 piksel sig‘imidagi qo‘shimcha displeyga ega bo‘ladi. Unda muhim ma’lumotlar, bildirgi va tanlangan funksiyalar ko‘rinib turadi.  Asosiy ekran 4.93 dyuymli bo‘lib, piksel sig‘imi 1280x720 belgiga teng.

U 1.2 GGs chastotada ishlaydigan 4 yadroli protsessorga, 2 Gb tezkor va 16 GB qo‘shimcha xotiraga ega bo‘ladi. Uning quvvat toshi – akkumulyatorining elektr quvvati sig‘imi 2 520 mAs.ga teng.

HTC

Tayvanlik mobil vositalar ishlab chiqaruvchi ayni kunlarda virtual voqelik shlemlarini takomillashtirish ustida bosh qotirmoqda. Ko‘rgazmada uning Valve elektron o‘yinlar yaratuvchi kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqqan Vive VR ko‘zoynagini taqdim qilishi kutilmoqda.

Gadjetning mart-apreldan boshlab sotuvga chiqishi haqida allaqachon ma’lum qilingan. Ammo foydalanuvchilarni qiziqtirayotgan muhim masala – uning narxidir.

Kompaniya ko‘pchilik kutgani kabi anjumanda navbatdagi HTC One M10 gadjetini namoyish qilmoqchi emas. Tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, bu smartfonning 5.2 dyuym diagonalli displeyi QHD texnologiyasi asosida ishlab chiqarilgan. Qurilma Qualcomm Snapdragon 820 protsessori hamda Android 6.0.1 Marshmallow operatsion tizimiga ega. Qurilmaga barmoq izlari skaneri yordamida kirish tizimi o‘rnatilgan. HTC One M10’da 12MP asosiy hamda 5MP old kamera bo‘lishi mumkin. Bu smartfonning aprel-may oylarida namoyish qilinishi kutilmoqda.

Huawei

Xitoyning yirik ishlab chiqaruvchisi 2015 yilda jahon miqyosida eng ko‘p sotilgan smartfonlarda sezilarli ulushga ega. Kompaniya 2016 yilda ham o‘z foydalanuvchilariga innovatsion gadjetlarni taqdim etishni reja qilgan.

Jahon mobil vositalari kongressi doirasida 21 fevral kuni tushdan keyin kompaniya matbuot matbuot tadbirini o‘tkazishni reja qilgan. Mutaxassislar ayni shu tadbir mobaynida Huawei zamonaviy avlod talablariga javob beradigan ilg‘or qurilma brendini jamoatchilikka taqdim qilmoqchi. Bu 2015 yilning flagmani – P8’ning vorisi Huawei P9 bo‘lishi ham mumkin.

Nokia

Kutilmagan innovatsiyani kim ham xohlamaydi deysiz! Ayniqsa, bu yillar davomida mobil qurilmalar sanoatida yetakchilik qilib kelgan qadrdon kompaniyani tashabbusi bo‘lsa. Ammo hozircha Nokia bu yilgi rejasi haqida ma’lum qilgani yo‘q.

So‘nggi vaqt eng ko‘p tarqatilayotgan ma’lumotlarga tayanadigan bo‘lsak, mobil ishlab chiqaruvchilar kongressida Nokia C1 smartfoni namoyish etilishi mumkin. Ushbu qurilma 5 dyuymli FHD displey, 8MP orqa va 5MP old kameralar, Android 6.0 Marshmallow operatsion tizimi, Intel protsessori va 2GB tezkor xotiraga ega bo‘lish ehtimoli bor.

Shu bilan birga kompaniyaning keyingi avlod aloqa tarmog‘i – 5G’ni taqdim qilishi mumkinligi aytilmoqda. Radioaloqa tizimlari va tarmoq arxitekturasining kelajak avlodi internetga keng polosali ulanishni taqdim qiladi va endi ulanishdagi sekinlik va uzilishlarni unutsangiz ham bo‘ladi. Bu texnologiya sekundiga 10 gigabaytgacha ma’lumot almashish imkoniyatini yaratadi.

2015 yilda Foxconn bilan hamkorlik natijasida ilk Android planshetlari taqdim etilgan.    Nokia’ning rahbari Rajiv Suri o‘tgan yozda kompaniya 2016 yilda mobil sanoatdagi nufuzini tiklash uchun munosib hamkor izlayotganini e’lon qilgan edi.

Xiaomi

Xitoyning yana bir, xalqaro bozorda jadal rivoj topayotgan uddaburon smartfon ishlab chiqaruvchi kompaniyasi anjuman doirasida 22 fevral kuni rejalashtirgan  matbuot tadbirida jamoatchilikni Mi 5 flagmani bilan tanishtirishni maqsad qilgan.

