"Galaxy S8 kushandasi" yarim narxida taqdim qilindi

Mobile World Congress 2018 xalqaro anjumani har yilgidan ham qizg‘in tus olmoqda. Bugun Barselonaga tashrif buyurganlar arzon, romsiz ekranli Vernee Apollo 2 smartfonining rasmiy taqdimot marosimiga guvoh bo‘ldilar. Smartfon qadoqdayoq eng ilg‘or va ommabop operatsion tizim hisoblangan Android 8.1 Oreo boshqaruvida faoliyat ko‘rsatadi. Shu bilan birga, yangi devays texnik jihatdan ham bir qator ilg‘or funksiyalar bilan ta’minlangan.

Metall korpusli Vernee Apollo 2 hashamdor dizayni bilan diqqatni tortadi. Uning samarali ishlashi uchun Helio X30 protsessori tanlangan.

Vernee Apollo 2 modeliga o‘rnatilgan 5,99 dyuymli ekran Yaponiyaning Sharp kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Uning piksellar sig‘imi 2160 ga 1080 ta belgiga teng, aniqrog‘i FHD+. Ekranning tomonlar nisbati 18:9 standartli, ya’ni zamonaviy ko‘rinishda.

Vernee Apollo 2 samaradorligi 10 yadroli MediaTek Helio X30 protsessoriga bog‘langan. Uning chastota tezligi 2,6 GGs. Operativ xotira uchun 6 gigabaytli tezkor va 128 gigabaytli doimiy xotira tanlangan.

Bosh kamera qo‘sh sensorli: 16 Mp + 13 Mp kamera modullaridan tarkib topgan. Old kamera esa 8 megapikselli suratlar olishga mo‘ljallangan.

Bosh kamera qo‘sh sensorli ekani hisobiga, Vernee Apollo 2 modelining kamerasi ob’yektni 2 karralik optik yaqinlashtirish imkoniga ega. Bunda tasvir sifati tushmaydi. Shu bilan birga, foydalanuvchi bosh kamerada "portret" janrida ham ijod qilishi mumkin. Ya’ni, orqa foni g‘ira-shira qilingan yorqin suratlar olish mumkin.

USB Type-C universal porti ham quvvatlash, ham ma’lumot almashishga xizmat qiladi. Akkumulyator batareyasining elektr toki sig‘imi 4 000 mA soat va unda tezkor quvvat olish texnologiyasi tatbiq qilingan.

Old panelning 87 foiz qismi displeydan iborat. Uni himoyalash uchun ekran 2.5D shaklidagi himoya shishasi bilan qoplab olingan.

Vernee Apollo 2 smartfoni Android 8.1 Oreo tizimida ishlashi hisobiga, telefonda Project Treble funksiyasi joriy qilingan. Ya’ni, bu smartfon Android yangilanishlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri Google kompaniyasidan oladi.

Ma’lum qilinishicha, smartfon tez orada sotuvga chiqariladi. Shuningdek, uning narxi raqiblariga qaraganda ancha arzon bo‘lishi e’lon qilingan. Insayderlarning xabar berishlaricha, kompaniya Vernee Apollo 2 smartfonini 350 AQSh dollaridan sotishni reja qilgan.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!