Moto Z smartfoni printerga aylanadi

  •   DiMaX
  •  900
  •  20.02.2017 12:53

Moto Z smartfoni printerga aylanadi

Indiegogo kraudfanding maydonchasida Moto Z uchun yangi modul yaratishga mablag‘ to‘plash kampaniyasi boshlandi. Bu yangi modul smartfonda suratga tushirilgan rasmlarni darhol chop etishga imkon beradi, deb yozadi Hi-Tech.Mail.Ru.

Biz suratlarni elektron ko‘rinishda – fayl tarzida ijtimoiy tarmoqlarda ulashishga o‘rganib qolganmiz. Qog‘oz shaklidagi fotosuratlar esa borgan sari kamayib ketmoqda. To‘g‘ri, smartfonimizdagi rasmlarni istalgan fotostudiyaga olib borib, chop ettirib olishimiz yoki shunchaki o‘zimiz uchun uyda rangli printerdan chiqarishimiz ham mumkin. Dubayning Team One Technology kompaniyasi esa buning uchun o‘zgacha yechim taklif etayotir – smartfonning o‘ziga printer-g‘ilof o‘rnatish!

Ishlab chiquvchilar Moto Mods Development Kit bazasida fotosuratlarni chop etuvchi g‘ilof yaratishdi. SMART Z Printer deb nomlanuvchi bu modul ixcham – Moto Z’ga nisbatan ikki baravar qalinlikda bo‘lib, smartfonning orqa qopqog‘iga o‘rnatiladi. U boshqa fotoprinterlarga nisbatan kam quvvat sarflashi bilan ham ajralib turadi.

Bordiyu kampaniya orqali zarur – 10 ming AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ to‘plansa, SMART Z Printer’ni ilk bekerlar 49 dollar evaziga qo‘lga kiritishlari mumkin bo‘ladi. Aslida esa bu printer-g‘ilof chakana savdoda ikki baravar qimmat turadi.

Yana bir narsani ta’kidlash o‘rinli: SMART Z Printer – hozircha faqat konsept darajasida. Uning ishchi prototipini hali namoyish etishmagan.