Mutaxassislar: Joriy yilda «o‘yiq» displeyli telefonlar ommalashadi

Mutaxassislar: Joriy yilda «o‘yiq» displeyli telefonlar ommalashadi

O‘tgan yili displeyi «o‘yilgan» iPhone X katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan edi. Mutaxassislar joriy yilda displey dizayni ayni shunday «kemtik»ka ega smartfonlar bozorni to‘ldirishi haqida basharot qilmoqda. Buning ba’zi texnik sabablari mavjud.

Ekrani biroz yuqoriga o‘yilgan va old kamerasi kichik «kemtik»ka joylashtirib chiqarilgan ilk telefon Essential Phone edi. Apple esa o‘z iPhone X'sida quloq dinamigi, yorug‘lik va harakat sensorlari hamda old kamerani kattaroq «kemtik»ka joylashtirib, bunday dizaynni ommalashtirib yubordi.

Essential Phone
Essential Phone

 

2017 yil displeyi 18:9 nisbatga ega uzunasiga katta smartfonlarga boy bo‘ldi. Shuningdek, ishlab chiqaruvchilar butun old qismi ekran bilan qoplangan romsiz qurilmalar yaratishga zo‘r berdilar. Joriy yilda ham to‘liq displeyli romsiz telefonlar safi kengayishi taxmin qilinmoqda va bunday qurilmalarni yaratishda aynan «o‘yiq» dizayn katta yordam beradi.

2017 yilda butun old qismini displey egallagan «bayroqdor» smartfonlarning bozordagi nisbati 80 foizdan oshib ketdi, ya’ni xalqaro telefon bozorini, asosan, shunday qurilmalar egalladi. Butun telefon yuzini displey bilan qoplashda esa aynan «o‘yiq» dizayn katta yordam beradi. Ekran ichida yarimorol shaklida qoldirilgan «kemtik» joyga eng zamonaviy qurilmalarda bo‘lishi zarur bo‘lgan quloq dinamigi, yorug‘lik va harakat sensorlari hamda old kamerani osonlik bilan joylashtirish mumkin. Qurilmaning bo‘sh qolgan yuqori qismi esa hech qanday qiyinchiliksiz displey bilan qoplanadi. Mutaxassislar aynan shu yo‘l orqali butun yuzi displey bilan qoplangan «bayroqdor» smartfonlarning xalqaro bozordagi nisbati joriy yilda 90 foizga yaqinlashishini taxmin qilmoqda.

Biroq hamma foydalanuvchilar va ishlab chiqaruvchilar ham «o‘yiq» displeyli dizaynni birdek ma’qul ko‘rmasligi turgan gap.

Butun qurilma yuzini displey bilan qoplash uchun, shuningdek, huddi Samsung Galaxy S9'dagi kabi smartfon yuqorisidagi kerakli jihozlarni ingichka chiziqqa joylashtirish ham mumkin.

Bundan tashqari Xiaomi kompaniyasi o‘zining yangi Mi Mix 2 va Mi Mix 2s smartfonlarida displey o‘rnini band qilmaslik uchun old kamerani qurilmaning pastki tomoniga ko‘chirib o‘tkazgan. Natijada qurilmaning yuqori qismi displey bilan to‘liq qoplangan.

Hali yaratilish jarayonida bo‘lgan Vivo Apex smartfonining yuzini to‘liq displey bilan qoplash uchun umuman kutilmagan yondashuv tanlangan: qurilmada quloq dinamiklari mavjud emas va uning old kamerasi Samsung Note qalamchalaridek smartfon ichiga kirgazib qo‘yilgan, ya’ni kerakli vaqtda kamera o‘zi tepaga ko‘tarilib chiqib keladi. Quloq dinamigi o‘rniga Vivo kompaniyasi yangi Screen SoundCasting texnologiyasini qo‘llamoqda. Bu mo‘’jiza texnologiyada ovoz to‘lqinlari butun displey bo‘ylab harakatlanadi va aynan displeydan tovushlarni eshitish imkoni paydo bo‘ladi.

Vivo APEX

 

Joriy yil hsobi bo‘yicha hozirga qadar ASUS ZenFone 5 va ZenFone 5Z, Oppo, Vivo va Huawei P20/P20 Pro/P20 Lite smartfonlari «o‘yiq» displey bilan taqdim etildi. Tez orada e’lon qilinishi kutilayotgan OnePlus 6 smartfoni ham «o‘yiq» displeyga ega bo‘lishi tasdiqlandi. Xiaomi Mi 7 va LG G7 qurilmalari ham ayni shunday dizaynda chiqarilishi taxmin qilinmoqda. OnePlus kompaniyasi o‘zining e’lon qilinishi kutilayotgan yangi qurilmasida «o‘yiq» displey dizaynining qo‘llanilish sababini ekran ko‘lamini yanada kengaytirish maqsadi bilan izohlagan.

Biroq Huawei P20 smartfonida bunday maqsad ko‘zlangani mantiqan asosli emasdek ko‘rinadi. Huawei bu qurilmada displeyning o‘yiq joyini istalgan payt qoraytirib, yashirib qo‘yish imkonini taqdim qilgan, ya’ni foydalanuvchilar o‘zlari xohlagan vaqtda sozlamalardan qurilmaning yuzidagi «kemtik» joyni bilindirmaydigan qilib qo‘yishlari mumkin.

O‘yiq displeyli Huawei P20
...va «kemtik» yashirib qo‘yilgan holda

 

«O‘yiq» displeyli smatfonlar ommalashgandan so‘ng foydalanuvchilar ekranning o‘yilgan joyi video tomosha qilish jarayonida halaqit berishidan shikoyat qila boshlagan edilar. OnePlus 6 qurilmasida ayni noqulaylikning oldini olish maqsadida video qo‘yilgandan so‘ng displeyning o‘yiq joyi zudlik bilan qorayib qolishi ta’minlangan.

Biroq yangi qurilmalardagi o‘yiq joyni yashirib qo‘yish mumkinligi ko‘plab internet foydalanuvchilari orasida turli bahslarga sabab bo‘lmoqda. Agar o‘yish orqali displeyning ko‘lami oshirilsayu, lekin uni yashirib qo‘yish mumkin bo‘lsa, unda bunday dizayndan nima foyda, degan savollar berilmoqda. Siz bu haqida nima deb o‘ylaysiz?

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!