MWC 2017: LG, Sony, Samsung, Huawei, ZTE, HTC, Nokia’dan yangi smartfonlar

MWC 2017: LG, Sony, Samsung, Huawei, ZTE, HTC, Nokia’dan yangi smartfonlar

 

27 fevraldan 2 martga qadar Barselonada o‘tadigan an’anaviy Jahon Mobil Kongressi texnologiya ishlab chiqaruvchilarining yangi innovatsiyalari bilan yanada qizg‘in tus olishi kutilmoqda. Jumladan, yangi smartfonlar taqdimotlari doimgidek mobil qurilmalar olamiga kelajakka xos ilg‘or jihatlar bilan birga taqdim etiladi. Quyida ushbu anjumanda namoyish etilishi kutilayotgan yangi smartfonlar jamlanmasi haqidagi birlamchi ma’lumotlarni diqqatingizga havola qilamiz.

LG

2016 yilda o‘tkazilgan Jahon Mobil Kongressida taqdim etilgan G5 kutilgan darajada ommalashmadi. Turli-tuman modul va interaktiv qismlardan iborat smartfon LG’ga omad keltirmadi. Shu sababli, kompaniya G6 haqidagi qizg‘in mish-mishlar bilan hammaning diqqatini tortishga urinmoqda. Eng katta yangilik – LG G6 oldingi gadjetdan tubdan farq qiladi va qo‘shimcha qismlardan iborat bo‘lmaydi. Unda 4 kanalli, 32 bitli yangi raqamli-analog o‘zgartirgich o‘rnatilgan. Bu esa yuqori sifatli audio tizimni anglatadi.

G6 boshqa flagmanlar singari qo‘sh kameraga ega bo‘ladi. LG tomonidan uning yirik ekranga ega bo‘lishi ham tasdiqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, ekran tomonlarining nisbati 18:9’ga teng (bugungi aksariyat flagmanlarda bu ko‘rsatkich 16:9’ga teng). Ba’zi bir manbaalarda devaysning Snapdragon 821 protsessorida ishlashi aytilgan. Vaholanki, 2017 yilgi aksariyat ilg‘or smarftonlarga yanada kuchliroq Snapdragon 835 protsessori o‘rnatilmoqda. Ammo, bu kamchilikni batamom yopib ketadigan katta yangilik bor – ma’lum bo‘lishicha, G6 Google’ning Assistant virtual yordamchisiga ega ilk taniqli brend bo‘ladi. Bungacha bu tizim Google’ning Pixel smartfonlariga o‘rnatilgan. Koreyalik ishlab chiqaruvchining V20 gadjeti 2016 yilda Android 7.0 Nougat operatsion tizimiga ega bo‘lgan ilk “aqlli telefon” sifatida mashhur bo‘lgan edi.

LG G6 xalqaro smartfon bozoriga $650 dollardan sotuvga chiqarilishi kutilmoqda.

Sony Xperia X2, XZ 2 va boshqalar

Sony kompaniyasining MWC 2017’da birato‘la 5 ta smartfon namoyish etilishi kutilmoqda. Ulardan 2 tasi yuqori sinf flagmanlari bo‘ladi. Ya’ni, Sony Xperia XZ 2 va Sony Xperia X2 gadjetlarining taqdim etilishi ham kutilmoqda. Sony Xperia X2 xalqaro bozorga 550 AQSh dollaridan sotuvga chiqariladi.

Mish-mishlarga ko‘ra Sony’ning bo‘lajak “bayroqdori” 5.5 dyuymli bo‘ladi. Uning ekrani o‘ta ilg‘or – 4K sig‘imli bo‘lishi kutilmoqda. Smartfon Snapdragon 835 protsessori, 4 GB yoki 6 GB tezkor xotira bilan ta’minlanadi. Sony gadjetlardan yana biri  5.5 dyuymli QHD ekranli bo‘lib, u  4 GB tezkor xotira va Snapdragon 835 yoki Snapdragon 653 protsessorliragi ega bo‘ladi.

Shuningdek, yaponiyalik ishlab chiqaruvchi 5.2 dyuymli, sig‘imi HD (1080p), 4 GB tezkor va 64 GB doimiy xotiraga, 23 MP bosh kamera va 16 MP old kameraga ega smartfonni ham namoyish etishi kutilmoqda.

Samsung

Bu yil Samsung uchun ham sinovli bo‘ladi. Kompaniya jahon smartfon bozoridagi nufuzini qaytarib, dunyoning peshqadam smartfonsoziga aylanish uchun yana tinimsiz kurashadi. Kompaniya navbatdagi Galaxy S8 smartfonini Barselonada emas, bir oz keyin namoyish qilmoqchi. Hozircha esa bu flagman to‘g‘risidagi qisqa 20 soniyalik rolik bilan unga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirmoqchi. Taxminlarga ko‘ra, Galaxy S8’ning arzon taliini 885 AQSh dollari, yuqori talqini esa 943 dollardan sotuvga chiqariladi.