US$599 dollar narx qo‘yilgan qurilma 5.3 dyuymli IPS LCD turidagi, 1440×2560 piksel sig‘imidagi displeyga, 8 protsessorli Snapdragon 820 protsessori, 4GB tezkor xotira va 16, 64 yoki 128Gb qo‘shimcha xotira kartalariga ega bo‘ladi.

Xiaomi Mi5 16 megapikselli bosh kamera 5312×2988 pikselli surat olishga ximat qiladi. Old kamera esa 5MP.

Gadjetda multitach texnologiyasi tatbiq qilingan. Displeyni qo‘lqop yordamida ham boshqarish mumkin.

Qurilma sun’iy yo‘ldoshli navigatsiya tizimi va GPS tizimini ham faol qo‘llab-quvvatlaydi.  Li-Pol turidagi  litiy-polimer elementlaridan ishlangan, 3200 mAs quvvat hajmiga ega akkumulyator uzoq aloqada bo‘lishga xizmat qiladi. Quvvat toshi 25 daqiqada 50 %ga quvvat oladi.

Sony

Yaqinlashib kelayotgan anjumanda Xperia C6 smartfoni kompaniyaning muhim yangiligi bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Sony Xperia C6 displeyining diagonali 6,0 dyuymli bo‘lib, Full HD piksel sig‘imi 1920x1080 belgiga teng. U 2 GGs chastota tizimiga asoslangan 8 yadroli, 64 bitli MediaTek Helio P10 protsessorida faoliyat ko‘rsatadi.

Shuningdek, dushanba tongiga mo‘ljallangan Sony’ning taqdimotida oldingi yilgi kabi, yangi planshet va noutbuklarning ham namoyishi kutilmoqda. Kompaniya mobil vositalari foydalanuvchilarini bluetooth texnologiyasida ishlaydigan planshet klaviaturasini namoyish etganiga ham bir yil bo‘libdi!

 Microsoft

2016 yilning yanvarida e’lon qilinishicha, 2015 yida Microsoft 4.5 million dona Lumia rusumidagi qurilmalarni sotgan. Bu esa bir yil oldingi natija, ya’ni 10.5 million donaga nisbatan 57 foizga kam.

Surface Phone smartfoniga oid xabarlar “bolalab” ketgach, kompaniya bu ma’lumotlarni rasman rad qilgan edi. Ammo, Microsoft kompaniyasi Surface Phone smartfoniga oid yangiliklarni yoritishga ixtisoslashgan surfacephone.com saytini ro‘yxatdan o‘tkazganligi to‘g‘risida tarqatilgan xabarlar bir oz avval qisman o‘z tasdig‘ini topdi.

Gadjetning 5.5-dyuymli, AMOLED texnologiyasiga asoslangan Quad HD (2560 x 1440) displeyi ClearBlack Gorilla Glass 4 shishali himoya qatlamiga ega. Qurilma 4 yadro va 64 bitli Intel Atom x3 protsessorida ishlaydi. Uning tezkor xotirasi 4GB. Smartfon 64 hamda 128GB qo‘shimcha xotiralarini qo‘llab-quvvatlaydi. Gadjetning orqa kamerasi 21MP hamda old kamerasi 8MP bo‘lishi taxmin qilingan.

Kompaniya Surface Phone qurilmasini 2016 yilda taqdim qilmoqchiligi va ushbu smartfonning Lumia brendi o‘rnini egallashi kutilmoqda.

BlackBerry

Mobil sanoatining yana bir sobiq “chempioni”, bugungi Android’chilarning qurboni – BlackBerry kompaniyasi 2015 yilda Android tizimida ishlaydigan ilk Priv smartfonini e’lon qilgan edi. BlackBerry rahbari Jon Chenning ma’lum qilishicha. $699 dollardan sotuvga chiqqan qurilma narx-navosining yuqoriligi tufayli u qadar ommalashmadi. 2016 yilda kompaniya Vienna Android  smartfonini taqdim etmoqchi.

Gadjetning 4.4 dyuymli LCD displeyi piksellar sig‘imi 1920×1440 bo‘lishi aytilmoqda. Android 6.0 tizimida ishlaydigan qurilmaning $400 AQSh dollaridan sotilishi kutilmoqda.

Bu ma’lumotlarning aksari tasdig‘ini topgan va ba’zilari taxmin va futuristik mulohazalar. Anjuman doirasidagi yangiliklar bilan tanishish uchun bizni o‘qishda davom eting.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!