«Nihoyasiz displeyli» Galaxy S8 va Galaxy S8+ taqdim qilindi

«Nihoyasiz displeyli» Galaxy S8 va Galaxy S8+ taqdim qilindi

Samsung kompaniyasi Nyu-Yorkda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Galaxy S8 hamda Galaxy S8+ flagman smartfonlarini rasman taqdim qildi.

Va’da qilingani va kutilganidek, Super AMOLED matritsali ekran tomonlarining nisbati 18,5: 9’ga teng. Ya’ni, smartfon bo‘yiga o‘sgan. Ekrandagi piksellar sig‘imi 2960x1440 belgini tashkil qiladi. Yuqori modelda ekran diagonali 6,2 dyuym, kichik talqinda esa 5,8 dyuymli. Har ikkala flagman qurilmalar metall va shisha uyg‘unligidagi korpus bilan ta’minlangan. Ilg‘or telefonlar Mobile HDR Premium texnologiyasiga ega jahondagi ilk smartfonlar.

Endi displeyning bir qismi «vazifa berish», «Home» va «orqaga» buyrug‘ini beradigan navigatsion sensor klavishlar paydo bo‘ladi. Multimedia ilovalarida esa bu ekran tugmalari bekinib oladi.

Bu korpuslarning dizayni “Galaxy Edge”, ya’ni ikki yonga bukik dizayndan farqli ravishda qirrali emas, bir oz silliq ko‘rinishga keltirilgan. Smartfonlardagi «Nihoyasiz displey» smartfon old panelining deyarli barcha hududini egallagan. Samsung rahbariyati sahnada turib bu chek-chegarasi yo‘q ekranning qayerda boshlanib, qayerda tugaganligini bilish qiyinligini ma’lum qildi.

Android 7.0 operatsion tizimida ishlaydigan Galaxy S8’ning old paneli boshqaruv tugmalaridan xoli bo‘lib, barmoq izlari skaneri ham orqa paneldan o‘rin egallagan. Flagmandagi bosh kamera yonida ko‘zning rangdor pardasini skaner qilish tuynugi bor. Bu biometrik identifikatsiya texnologiyasi orqali xavfsizlik tizimi faoliyatini ta’minlaydigan sensor mavjud. «Endi maxfiy so‘zlarga zarurat qolmadi. Sizning o‘zingiz tirik maxfiy parollarsiz», – dedi kompaniya rahbari sahnada. Shuningdek, smartfonlar egasining qiyofasini ham taniydi, barmoq izlarini ham tekshiruvdan o‘tkazishi mumkin.

5,8 dyuymli Galaxy S8 o‘zining “ajdodi” bo‘lmish 5,1 dyuymli Galaxy S7’dan bir oz kattaroq. Shuningdek, yangi flagman o‘lchamlari quyidagicha: 159,5 × 73,4 × 8,1 mm. Smartfon vazni 173 gramm.Samsung bu gal ham USB Type-C universal porti va 3,5 mm.li an’anaviy audio konnektorni saqlab qolgan.

Avvalgi geleksi kabi, Galaxy S8 ham IP68 standarti bo‘yicha suv hamda chang ta’siriga bardoshli korpusga ega. Ya’ni, u 1.5 metr chuqurlikdagi suv ostida yarim soat jon saqlay oladi.

Smartfonlar 2 xil modifikatsiyada: Samsung Exynos 8895 protsessori hamda Qualcomm Snapdragon 835 protsessorlarida ishlab chiqariladi. Ishlab chiqaruvchining ma’lum qilishicha, protsessor 10 nanometrli texnik jarayonda ishlaydi. Ya’ni, jahonda bu borada ilg‘or tezlikka ega. Bu protsessorlar avvalgilarga nisbatan 10% tezkor, shuningdek ulardagi videokarta grafik va tasvirlarni 21%ga tezrok qayta ishlaydi.

Galaxy S8 hamda Galaxy S8 + flagmanlarida 4 GB operativ va 64 GB doimiy ichki xotira o‘rnatilgan. Telefonlar xotirasini qo‘shimcha xotira bilan kengaytirish mumkin.

 

Mobil aloqa vositalaridagi bosh kamera 12 megapikselli, old kamera 8 megapikselli suratlar oladi.

Har ikkalasida f1.7 hajmli optik pribor o‘rnatilgan. Bu optik pribor Dual Pixel texnologiyasiga ega. Old kamera ham avtofokus funksiyasiga ega.

Galaxy S8’ning akkumulyator sig‘imi 3000 mA soat, «plyus» talqinda esa 3500 mA soat. Smartfonlar bilan birga ilg‘or texnologiya asosida Harman AKG brendi ostidagi naushniklar ham taqdim qilinadi.

Galaxy S8 kompaniyaning Bixby ovozli yordamchi tizimini qo‘llab-quvvatlaydigan ilk mobil aloqa vositasi bo‘ldi. Unga topshiriq berish uchun koorpus o‘ng biqinidagi maxsus tugmani bosish kerak bo‘ladi. Ishlab chiqaruvchining ma’lum qilishicha, bu yordamchi tizim ayni paytda smartfon bozorida mavjud raqiblari orasida eng aqllisidir. Bixby ilovalarni ochishi, egasiga joylashgan joyini aytishi, ob-havo bilan tanishtirishi mumkin. U bilan suhbat qurish ham mumkin.

Narx-navo
Samsung’ning yangi flagmanlari avvalgilariga nisbatan 100 dollarga qimmatlashgan. Samsung Galaxy S8 799 dollar, S8 Plus — 899 dollardan sotuvga chiqariladi. Ularga 30 martdan boshlab buyurtma berish mumkin. Bozorda esa smartfonlar 21 apreldan sotila boshlaydi.