Koreyalik IT-gigant Barselonaga kelgan texnologiya ixlosmandlarini yangi, avvalgi yilgi Galaxy Tab S2 planshetining “merosxo‘ri” bo‘lmish Tab S3 plansheti bilan mamnun qilmoqchi. Ma’lumotlarga ko‘ra, devays 9.7 dyuymli Super AMOLED ekran va Snapdragon 820, ya’ni o‘tgan yilgi ilg‘or protsessorga, S Pen raqamli qalamchasiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, Samsung Galaxy Book nomli yana bir planshetni namoyish qiladi. Uning Windows 10 tizimida ishlashi aytilmoqda. Planshetning Galaxy TabPro S kabi  Intel’ning Kaby Lake i5 protsessori bilan ta’min qilinishi haqida ma’lumotlar bor.

Samsung, shuningdek sinov tariqasida namoyish etish uchun C-Lab,  AR va VR tizimlari, personal kompyuterda ishlash imkonini beruvchi elektron ko‘zoynaklari kabi yangi texnologiyalarni olib kelishini ma’lum qilgan.

Huawei

Huawei kompaniyasi nufuzli anjumanda P10 smartfonini taqdim etadi. To‘liq metall korpus va an’anaviy Leica brendining qo‘sh kamerali ob’yektivlariga ega gadjetning Kirin 960 protsessorida ishlashi aytilmoqda.

Ushbu suratda  «Jahonning sen to‘g‘ringdagi qarashini o‘zgartir» jumlasi Huawei P10 smartfonining shiori sifatida keltirilgan. Aftidan, smartfonda 2 ta old kamera bo‘ladi.

Taniqli IT-tahlilchi Evan Blassning yozishicha, smartfonning orqa panelidagi barmoq izlari skaneri oldinga, ekran quyisiga ko‘chirilgan. P10  4 yoki 6 GB tezkor xotira, 32 va 128 doimiy xotira bilan ta’minlanadi. Uning yanada kengroq talqini bo‘lgan P10 Plus’ning S7 Edge kabi ikki yonga qayrilgan ekranlari bo‘lishi aytilmoqda.

Shu bilan birga, Huawei Android Wear 2.0 nomli aqlli soatni ham namoyish qilish kutilmoqda. Sport bilan shug‘ullanishga mo‘ljallangan soat Samsung’ning Gear S3 Frontier hamda LG Watch Sport’ga o‘xshab ketadi.

8 GB operativ xotira va 256 GB doimiy xotiraga ega Huawei P10 Plus aloqa vositasining 850 AQSh dollaridan sotuvga chiqarilishi taxmin qilinmoqda.

ZTE

ZTE qanchalik sirli bo‘lishga urinmasin, uning Ispaniyaga ishchi nomi Gigabit phone bo‘lgan smartfon bilan tashrif buyurishi tillarga tushib bo‘ldi. Uning zamonamizning internetga eng tezkor ulanuvchi smartfoni bo‘lishi, unda 360 darajali videolarni, 4K video tasvirlarni onlayn ko‘rish mumkinligi aytilmoqda.  Beshinchi aloqa avlodi smartfoni internetga sekundiga 1 Gbit tezligida ulanadi. Bir so‘z ilan aytganda, Gigabit phone aloqaning hozirgi 4-tarmog‘i emas, keyingi yildan ommalashadigan 5G tarmog‘ida ishlashga mo‘ljallangan.

HTC

Tayvanlik ishlab chiqaruvchining yangi – HTC U Ultra nomli smartfonni tayyorlayotgani aytilgan edi. Hozircha Barselonada uning taqdim etilishi ma’lum emas. Mish-mishlarga ko‘ra, devays 5.5 dyuymli QHD ramkasiz ekranga, metall korpus va Snapdragon 835 protsessoriga, 12MP bosh kamera, 3700 mA soat tok sig‘imli akkumulyatorga ega bo‘ladi.

Shuningdek, kompaniyaning yana bir HTC 11 “aqlli telefoni” to‘g‘risida ham gap-so‘zlar mavjud. Uning 8 GB ichki va 256 GB doimiy xotira, ikki yonga qayrilgan ekran bilan ta’minlanishi aytilmoqda. Undagi ‘Sense Touch’ texnologiyasi metall ramka orqali ham telefonga buyruq berish imkonini yaratadi. Misol uchun, surat ochish, ovozni yoki yorug‘likni sensor ramka orqali sozlash mumkin.

Smartfonlar Yevropada 685-750 AQSh dollaridan sotilish to‘g‘risida ma’lumotlar bor.

Nokia

Nokia MWC 2017’ga o‘zining yangi 4 ta smartfon modellarini olib keladi. Bu esa kompaniyaning afsonaviy “Nokia” nomini “tiriltirish” uchun kuyib pishayotganidan dalolat beradi. Aytish kerakki, yaqindagina Xitoyda taqdim etilgan Nokia 6 bir necha daqiqa ichida sotilib ketgan edi.

Nokia 3 hamyonbop narxdagi devays bo‘lib, plastik korpusli bo‘ladi. Nisbatan ilg‘or Nokia 5 metall korpusli bo‘ladi. Nokia 8 esa 24 megapikselli bosh kamera va Snapdragon 835 protsessoriga ega bo‘ladi.

Insayderlar tomonidan Nokia 8’ning 464 AQSh dollaridan sotilishi ma’lum qilingan.

Eng qizig‘i, afsonaviy Nokia 3310’ning Barselonada qayta taqdim etilishi hammaning diqqat-markazidagi xabar bo‘lib turibdi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!