MWC 2018’da rekord: eng romsiz smartfonni kim yasagan? (+video)

  •   DiMaX
  •  1795
  •  01.03.2018 12:56

MWC 2018’da rekord: eng romsiz smartfonni kim yasagan? (+video)

Bu yilgi Mobile World Congress ko‘rgazmasida yetakchi texnokompaniyalar bilan birga, uncha tanilmagan ishlab chiqaruvchilar ham ancha faollik ko‘rsattishmoqda. Ayniqsa, xitoylik smartfonsozlar turli ko‘rsatkichlar bo‘yicha boshqalardan ustunlikka intilayotganlarini kuzatish mumkin.

O‘QING: MWC 2018’da rekord: bu kompaniya birato‘la 15 xil smartfon olib keldi!

Anjumanda taqdim etilgan smartfonlar orasida Ulefone T2 Pro modeli esa eng romsiz dizaynli ekrani bilan jurnalistlarning e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, keyingi oylarda deyarli barcha smartfonsozlarda uchrayotgan tendensiya – ekran masalasida iPhone X dizayniga ergashish ushbu kompaniyada ham mavjud.

Ulefone T2 Pro smartfoni diagonaliga 6,7 dyuymli ekranga ega, uning tomonlari esa o‘zaro 19:9 nisbatda. Displeyning tasvir aniqligi 2258x1080 pikselni tashkil etadi, ya’ni u FHD+ formatiga ega.

Mazkur qurilmaga sakkiz yadroli MediaTek Helio P70 protsessori qo‘yilgan, gadjet 8 GB tezkor va 128 GBgacha doimiy xotiraga ega. Yana u 256 gigabaytgacha hajmli microSD formatidagi xotira kartasini qo‘llab-quvvatlaydi.

Boshqa jihatlari qatori, Ulefone T2 Pro smartfoni qo‘shaloq kamerasi bilan ham maqtansa arziydi. Uning bosh kamerasi 21 hamda 13 megapikselli sensorlarni o‘z ichiga oladi va fotochaqnoqqa ega. Selfi uchun ham zo‘r – 16 megapikselli old kamera ajratilgan.

Ulefone T2 Pro’da yana bir ilg‘or texnologiya joriy etilgan – barmoq izi skaneri ham displeyga integratsiya qilingan. Shuningdek, bu modelda dasturiy algoritmlar hisobiga ishlovchi Face Unlock – yuz skaneri ham mavjudligini kompaniyaning yana bir yutug‘idir.

Smartfon korpusi 3D-shishadan ishlangan, uning o‘lchamlari 165.9x78.3x7.7 millimetrni, vazni esa 159 grammni tashkil etadi. Akkumulyatori sig‘imdor – 5500 mA/soat bo‘lishdan tashqari, tezkor quvvatlash funksiyasiga ham ega.

Ulefone kompaniyasi mazkur devaysini Wi-Fi 801.11ac, Bluetooth 5.0 hamda NFC modullari bilan ta’minlagan. Unga Project Treble funksiyasini ham qo‘llab-quvvatlovchi Android 8.1 Oreo operatsion tizim talqini o‘rnatilgan.

Mana, mazkur modelni videoda tomosha qilamiz:

Suratlardan va videodan ham ko‘rinib turganidek, Ulefone T2 Pro hali bozorga chiqarishga tayyor emas; smartfonsoz buni yashirib ham o‘tirmayapti. Kompaniya vakillarining ta’kidlashiga ko‘ra, telefonning texnik ta’minoti hali takomillashtirishga, dasturiy ta’minoti ham yaxshilashga muhtoj. Uning savdosi joriy yilning iyul-avgust oylarida boshlanishi mumkin, smartfonga 399 AQSh dollari miqdorida narx belgilanishi aytilmoqda. Balki o‘shanda uni onlayn savdo platformalari orqali xarid qilish imkoni ham paydo bo‘lar.

O‘QING: AliExpress’dagi tovarlarga «Terabayt.uz» orqali buyurtma bering!