MWC 2018’da rekord: eng antiqa dizaynli smartfonlar va boshqa gadjetlarni kim olib kelgan?

  •   DiMaX
  •  2256
  •  02.03.2018 14:57

MWC 2018’da rekord: eng antiqa dizaynli smartfonlar va boshqa gadjetlarni kim olib kelgan?

An’anaviy tarzda Barselonada o‘tkazilib kelayotgan Mobile World Congress anjumanining bu yilgisi turli kutilmagan qurilmalarga boy bo‘ldi. Ko‘rgazmada bu sohada yetakchi bo‘lmagan ko‘plab kompaniyalar o‘zlarining turli jihatlariga ko‘ra ilg‘or devayslari bilan ishtirok etishdi.

O‘QING: MWC 2018’da rekord: eng romsiz smartfonni kim yasagan? (+video)

Xitoylik smartfonsoz Doogee kompaniyasi esa bu tadbirda eng antiqa dizaynga ega qurilmalarini namoyish etdi.

Ushbu ishlab chiqaruvchining stendida jurnalistlarning e’tiborini eng ko‘p jalb etgan mahsulot – yangi Doogee Mix 4 smartfoni bo‘ldi. Uning keng formatli displeyi atrofida, to‘rt tomonida ham yupqagina hoshiya bor, xolos. Mazkur ekranning o‘ziga barmoq izi skaneri ham integratsiya qilingan. Old kamera va boshqa datchiklar esa... yo‘q! Ha, telefonning old paneli faqatgina ekrandan iborat (yuqoridagi suratda uni old tomonidan, pastdagi rasmda esa - orqa tomonidan ko‘rishingiz mumkin).

Doogee Mix 4

Ko‘rib turganingizdek, gap boshqa yoqda – bu qurilma slayder form-faktorida ishlangan. Ekran paneli sal pastga surilib, uning orqasida, yuqori tomonda selfi-kamera hamda suhbatlashuv dinamigi ochiladi.

O‘QING: Mutlaqo romsiz smartfonni umuman tanilmagan bir kompaniya yaratdi (+video)

Shuningdek, Doogee Mix 3 modeli ham ancha qiziqarli chiqqan. Uning so‘zlashuv dinamigi an’anaviy joyida – romsiz ekrani tepasida, ammo old kamerasi yo‘q! Bu gadjetning o‘ziga xosligi – unda selfi-kamera vazifasini ham asosiy kameraning o‘zi bajaradi. Orqa paneldagi bosh kamera maxsus mexanizmi vositasida «qayrilib», asosiy korpusning tepasiga chiqadi.

Doogee Mix 3

Yana bir yangi taqdim etilgan smartfon – Doogee V modelidir. Bu devaysda barmoq izi datchigi xuddi iPhone X’dagi kabi «o‘yiq»li displeyning o‘ziga joylangan.

Doogee V

Shu bilan birga, Doogee kompaniyasi anjumanga o‘zi ishlab chiqqan qayrilma ekranni ham olib kelgan ekan. Bu displey kompaniyaning navbatdagi smartfonlaridan biriga qo‘yiladi.

Bulardan tashqari, Doogee kompaniyasi Barselonadagi tadbirda o‘zining ko‘plab aksessuarlarini ham namoyishga qo‘ygan. Ular orasida simsiz quloqchinlarning bir nechta modellari hamda simsiz tezkor quvvatlash stansiyasi ham bor.

Yuqoridagi yangi smartfonlarning texnik xususiyatlari va narxlari sir tutilmoqda. Ammo Doogee’ning avvalgi modellardagi ayrim telefonlarini onlayn savdo platformalari orqali xarid qilish imkoni mavjud.

O‘QING: 372 ming so‘mdan boshlanuvchi Doogee smartfonlarini AliExpress orqali xarid qiling!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!