Moziyga qaytib: Nega Samsung Android dasturidan voz kechgan?

Moziyga qaytib: Nega Samsung Android dasturidan voz kechgan?

Bugungi kunda mobil qurilmalar bozorining katta ulushini Android operatsion tizimida ishlaydigan smartfon va planshetlar tashkil etadi. Janubiy Koreyaning Samsung kompaniyasi esa ushbu dasturdagi qurilmalarni ishlab chiqarishda yetakchi pozitsiyani egallab turibdi. Ammo, bir paytlar kompaniya Android dasturini rivojlantirish taklifidan voz kechganini ko‘pchilik bilmasa kerak…

Gapni uzoqdan boshlayman. Android operatsion tizimi Endi Rubin tomonidan 2000-yillarning boshlarida yaratilgan. Dastur ilk bosqichda raqamli kameralarga mo‘ljallangan. Biroq Rubin ushbu fikrdan qaytib, platformani telefonlarga moslagan. 2005 yilda loyihani AQShning Google kompaniyasi sotib oladi. Biroq Google ushbu loyihani rivojlantirish taklif etilgan yagona korporatsiya emas.

2004 yilda Endi Rubin o‘zining yangi dasturiga moliyaviy manba topish maqsadida Janubiy Koreyaga, Samsung shtab-kvartirasiga yo‘l oladi. Biroq kompaniya mas’ullari uning taklifiga sovuqqonlik bilan yondashadi va yangi operatsion tizimning kelajagiga shubha bilan qaraydi. Natijada Rubin Koreyadan quruq qo‘l bilan qaytadi. Biroq aynan Rubin va uning jamoasi oxir-oqibatda smartfonlar sanoatini butunlay o‘zgartirib yuboradi.

Koreyadan qaytgach Rubin Google asoschilaridan bo‘lgan Larri Peydj bilan uchrashadi va kompaniya dasturni moliyalashtirishga rozi bo‘ladi. Bir muddat o‘tgandan keyin Google startapni 50 mln AQSh dollari evaziga sotib oladi va dasturni yaratgan 8 kishilik jamoani o‘z safiga qabul qiladi.

Taqdirni qarangki, bugungi kunga kelib Android platformasida ishlaydigan qurilmalarni tayyorlashda Samsung Electronics eng yirik ishlab chiqaruvchiga aylangan bo‘lsa-da, u dasturdagi komponentlar, servis va ilovalarni boshqarishda Google’ning chizgan chizig‘idan nariga o‘tolmaydi. Ha, aytmoqchi, bu gap faqat Samsung’ga tegishli emas, balki hozirda Android operatsion tizimida qurilmalar yaratadigan barcha kompaniyalar Google’ning talablariga rozi bo‘lishga majbur.

Albatta, Android’dan voz kechish orqali Samsung imkoniyatni qo‘ldan boy bergan. Biroq mutaxassislarning fikricha, agar  Android Samsung tomonidan xarid qilinganda, operatsion tizim bugungiga o‘xshab jadal rivojlanmagan bo‘lar edi. Chunki operatsion tizim uchun dasturning o‘zidan tashqari undagi ilova va servislarning o‘rni ham juda katta ahamiyatga ega. Janubiy Koreyalik gigantda esa o‘sha paytda bunday servislar bo‘lmagan.

Google o‘zining servislarini Android operatsion tizimiga integratsiyalash orqali dasturning muvaffaqiyatini ta’minladi. Bunday servislarga YouTube, Google Maps, Chrome, Play Market va boshqalarni kiritish mumkin.

Nima bo‘lganda ham Google loyihani juda qulay paytda qo‘lga kiritgan. Agar kompaniya bir necha yilga orqada qolganda, shubhasiz, smartfonlar bozori Microsoft’ga o‘tib ketgan bo‘lar edi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.